Prezidentimiz 2019-yil 29-30-mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida “Yetti pir” haqida kitob yaratish, xojagon-naqshbandiya tariqati merosini oʻrganish boʻyicha bir qator vazifalarni belgilab bergan edi. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-maydagi farmoyishi bilan tasdiqlangan “2020-yilda Buxoro shahrining “Islom olami madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilinishi munosabati bilan amalga oshiriladigan tashkiliy-amaliy, madaniy-maʼrifiy tadbirlar dasturi — “Yoʻl xaritasi” tasdiqlangan.
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, sharqshunos-manbashunos, tasavvufshunos,
islomshunos Komiljon RAHIMOV birinchilardan boʻlib xojagon-naqshbandiya tariqati, Abduxoliq Gʻijduvoniydan Bahouddin Naqshbandgacha boʻlgan ilk yetti pirning hayoti va faoliyati, taʼlimoti va asosiy gʻoyalariga bagʻishlangan bir necha kitoblar nashr qildi. Uning naqshbandiya pirlariga oid kitoblari Turkiya, Rossiya, Tojikiston, Qozogʻiston, Ozarbayjon va Iordaniyada chop etildi. Yosh olim bilan suhbatimiz xojagon-naqshbandiya tariqati va bu borada Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosining amaliy natijalariga bagʻishlandi.
— Dastlab xojagon-naqshbandiya tariqatiga qanday asos solingani haqida soʻzlab bersangiz.
— Xojagon tariqatining asoschisi Xojai Jahon — Xoja Abduxoliq Gʻijduvoniy hazratlari ona yurtimizning maʼnaviy, madaniy rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan ulugʻ allomalardan. U zoti sharif 1103-yil Buxoroyi sharifning Gʻijduvon tumanida tavallud topib, 1179-yil shu zaminda vafot etgan. Alloma tomonidan dastlab “xojagon” nomi bilan asos solingan, XIV asrdan boshlab — Bahouddin Naqshbanddan (1318-1389) keyin “naqshbandiya” nomi bilan keng tanila boshlagan xojagon-naqshbandiya tariqati islom olamida vujudga kelgan ilk soʻfiylik tariqatlaridan biri hisoblanadi. U aksariyat tariqatlardan farqli ravishda, paydo boʻlgan vatani — Oʻrta Osiyodan boshqa koʻpgina oʻlkalarda ham tarqalgan. Soʻfiylik tariqatlari orasida birinchilardan boʻlib tarkidunyochilikka qarshi chiqib, ijtimoiy faol turmush tarzini targʻib qildi.
Xojagon-naqshbandiya tariqati tarkidunyochilik qilmay, bu dunyo ishlaridan oshkor qoʻl silkimay turib ham, musulmon olamida tasavvufning juda keng aholi qatlamlari orasiga kirib borishini taʼminlagan. Bahouddin Naqshband ilgari surgan “dil ba yoru —
dast ba kor”, yaʼni “koʻngling Xudoda, qoʻling ishda boʻlsin”, degan ezgu shior zamirida umuminsoniy gʻoyalar, maʼnaviy kamolot, botiniy poklik ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Bahouddin Naqshband hayotligidayoq bu tariqat mavqei koʻtarilib, dunyo boʻylab yoyilib bordi. Taʼlimot zamon talablariga mosligi, barchaga xosligi sababli oddiy xalqqa ham, hukmron sinf vakillariga ham maʼqul edi. Xojagon-naqshbandiya tariqati keng yoyilib, koʻplab tarkidunyochi qalandar va darveshlar oʻz mehnati bilan kun koʻrishga kirishdi va ijtimoiy faol hayotga qaytdi. Ular kasb-korni tark etmasdan turib ham Haq taolo maʼrifatiga erishish mumkinligini anglab yetdi.
Ana shunday yuksak maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyati bois, bu taʼlimot Bahouddin Naqshband vafotidan keyin yanada keng yoyildi. XV asrda Xoja Ahror Valiy (1404-1490) ushbu tariqatning eng yirik rahnamosi sifatida maydonga chiqdi. Xojagon-naqshbandiya taʼlimoti adabiyot rivojida ham muhim oʻrin tutdi. Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab, Soʻfi Olloyor kabi shoirlar ham naqshbandiya tariqatida edi. Ular ijodida naqshbandiya gʻoyalari keng va atroflicha targʻib etilgan.
