Xoʻsh, poytaxtimizda, umuman, mamlakatimizda havo haroratining keskin oshib ketishiga nima sabab boʻlmoqda? Havo haroratining bunday koʻtarilishi qishloq xoʻjaligi sohasiga qanday taʼsir koʻrsatadi? Iqlim oʻzgarishlarining inson organizmiga qanday taʼsiri bor?

Iqlim oʻzgarishlarining darakchisi

— Mazkur anomal isish dunyodagi iqlim oʻzgarishining salbiy omillari taʼsirida yuzaga kelyapti, — deydi Gidrometeorologiya xizmati markazi Gidrometeorologik taʼminot boshqarmasi boshligʻi Doniyor Turgʻunov. —Bugungi kunda tabiiy va antropogen omillar, xususan, transport, elektrostansiya va sanoat korxonalari chiqarayotgan tutun, oʻrmon yongʻinlari atmosferani ifloslantirayotgani ayni haqiqat. Bu, oʻz navbatida, global iqlim oʻzgarishiga sabab boʻlyapti. Tadqiqotlar avtomobillardan chiqayotgan gaz miqdori havoda is gazi va boshqa iflos gaz konsentratsiyasi ortib borishiga sabab boʻlayotganini koʻrsatmoqda.

Shu yilning 8-iyunidan yurtimizdan issiq havo oqimi chekindi. Uning oʻrniga nisbatan nam havo oqimi kirib keldi. Bu oqimlar havo haroratining meʼyorlashuviga olib keldi. Keyingi kunlarda mamlakatimiz hududiga issiq havo oqimi kirib kelmaydi. Faqat janubiy viloyatlar va choʻllarda harorat +40 darajadan biroz koʻtariladi.

“Oʻzgidromet” qisqa, oʻrta va uzoq muddatli ob-havo prognozlarini ishlab chiqadi. Uzoq muddatli prognozlar aynan muayyan kun uchun ob-havo maʼlumotini bermaydi. Qisqa muddatli prognozlar ertangi, oʻrta muddatlisi esa keyingi 5 kunlik ob-havo haqida taxmindir. Bu tashkilot, shuningdek, issiq ob-havoning salbiy taʼsiri oldini olish uchun tavsiya berish vakolatiga ega emas. Ammo kutilayotgan issiq va sovuq anomal ob-havo, sel, toshqin hodisalari, shiddatli jala va doʻl, kuchli shamol va qor koʻchkisi xavfidan ogohlantirish koʻrinishidagi prognoz xabarlarni muntazam berib boradi. Bu haqda tegishli tashkilotlarni oldindan xabardor etadi.

Jazirama gʻoʻzani stressga tushirdi

— Har bir qishloq xoʻjaligi ekinining oʻsishi va rivojlanishi uchun muayyan havo harorati talab etiladi. Koʻpgina ekinlar uchun eng maqbul harorat +20 +25oS ni tashkil etadi, — deydi Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor Shuhrat Abdualimov. — Lekin bugungi kunda kuzgi bugʻdoy pishish davrida boʻlgani uchun boshoqli don ekinlariga joriy yil 3–7-iyun kunlari kuzatilgan anomal issiq harorat deyarli salbiy taʼsir etmadi. Aksincha, rivoji kechikayotgan bugʻdoylarning pishib yetilishini tezlashtirdi.

Bugungi kunda respublikamizning asosiy maydonlarida gʻoʻza parvarishlanmoqda. Unga jazirama issiqning taʼsirini baholashdan oldin ekinning biologik xususiyatlariga toʻxtalib oʻtish joiz. Gʻoʻzaning oʻsishi va rivojlanishi uchun eng maqbul havo harorati +25-30oS hisoblanadi. Agar havo harorati +37-38oS dan oshsa, gʻoʻza toʻqimalarini qizdirib yuboradi, oʻsishi va rivojlanishini sekinlatadi. Agar +40° va undan yuqori harorat kuzatilsa, gʻoʻza oʻsimligiga qattiq salbiy taʼsir qiladi. U oʻsish va rivojlanishdan toʻxtaydi. Bunday holatda oʻsimlik oʻzining himoya tizimini ishga tushiradi. Shuning uchun yozning jazirama paytida gʻoʻza koʻpincha tungi salqinda, yaʼni kunduzgi issiq qaytgan vaqtda oʻsadi, rivojlanadi, hosilga kuch toʻplaydi.

