Mamlakatimizga “hindcha” shtamm ham kirib keldimi?

    Salomatlik 24 Iyun 2021 3037

    Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali Oʻzbekistonda ilk bor koronavirusning “hindcha” shtammi aniqlangani toʻgʻrisida bildirilayotgan shu kabi fikrlar va savollarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari oʻrinbosari Nurmat Otabekov munosabat bildirdi:

    – Darhaqiqat, bugun yurtimiz ommaviy axborot vositalari va internet saytlarida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan berilgan maʼlumot – yaʼni vazirlik huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazida koronavirusning “hindcha” shtammi aniqlangani toʻgʻrisida xabarlar berildi, – deydi N.Otabekov SSV Matbuot xizmatiga bergan intervyusida. – Aslida yurtimiz aholisi Oʻzbekiston hududiga koronavirusning yangi shtammi kirib keladigan boʻlsa, bunga jiddiy eʼtibor berishga odatlanib qoldi. Eslasak, bundan avval mamlakatimizda “COVID-19”ning “britancha” shtammi ilk bor aniqlanganda ham aynan mana shunday munosabatlar, shu kabi shov-shuvlarning guvohi boʻlganmiz.

    Aslida butun Yer yuzidagi murakkab pandemiya sharoitida bu narsani toʻgʻri va normal holat sifatida qabul qilish lozim. Dunyo miqyosida koronavirusni ilmiy izlanishlar maqsadida doimiy kuzatib borayotgan ilgʻor laboratoriyalar mutaxassislari bergan maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda “COVID-19” kasalligining 5000 ta, ayrim soha vakillarining fikricha esa 7000 dan koʻproq mutatsiyaga uchragan shtammlari paydo boʻlgan. Mutatsiyaga uchragan shtammlar faqat kasallikning tarqalish tezligi, uni yuqtirib olgan odamlarda yengil yoki ogʻir oʻtishi, yosh toifasida farq boʻlishi mumkin.

    Aytish mumkinki, aslida koronavirusning mutatsiyaga uchragan va uchramagan hamma shtammlarining eng asosiy mikroorganizmi “COVID-19” shtammi boʻlganligi va ushbu shtamm bilan chaqirilgan kasallikning klinik belgilari, laboratoriya tashxisi, profilaktikasi, oldini olish choralari, vaksinalardan foydalanib, himoyalanish darajasi bir xil boʻlgani uchun ularning chuqur etimiologik omilini aniqlash va qanday virus ekanligini oxirigacha tekshirib borishga ehtiyoj yoʻq.

    Ilgʻor texnologiyalar markazida koronavirusning “hindcha” shtammi aniqlangani toʻgʻrisidagi xabarga kelsak, dastlabki laboratoriya tekshiruvi natijalari ushbu taxminni katta ehtimol bilan tasdiqlamoqda. Ammo toʻgʻri xulosaga kelish uchun yakuniy tahlillarni toʻliq oʻrganib chiqish kerak boʻladi.