— Bahouddin Naqshband va boshqa tasavvuf namoyandalarining hayoti, faoliyati va merosini oʻrganish borasida soʻnggi yillarda olib borilgan ishlar haqida toʻxtalib oʻtsangiz.
— Soʻnggi yillarida yurtimizda maʼnaviy-maʼrifiy qadriyatlarning tiklanishi, ulugʻ allomalar hayoti, ijodi, merosini oʻrganish jarayonida xojagon-naqshbandiya taʼlimotini tadqiq va targʻib etishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xoja Abduxoliq Gʻijduvoniy, Xoja Orif Revgariy, Xoja Mahmud Anjirfagʻnaviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Muhammad Boboi Samosiy, Sayyid Amir Kulol, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, Maxdumi Aʼzam va boshqa soʻfiy allomalar mangu qoʻnim topgan qadamjolar obod etilib, butunlay yangi qiyofaga kirdi.
Buxoroda Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi faoliyat yurityapti. Ushbu markaz tashabbusi bilan 2018-yildan buyon “Naqshbandiya” ilmiy-irfoniy, adabiy-maʼrifiy jurnali nashr etib kelinadi. Anʼanaviy tarzda Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazida har yili sentyabr oyi uchinchi juma kuni Respublika naqshbandxonlik ilmiy-amaliy anjumani oʻtkaziladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 15-iyun kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan “Ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash — davr talabi” mavzusidagi anjumanda soʻzlagan nutqida mamlakatimizning deyarli barcha hududlarida dinimiz ravnaqi yoʻlida beqiyos xizmat qilgan aziz-avliyolar, alloma zotlar xotirasiga barpo etilgan yodgorlik majmualari, ilmiy markazlar faoliyat koʻrsatayotganini eslatar ekan, ular qoshida islom dinining alohida yoʻnalishlari boʻyicha ilm olish, mutaxassis boʻlishga tayyorlab boradigan ilmiy maktablar tashkil qilishni taklif etdi.
2017-yil 8-noyabrda Samarqand viloyatida hadis va kalom ilmiy maktablari, oʻsha yilning 10-noyabr kuni Qashqadaryo viloyatida aqida ilmi maktabi va Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi huzurida Bahouddin Naqshband tasavvuf ilmiy maktabi hamda 13-noyabr kuni Fargʻona viloyatida islom huquqi maktabi ish boshladi. Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi huzurida ish boshlagan Bahouddin Naqshband tasavvuf ilmiy maktabida tinglovchilarga asosan naqshbandiya taʼlimoti oʻrgatiladi. Shuningdek, yurtimizdan yetishib chiqqan va mamlakatimiz tarixida oʻziga xos ijtimoiy-madaniy ahamiyat kasb etgan yassaviya, kubraviya hamda qodiriya tariqatlari oʻrganilishiga katta eʼtibor qaratiladi.
— Manbalarda Bahouddin Naqshband, uning taʼlimoti xususida naqshbandiy shayxlar toʻgʻrisida talay asarlar yozib qoldirilgani qayd etilgan. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar xazinasida saqlanayotgan ana shunday manbalar va ularni tadqiq etish borasidagi ishlar haqida nimalar deya olasiz?
— Institutimiz qoʻlyozmalar xazinasida xojagon-naqshbandiya tariqati tarixi va taʼlimotiga doir ikki yuzdan ortiq qadimiy yozma manbalar saqlanadi. Jumladan, Saloh ibn Muborak Buxoriyning “Anis ut-tolibin va uddat as-solikin” (Toliblar doʻsti va soliklar ozugʻi) asarida Bahouddin Naqshbandning hayot tarzi, kashfu karomatlari va purhikmat soʻzlaridan namunalar berilgan. Shu muallifning
4 qismdan iborat “Manoqibi Xoja Bahouddin Naqshband” (Xoja Bahouddin Naqshbandning ezgu ishlari) asari ham bor.
