Yoshlarning bilim va saviyasini oshirish, dunyoqarashini kengaytirish, iqtidorli talabalarni faol qo‘llab-quvvatlash maqsadida oliy ta’lim muassasalarida bir qator tanlovlar, sport musobaqalari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Bu ishlarning barchasi shu paytga qadar shakllantirilgan mavjud tizim va mexanizmlar doirasida tashkil etilmoqda. Qolaversa, ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ishlarning samaradorligi, ta’sirchanligi, zamonaviyligi jihatidan o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Shunday bo‘lsa-da, bugungi globallashuv va tezkor axborot asrida, mamlakatimizdagi demokratik islohotlarga hamohang so‘z erkinligi tufayli ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rni keskin faollashdi. Bunday pallada yoshlarning ta’lim-tarbiyasi borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish ehtiyoji paydo bo‘ldi. Albatta, bunday murakkab vaziyatda ishlash, natijaga erishish uchun, eng avvalo, sharoit va yuqori malakali kadrlar kerak.
Yaqin yillargacha oliy ta’lim muassasasida psixolog, tarbiyachi-pedagog, dekan o‘rinbosarlari, tyutorlar faoliyati to‘laqonli yo‘lga qo‘yilmagan edi. Borlari ham jamoatchilik asosida ishlardi. Hozir 3 mingdan ortiq yangi tyutorlik o‘rni mavjud. Natijada yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektorlar samarali faoliyat ko‘rsatish uchun tayanadigan zarur kuch va salohiyatga ega kadrlar, mutaxassislar armiyasi paydo bo‘ldi. Bundan tashqari, har bir oliy ta’lim muassasasida alohida psixologlar, talabalar turar joylarida tarbiyachi-pedagoglar, fakultetlarda dekan o‘rinbosarlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Oliy ta’lim muassasalarida jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda talabalar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasining samarali tizimini joriy etish maqsadida aksariyat oliy ta’lim muassasalarida shartnoma asosida profilaktika inspektori lavozimi joriy etildi. Shuningdek, yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektorlarga birinchi prorektor maqomi berildi. Bir so‘z bilan aytganda, sohani boshqarish hamda faoliyatni muvofiqlashtirish uchun katta jamoa shakllantirildi va har bir talaba bilan individual ishlash mexanizmi yaratildi.
Endi yaratilgan sharoitga mos ravishda yoshlar ta’lim-tarbiyasi borasidagi ishlarni yagona tizim va mexanizmlar asosida tashkil etish lozim. Buning uchun sohadagi dolzarb vazifalar, muammolar va ularning yechimiga alohida to‘xtalish o‘rinlidir. Zotan, keyingi paytlarda talabalar bilan bog‘liq yuzaga kelayotgan holatlar oldimizda hal etilishi zarur bo‘lgan masalalar turganini ko‘rsatmoqda.
Birinchidan, oliy ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan biryoqlama, zerikarli va “qolipga solingan” an’anaviy ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bugungi kunda o‘zini oqlamayotgani tobora ravshanlashib bormoqda. Mazkur tadbirlarning talabalarni qamrab olish darajasi juda past va har doim bir xil kontingentni ko‘rish mumkin. Shu bois, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish majburiy emas, balki talabalarning xohish-istaklariga hamohang, qiziqishlariga mos bo‘lishiga alohida e’tibor qaratish muhim.
Ta’lim sifatini oshirishda ham talabalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi kerak. Zamon talablariga mos bo‘lmagan fan yoki sifatsiz dars beradigan o‘qituvchi yoxud dars sifatidan qoniqmaydigan talaba mavjud ekan, ta’limdan ham, tarbiyadan ham natija kutish mantiqsizlikdir. Shuning uchun oliy ta’lim muassasasida talabalarning muammolarini doimiy o‘rganadigan va bartaraf etib boradigan tizimni yo‘lga qo‘yish maqsadida yoshlarning muassasa faoliyati bo‘yicha bildirgan xolis munosabatlarini (feedback dasturi) umumlashtirish asosida bajarilishi shart bo‘lgan “Muammolarni bartaraf etish dasturini”ni ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadga muvofiq. Bu borada xorij tajribasi sifatida har bir kurs vakillaridan tashkil topgan “Kurs qo‘mitalari” (Course committees) faoliyatini tashkil etish ham samara beradi.
Natijada oliy ta’lim muassasasining o‘z rivojlanish strategiyasini yoshlar istaklari bilan hamohang belgilashi, ularning muammolarini muntazam o‘rganishi, ta’lim yo‘nalishi uchun maqsadli, samarali, ta’sirchan va foydali ishlar ko‘lami kengayishi, talabalarning o‘quv yurtida nofaol iste’molchilar emas, balki faol ishtirokchi sifatida namoyon bo‘lishiga erishiladi.
