Bir necha yildan beri  elimiz ardog'idagi san'atkor, O'zbekiston xalq hofizi, "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni sohibi Ma'murjon Uzoqov xotirasiga bag'ishlab qo'shiqlar ko'rik-tanlovi o'tkazilib kelinmoqda.

Joriy yilning 12-oktyabr kuni ko'rik-tanlovining hududiy bosqich g'oliblari erta tongdan ustozni xotirlash, ularning xaqlariga duo qilish maqsadida, u yashab ijod qilgan xonadonda bo'lishdi. 

Ishtirokchilarni ustozning farzandlari Hasanboy Uzoqov hamda Zuhraxon Uzoqovalar ota xonadonida katta mamnuniyat bilan kutib oldilar. Shu kunning o'zida ishtirokchilar marhum ustoz dafn etilgan Marg'ilon shahridagi Mash'ad qabristonida ustoz qabrini ham ziyorat qildilar.

SHundan so'ng tanlov ishtirokchilari Farg'ona shahrida joylashgan Islom Karimov nomidagi teatr va kontsert saroyida ko'rik-tanlovning viloyat bosqichida o'zaro kuch sinashdi.

Ko'rik-tanlovda viloyatning barcha shahar-tumanlarida o'tkazilgan hududiy bosqich g'oliblari sanalgan 30 nafar ishtirokchidan 6 nafari  respublika bosqichiga yo'llanmani qo'lga kiritdilar.

Tanlov g'oliblariga diplom va qimmatbaho esdalik sovg'alari topshirildi.

Mazkur tanlovning Respublika bosqichi Farg'ona viloyatida o'tkazilishi rejalashtirilgan.