Bulardan tashqari, Bahouddin Naqshbandning suyukli shogirdi Xoja Muhammad Porso yozib qoldirgan bir necha asar orqali valiylikning taʼrifi, Bahouddin Naqshbandning tariqatdagi ilk davri, suhbatlari va hikmatli soʻzlari bilan tanishish, islom aqidasi, ibodat, shariat va tariqat ahkomlaridan bahramand boʻlish mumkin.
— Hozirgi kunda naqshbandshunoslik oldida turgan eng muhim vazifalar nimalardan iborat? Sharqshunoslik instituti olimlari bu borada qanday ilmiy-amaliy loyihalar ustida ish olib bormoqda?
— Oʻzbekistonda yashab oʻtgan buyuk tasavvuf allomalari merosini yanada chuqurroq oʻrganish, tasavvuf tariqatlarining xalqimiz maʼnaviyati, milliy mentaliteti va dunyoqarashining shakllanishi, shuningdek, oʻzbek mumtoz adabiyoti va sanʼati taraqqiyotidagi rolini aniqlash bugungi kunda ilmiy jamoatchilik oldida turgan muhim vazifalardir. Shu bilan bir qatorda, yurtimizda tasavvuf taʼlimoti doirasida shakllangan umuminsoniy qadriyatlar, insoniy odob-axloq mezonlari, insonparvarlik va tinchlikparvarlik gʻoyalaridan yosh avlodni vatanga muhabbat, buyuk ajdodlarga ehtirom ruhida tarbiyalashda hamda buzgʻunchi aqidaparast va diniy-ekstremistik gʻoyalarga qarshi turishda samarali foydalanish dolzarb ahamiyatga ega.
Eng muhimi, xojagon-naqshbandiya tariqatining muhim nazariy manbalaridan Abduxoliq Gʻijduvoniyning “Vasiyatnoma”, Xoja Muhammad Orif Revgariyning “Orifnoma” (Oriflar toʻgʻrisida risola), Xoja Ali Romitaniyning “Risolayi Hazrati Azizon” (Hazrat Azizon risolasi), Saloh ibn Muborak Buxoriyning “Anis ut-tolibin va uddat us-solikin” (Toliblar doʻsti va soliklar quroli), Xoja Muhammad Porsoning “Qudsiya” (Qudsiy soʻzlar) va “Maqomoti Xoja Bahouddin Naqshband” (Xoja Bahouddin Naqshband maqomlari) asarlarining ilmiy-izohli tarjimasi hamda tadqiqi amalga oshirildi va nashr boʻldi.
Bundan tashqari, Abduxoliq Gʻijduvoniy va Bahouddin Naqshband hayoti, faoliyati, ilmiy merosiga oid xorijiy mamlakatlardagi qoʻlyozma manbalar, ilmiy-tadqiqot va adabiyotlar haqidagi maʼlumotlarni jamlash va nashr etish, jumladan, Bahouddin Naqshbandning “Al-Avrod” (Bahouddin virdlari), “Dalil ul-oshiqin” (Oshiqlar dalili) va “Hayotnoma” asarlari qoʻlyozma nusxalarini xorijiy mamlakatlardagi qoʻlyozmalar xazinalaridan aniqlab, topib olib kelish va faksimile nusxasini tayyorlab, chop etish ham navbatdagi ishlar jumlasiga kiradi.
Hozirgi vaqtda tasavvuf va xojagon-naqshbandiya taʼlimoti bilan bogʻliq barcha ziyoratgohlar haqida ilmiy-tarixiy maʼlumotnomalar chop etish, tasavvuf tarixi, nazariyasi va amaliyotiga bagʻishlangan manbalarni ilmiy izohli tarjima qilib, ushbu tariqat pirlari asarlarining Buxorodagi qoʻlyozma nusxalari katalogini yaratish boʻyicha bir qancha samarali ishlar olib borildi. Jumladan, “Movarounnahr tasavvufi ildizlari: tasavvuf taʼlimotining shakllanishi va tizimlashtirilishi
(X-XI asrlar)” nomli kitobim oʻzbek, tojik, qozoq, turk, ozarbayjon va arab tillarida xorijiy oʻlkalarda nashr etildi.