Bu yil anomal issiq harorat kuzatilayotgan paytda gʻoʻza ekini yurtimizda shonalash va ommaviy shonalash davrida rivojlanayotgan, janubiy viloyatlarda gul ochgan edi. Ushbu qisqa muddatli jazirama kunlari gʻoʻza ekini biroz stress holatga tushgani, oʻsishi va rivojlanishi susaygani kuzatilgan boʻlsa-da, hosil toʻplashi, oʻsishida keskin yomonlashish holatiga olib kelmadi. Lekin ushbu stress oqibatlarini bartaraf etish uchun agrotexnik tadbirlar, jumladan, gʻoʻzaga stimulyatorlar bilan ishlov berish, mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantirish, qator oralarini yumshatish, yengil sugʻorish kabi yumushlarni bajarish talab etiladi. Ayniqsa, gʻoʻzada kuchli stress kuzatilgan joylarda taʼsir etuvchi moddasi aminokislotalardan iborat boʻlgan aminozol stimulyatori bilan ishlov berish ijobiy natija beradi va stress holatni yumshatib, gʻoʻzaning maqbul holatda rivojlanishiga qulay sharoit yaratib beradi.

Kuzatilgan jaziramaning baʼzi ijobiy jihatlari ham boʻldi. Jumladan, u gʻoʻzada keng tarqalgan shira, trips, gʻoʻza tunlami kabi zararli hasharotlarning tuxumi nobud boʻlishiga yoki koʻpayish uchun tuxum qoʻymasligiga olib keldi. Bu esa ushbu zararkunandalarning salbiy taʼsirini kamaytirdi.

Turli rivojlanish davrida parvarishlanayotgan boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlari, jumladan, sabzavot va poliz ekinlari, mevali bogʻlar va boshqa ekinlarga yuqoridagi qisqa muddatli anomal issiq havo harorati sezilarli salbiy taʼsir etmaganini taʼkidlash lozim.

Issiq bizga qanday taʼsir koʻrsatadi?

— Kuchli issiq oftob urishiga olib kelishi mumkin, — deydi Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-ichki kasalliklar kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori Nargiza Nurillayeva. — Bundan tashqari, yuqori havo harorati ichki organlar faoliyatiga salbiy tasir qiladi. — Suvsizlanish, bosh aylanishi, koʻngil aynishi, isitma, yurak urishining tezlashishi xavfi oshadi, baʼzi hollarda hushdan ketish va tirishishlar paydo boʻladi. Bu, ayniqsa, yurak-qon tomir, asab, qon va buyrak xastaliklari, qandli diabet va boshqa jiddiy kasalliklarga chalingan odamlar uchun juda xavflidir. Bunday paytda dori-darmon qabul qilishni toʻxtatmaslik tavsiya etiladi, lozim boʻlsa, shifokor bilan maslahatlashish maqsadga muvofiq.

Haddan tashqari issiq kuzatilayotgan paytda yuragi xasta insonlarda yurak urishi tezlashadi, qon bosimi koʻtariladi, periferik qon tomirlar kengayadi, oyoqlar shishadi. Bunday hollarda kuchli jismoniy faollik tavsiya etilmaydi. Jismoniy faollikni minimal darajaga tushirish zarur. Masalan, egilib yoki boshni egib ishlash mumkin emas. Bunday holatlarda bosh miyada qon aylanishi buziladi. Qon bosimining keskin koʻtarilishi, hushning yoʻqotilishi va insult xavfini yuzaga keltiradi. Agar nafas siqilishi, yurak urishidagi oʻzgarishlar, holsizlik, bosh aylanishi yoki undan ham xavflisi — koʻkrak qafasida ogʻriq paydo boʻlsa, darhol har qanday jismoniy faoliyatni toʻxtatish kerak.

Issiqdan qochib juda sovuq suvga tushish ham zararli. Yurak-qon tomir kasalligi bilan ogʻrigan bemorlar uchun issiq suvga tushish ham juda xavflidir. Bu qoʻshimcha vazospazmga va shunga mos ravishda nostabil stenokardiya yoki miokard infarktiga olib kelishi mumkin.