Ikkinchidan, aslida ma’naviy-ma’rifiy sohadagi eng katta muammo soha qamrovining kengligi, tarbiya metodikasining mavhumligi va tarbiyaviy ishlar samaradorligini baholashning ilmiy asoslangan mezon va ko‘rsatkichlari mavjud emasligidadir. Oliy ta’lim muassasalaridagi ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etishga mas’ul xodimlarning ko‘pincha ishni xo‘jako‘rsinga tashkil etishi, tadbirlarni hisobot uchun nomigagina o‘tkazishi oqibatida natijadorlikka erishish ikkinchi darajaga tushib qolmoqda.
Ma’naviy-ma’rifiy soha qamrovi keng olingani, yuqori turuvchi tashkilotlar tomonidan takroriy yoki son jihatdan ko‘p topshiriqlarning berilishi, talabalarning xohishi inobatga olinmasdan majburiy tadbirlarga jalb qilinishi, sohada aniq chegara va yagona ish dasturining mavjud emasligi ishlarni tizimli tashkil etishga imkon bermayapti. Aslida mana shunday kamchiliklar, nomigagina o‘tkazilayotgan tadbirlar va ularning yoshlar ehtiyoji, qiziqishidan kelib chiqib tashkil etilmayotgani farzandlarimizning ma’naviyat tushunchasidan bezib qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Har bir oliy ta’lim muassasasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini baholashning ilmiy asoslangan mezon va ko‘rsatkichlari ishlab chiqilishi muhim. Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ul xodimlar va professor-o‘qituvchilar faoliyati samaradorligini oshirish, ularni sohaga oid yangiliklardan xabardorligi, chet tillarni bilishi, AKT savodxonligi, ijtimoiy tarmoqlar va OAVdagi faolligi, notiqlik qobiliyati, ijtimoiy-siyosiy voqeliklarga nisbatan asosli munosabat bildira olishi kabi muhim mezonlar bilan birga ma’naviy-ma’rifiy ishlari natijadorligi ko‘rsatkichlariga ko‘ra, baholash lozim. Qolaversa, shu asosda ularga daraja, maqom berish, rag‘batlantirib borish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq. Shunda sohadagi har bir mutaxassis o‘z vazifasini samarali bajarishga harakat qiladi, aniq natijaga intiladi.
Xorij tajribasiga ko‘ra, har bir talabaning o‘qish davridagi ijtimoiy faolligi baholab boriladi va bu bitiruvchining portfoliosida ham o‘z aksini topadi. Eng muhimi, bitiruvchining ijtimoiy faolligi aks etgan portfoliosi ish beruvchilar tomonidan ham inobatga olinadi va qadrlanadi. Ushbu masala bo‘yicha ham kerakli huquqiy hujjatni qabul qilish zarurati mavjud.
Uchinchidan, talabalar kontingentining oshib ketgani oliy ta’lim muassasalarida o‘quv auditoriyalari yetishmasligini keltirib chiqardi. Hozir deyarli barcha davlat oliy ta’lim muassasasi ikki smenali o‘qishga o‘tgan. Natijada qo‘shimcha auditoriyalar yaratish hisobiga OTMlarda talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga ko‘maklashuvchi ma’naviy-ma’rifiy makonlar (sport inshootlari, kutubxona, madaniyat maskanlari, mediamarkaz, ma’naviyat xonalari) kamayib bormoqda.
Talabani ta’lim bilan band qilish bir kunda bor-yo‘g‘i 4,5 soat (3 para)ni tashkil etmoqda. Aksariyat talabalarning faol vaqti deyarli samarasiz ishga sarflanyapti. Yigit-qizlar eng ko‘p vaqtini o‘tkazadigan talabalar turar joyidagi madaniy sharoit, bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish uchun jozibador maskanlar kamayib ketmoqda. Buning asosiy sababi aksariyat talabalar turar joyi eski tipda qurilgan bo‘lib, joriy ta’mirlangan. Talabaning dars tayyorlashi, qo‘shimcha madaniy va sport-sog‘lomlashtirish ishlari bilan shug‘ullanishi uchun xonalar kamlik qiladi. Mavjudlari ham ehtiyoj ortgani sababli turar joy xonalariga aylantirilgan.
Tahlillarga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalarida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qiladigan maskanlar (sport inshootlari, madaniyat muassasalari)ning jami kunlik sig‘imi 150 mingga yaqin talabaga mo‘ljallangan. Muayyan sabablarga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalarining 10 tasida sport zali, 11 tasida madaniyat maskani va faollar zali mavjud emas.
Kutubxona va kompyuter xonalariga ega bo‘lmagan oliy ta’lim muassasalarida esa ma’naviy-ma’rifiy ishlarni samarali tashkil etish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Yuqoridagi holatlar bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida talabalar bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun madaniy sharoitlarni yanada yaxshilash zaruratini anglatmoqda.
To‘rtinchidan, ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlar olayotgan axborotning mazmuni, saviyasiga nisbatan ortda qolyapmiz. Bugun aynan ijtimoiy tarmoqlar katta minbarga aylangani, yoshlarni shu minbarga chiqayotganlar tarbiyalayotganini hisobga olishimiz kerak. Albatta, OTMlar tomonidan faollar zalida 100-200 talaba uchun o‘tkazilgan tadbir bilan ijtimoiy tarmoqlarning 100 minglab yoshlarimiz ongu shuuriga ta’sirini taqqoslab bo‘lmaydi.
Agar ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan axborotning yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sirini puxta o‘rganmasak, bu jarayondan ortda qolsak, ma’naviy-ma’rifiy sohada sezilarli bo‘shliq yuzaga kelishi ehtimoli katta. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarning yoshlarga ta’sirini jiddiy o‘rganish, tahlil va tadqiq qilish, shu asosda auditoriyalarda tashkil etiladigan eski shakldagi, yetarli samara bermaydigan, quruq ma’ruzabozlikdan iborat tadbirlarga barham berish vaqti keldi. Ular o‘rniga ijtimoiy tarmoqlarni muttasil kuzatib boradigan, axborotlarni tahlil qiladigan, zarur hollarda tegishli axborotga tezkor munosabat bildirish ko‘nikmasiga ega malakali mutaxassislar ishtirokidagi davra suhbatlari, brifing, press-klub, ochiq muloqot shaklidagi zamonaviy tadbirlarga e’tibor qaratish lozim.
Beshinchidan, talabalarni OTMga kelgan kunidan tanlagan o‘quv yurtidan faxrlanishga o‘rgatish, sog‘lom muhit yaratish, talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasida samimiy munosabat o‘rnatish, “ustoz”, “oliy ta’lim muassasasi talabasi” degan yuksak maqomga har tomonlama munosib bo‘lish, mas’uliyat bilan o‘zida yuksak axloqiy sifatni namoyon etishiga erishish muhim masalalar sirasiga kiradi.
Bu an’ana ilg‘or xorijiy davlatlar ta’lim tizimida samara bermoqda. Masalan, Garvard universitetida talaba o‘qishga kirgach, unga “Sharaf kodeksi” taqdim etiladi. Bunga o‘xshash misollarni ko‘plab keltirish mumkin. U yerda universitetning nufuzi, faxriy bitiruvchilari va muhit bilan birga talaba uchun qo‘yiladigan majburiyatlar ko‘rsatiladi. Talaba shu kodeksga rioya qilishga yozma rozilik bildiradi. Oliy ta’lim muassasalarida qabul qilinadigan “Odob-axloq kodeksi” ana shunday qimmatli hujjatga aylantirilishi lozim.
Oltinchidan, so‘nggi paytlarda OTMlarda kuzatilayotgan noxush holatlar, suiqasd bilan bog‘liq fojialarning oldini olish uchun talabalarning ruhiy-psixologik holatini baholash, ularning muammosiga tashxis qo‘yish hamda shu asosda zarur psixodiagnostika, davolash-profilaktika ishlarini yo‘lga qo‘yishimiz zarur.
Yettinchidan, talabalar va o‘quvchilarning ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasi borasidagi mavjud muammolarni o‘rganadigan, tahlil qiladigan va ilmiy asoslangan zamonaviy targ‘ibot metodlarini, shu asosda soha mutasaddilari uchun zarur uslubiy tavsiyalar ishlab chiqadigan, oliy ta’lim tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beradigan “aql markazlari” faoliyatiga zarurat sezilmoqda.
Bugun har bir oliy ta’lim muassasasida talabalarni erkin fikrlash, ijodkorligini namoyon qilish, dunyoqarashini mustaqil kengaytirishga xizmat qiladigan ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-ijodiy muhitni yaratish, xorijiy tajriba asosida tarbiyaning zamonaviy shakl va uslublarini amaliyotga joriy etish, sifat va samaradorlikka alohida urg‘u bersakkina ko‘zlangan maqsadlarga erishishimiz mumkin.
Ushbu masalalarning samarali yo‘lga qo‘yilishi pirovard natijada o‘ta xavfli bo‘lgan turli illatlar — “ommaviy madaniyat”, OITS va giyohvandlik, odam savdosi, korrupsiya, missionerlik va prozelitizm, ekstremizm va terrorizm, jinoyatchilik va huquqbuzarlik, axloqsizlik, turli yot g‘oyalar va axborot xurujlariga qarshi kurashish orqali yoshlar hayotini, taqdirini, kelajagini to‘g‘ri o‘zanga burishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ma’naviyatning, ma’naviy tarbiyaning muhimligi ham, targ‘ibotni zamonaviy shakl va uslublarda tashkil etishning zarurati ham, bugungi globallashuv sharoitidagi dolzarbligi ham aynan shu xavf-xatarlarning mavjudligi va unga qarshi kurash vositalarining ahamiyati yuqori ekani bilan belgilanadi.
Laziz MINGISHOV,
oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi
ma’naviy-ma’rifiy ishlar boshqarmasi boshlig‘i