— 2021-yilda naqshbandiya pirlariga oid 6 ta kitobingiz Anqara shahridagi “Fajr” nashriyotida turk tilida, 2019-yilda Tataristondagi Bulgʻor islom akademiyasida “Xojagon-naqshbandiya tariqati va yetti pir” nomli monografiyangiz rus tilida nashr etildi. Olim va muallif sifatida olib borgan izlanishlaringiz, mazkur asarlar haqida kengroq tushuncha bersangiz.
— Darhaqiqat, kamina, oʻlkamiz tasavvufi tarixining hanuzgacha eʼtibordan chetda qolib ketgan muhim bosqichi boʻlgan VIII-XI asrlarda, yaʼni xojagon-naqshbandiya tariqati vujudga kelgunga qadar kechgan davrini umumiy tarzda boʻlsa-da, yoritib berishga muvaffaq boʻlganman. Shuningdek, mintaqaviy tasavvuf maktablaridan mustaqil boʻlgan Markaziy Osiyo tasavvuf maktabi shakllangani va rivojlanganini isbotlashga harakat qildik. Olib borayotgan ishlarimizning muhim jihatlaridan yana biri shundaki, unda Markaziy Osiyo tasavvufining ilmiy-nazariy tabiatga ega boʻlgani — soʻfiy ajdodlarimiz faqat soʻfiylik amaliyoti bilan shugʻullanib qolmasdan, tasavvufga bagʻishlangan ilmiy-nazariy asarlar yaratishga ham katta hissa qoʻshgani koʻrsatib berilgan.
Markaziy Osiyodan chiqqan Hakim Termiziy, Kalobodiy Buxoriy va Mustamliy Buxoriy kabi tasavvuf nazariyotchilari asarlarining tasavvuf taʼlimotini tizimlashtirishdagi roliga toʻxtalib oʻtish bilan birga, Mustamliy Buxoriy qalamiga mansub “Sharh at-Taʼrruf” asarining tasavvuf asoslariga bagʻishlangan fundamental asar sifatidagi ahamiyati hamda uning oʻzidan keyingi soʻfiylik asarlariga koʻrsatgan taʼsirini maxsus tadqiq etdim. Ushbu monografik tadqiqotlar nafaqat Markaziy Osiyo tasavvufi tarixining bizga yaxshi maʼlum boʻlmagan davrini yoritish, balki ushbu davrning XII asrda vujudga kela boshlagan soʻfiylik tariqatlari, xususan, xojagon-naqshbandiya tariqatining shakllanishi uchun asos boʻlib xizmat qilganini koʻrsatib berish jihatidan ham ahamiyatli.
Yana shuni alohida taʼkidlashim joizki, 2021-yil naqshbandiya pirlariga oid olti kitob Anqara shahridagi “Fajr” nashriyotida turk tilida nashr etildi. Bu kitoblardan uchtasi — monografiya. Ular: “Xojagon-naqshbandiya tariqati va yetti pir”, “Xojagon-naqshbandiya tariqati va iqtisodiyot”, “Movarounnahr tasavvufi ildizlari: taʼlimotning shakllanishi va tizimlashtirilishi” nomli tadqiqotlar. Qolgan uch kitob esa “Oltin silsila”ning xojagon-naqshbandiya yetti
pirlari yozgan asarlar — “Vasiyatnoma”,
“Orifnoma” va “Risolai Hazrati Azizon”ga kamina tomonidan tayyorlangan ilmiy-izohli nashrlardan iborat.
Shuningdek, 2019-yili Bulgʻor islom akademiyasida (Rossiya, Qozon) “Tarikat xvadjagan-nakshbandiya i sem pirov” nomli monografiyam rus tilida nashr qilindi. Mazkur tadqiqotda tariqat pirlari, Abduxoliq Gʻijduvoniydan Bahouddin Naqshbandgacha boʻlgan dastlabki yetti pirning hayoti va faoliyati haqida batafsil maʼlumot berilgan. Shuningdek, tariqatning paydo boʻlishi va tarqalish tarixi, uning gʻoyaviy va ilmiy asoslari haqida tadqiqot natijalari taqdim etilgan. Tariqatlar paydo boʻlishidan oldin, VIII-XI asrlardagi Markaziy Osiyo tasavvuf tarixi toʻgʻrisida maʼlumot berilgan. Shu orqali Markaziy Osiyoda xojagon-naqshbandiya tariqatining paydo boʻlishi tasodifiy emasligi va uning tarixiy asoslari mavjudligi isbotlab berilgan.
— 2019-yil 29-mart kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyati Gʻijduvon tumaniga tashrifi davomida bu maskanlarni obod qilish bilan birga, “Yetti pir” haqida kitob yaratish, ularning ilmiy merosini targʻib etish zarurligini taʼkidlagandi...
— Davlatimiz rahbari oʻsha tashrif doirasida “Bunday maʼnaviy xazina boshqa hech qayerda yoʻq. Bu xazinani mukammal oʻrganish, odamlarga, yoshlarga oson tilda yetkazish kerak. Maqsadimiz — yoshlarimiz oʻzimizning
allomalarga ergashsin, merosini bilsin, ular bilan faxrlansin” degan edi. Prezident topshiriqlari ijrosi sifatida kamina tomonidan “Xojagon-naqshbandiya tariqati va yetti pir” nomli ilmiy kitob nashrga tayyorlandi va “Oʻzbekiston” nashriyotida oʻn ming nusxada chop etildi. Kitobda ushbu tariqat asoschilari — Abduxoliq Gʻijduvoniydan Bahouddin Naqshbandgacha boʻlgan yetti rahbar hayoti va faoliyati, ushbu taʼlimotning ilmiy asoslangan manzarasi chizib berilgan. Markaziy Osiyo tasavvufining xojagon-naqshbandiya tariqati vujudga kelguniga qadar boʻlgan davri toʻgʻrisida umumiy sharh berilgan. Mazkur monografik tadqiqot uch fasl koʻrinishida shakllangan. Birinchi fasl: Markaziy Osiyo tasavvufi xojagon-naqshbandiyaga qadar boʻlgan davr. Ikkinchi fasl: Xojagon-naqshbandiya tariqati. Uchinchi fasl: Yetti pir.
Fikrimizcha, ushbu tariqat boʻsh joydan paydo boʻlgan yoki toʻlaligicha boshqa oʻlkalardan yurtimizga olib kelingan taʼlimot emas. Markaziy Osiyoda uning vujudga kelishi uchun muayyan omillar va shart-sharoitlar azaldan mavjud boʻlgan. Ushbu nuqtayi nazarni isbotlash maqsadida kitobning birinchi faslida Markaziy Osiyo tasavvufining VIII-XI asrlarda, yaʼni tariqatlar, jumladan, xojagon-naqshbandiya tariqati vujudga kelguniga qadar boʻlgan davrda kechgan tarixi toʻgʻrisida umumiy sharh berilgan.
Ikkinchi faslda tegishli manbalar va tadqiqotlarni chuqur oʻrganish asosida ushbu tariqat pirlarining irodat silsilalari, tariqatning vujudga kelishi va keng tarqalishi tarixi hamda taʼlimot asoslarining qisqacha, umumiy boʻlsa-da, nisbatan aniqroq manzarasini tasvirlashga muvaffaq boʻldik. Yetti pir — xojagon-naqshbandiya tariqatining ilk yetti rahbari hayoti va taʼlimotiga bagʻishlangan uchinchi fasl ham yetti pir hayoti toʻgʻrisida turli manbalar va adabiyotlardan olingan maʼlumotlarning quruq va tartibsiz yigʻindisi emas, balki chuqur tahlilga asoslangan holda shakllantirilgan. Manbalarga tayangan holda Abduxoliq Gʻijduvoniydan Bahouddin Naqshbandgacha boʻlgan ilk yetti pirning tavallud va vafot sanalari, hayoti va faoliyati, taʼlimoti va asosiy gʻoyalari toʻgʻrisida nisbatan aniq va tizimli maʼlumot bera oldik.
Abduxoliq Gʻijduvoniy tavalludining 915-yilligi va Bahouddin Naqshband tavalludining 700-yilligiga armugʻon sifatida amalga oshirilgan ushbu tadqiqot xojagon-naqshbandiya tariqati tarixi va taʼlimotini oʻrganish ishiga katta hissa boʻlib qoʻshiladi, deb umid qilamiz.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Gulichehra DURDIYEVA suhbatlashdi.