Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan qator tashkilotlar bilan hamkorlikda “Maʼnaviyat ekspertizasi” loyihasi faol jamoatchilik vakillari tomonidan turlicha qarashlar bilan talqin qilindi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Axborot xizmati mazkur loyiha aslida bolalar tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatishi va oʻsib kelayotgan avlodning ongiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan media-mahsulotlar tarqatilishini oldini olishga qaratilayotganini maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, ushbu loyiha media-kontentlarning yoshlar, ayniqsa, maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarga taʼsiridan xavotirlangan ota-onalar, ziyolilar, shuningdek, keng jamoatchilik soʻrovi, talab va tashabbuslari asosida joriy qilinmoqda.
“Maʼnaviyat ekspertizasi” loyihasi media mahsulotlarga senzura qoʻymaydi. Ekspertlarning faoliyati media kontent ishlab chiquvchilar, ijodiy guruhlar va badiiy kengashlar uchun tavsiyaviy takliflar ishlab chiqishdan iborat boʻladi.
Bunda ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar, ijodkorlar, blogerlarning ijod erkinligiga daxl qilinmaydi!