Yuqoridagi patologik holatlar koronavirus infeksiyasining asosiy asoratlari hisoblanadi. Shuning uchun pandemiya paytida ob-havoning isishi bizni hushyorroq boʻlishga, niqob taqishga, masofani saqlashga, qoʻl berib koʻrishmaslikka, suyuqlik ichishga va sababsiz koʻchaga chiqmaslikka undaydi.

Issiqda suvsizlanishning oldini olish uchun koʻproq toza suv ichish zarur. Suvning asosiy qismini sogʻlom odamlar kechqurun va ertalab ichgani maʼqul. Bu vaqtda organizm toʻqimalarda namlikni saqlash qobiliyatiga ega boʻladi. Issiq havoda ozroq suv ichish, muzqaymoq yoki sabzavot va meva, masalan, pomidor, tarvuz, bodring isteʼmol qilish maqsadga muvofiq. Issiq kunlarda faqat suv ichish yetarli emas, tarkibida kaliy, kalsiy va magniy boʻlgan mineral suvdan foydalanish afzalroq. Chunki oʻta issiq ob-havo nafaqat tananing suvsizlanishiga, balki ter bilan birga tuzlarning chiqib ketishiga ham sabab boʻladi. Ushbu tuzlar organizmga kerak, shuning uchun ularning oʻrnini toʻldirish lozim.

Shirin gazlangan ichimliklar, limonad ichish tavsiya etilmaydi. Chunki ular buyrak va jigar faoliyati buzilishiga olib keladi. Barcha organlarning normal ishlashini taminlash uchun yotishdan oldin qiyin hazm boʻladigan ovqatlar yeyishdan voz kechish kerak. Ularni hazm qilish tana harorati koʻtarilishiga olib keladi va terlashni kuchaytiradi.

Anomal issiq paytida sovuq suvga shoʻngʻish tavsiya etilmaydi. Tana haroratining keskin pasayishi yurak-qon tomir spazmini keltirib chiqarishi mumkin. Hovuzga sakrashdan oldin soyada salqinlab olish lozim. Muzli dushdan ham voz kechish kerak, qon tomirlari sovuq suvdan torayib, keyin yana-da kengayadi. Issiq ob-havoda iliq dush qabul qilish yaxshiroqdir, shundan keyin tana harorati avvalgidan pastlashi seziladi. Immunitetning pasayishi fonida sovuq suv ichish, tana haroratining keskin oʻzgarishi pnevmoniya, oʻtkir bronxit yoki surunkali oʻpka kasalliklari rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

Juda issiq ob-havo inson organizmiga zararlidir. Chunki bu vaqtda quyosh faolligining kuchayishi kuzatiladi. Shu sababli, barcha ehtiyot choralariga rioya qilgan holda, quyoshdan saqlanish va bosh kiyim kiyib yurish tavsiya etiladi. Haddan tashqari issiqda sharfingizni namlashingiz va u bilan boshingizni oʻrashingiz mumkin. Issiq kunlarda ultrabinafsha nurlanish darajasi oshadi, shuning uchun tanani quyosh nuridan saqlovchi krem surtish va quyoshdan saqlovchi koʻzoynak taqish kerak.

Paxta va chitdan tikilgan liboslarni kiyish kerak, ular namlikning bugʻlanishiga toʻsqinlik qilmaydi. Sintetik matolar issiqlik uzatilishiga toʻsqinlik qiladi va terining “nafas olishi”ni qiyinlashtiradi. Bundan tashqari, issiq ob-havo sharoitida yuzga surtadigan krem va upadan foydalanmagan maʼqul. Ular teri teshiklarini yopadi va “nafas olishi”ga xalal beradi.

Anomal issiq ob-havo — chekish va spirtli ichimlik ichishni tashlash uchun eng qulay vaqt. Chunki issiq paytda alkogolli ichimliklar ichish qatʼiyan man etiladi. Bunday ob-havo sharoitida chekish kashandalarning oʻzi hamda atrofdagilarning sogʻligʻi uchun juda zararlidir.

Oʻta issiq havo harorati kuzatiladigan kunlarda, ayniqsa, barcha bemorlarga shifokor koʻrsatmasiga rioya qilish, bolalarni nurlanishdan va qariyalarni suvsizlanishdan, shuningdek, oʻzingizni va oila azolaringizni yuqumli va virusli kasalliklardan himoya qilish tavsiya etiladi.

Shahzod GʻAFFOROV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri