“Maʼnaviyat sektori” hayotimizga oʻzgacha mazmun olib kirmoqda

    Termiz shahrida Surxondaryo tajribasini tashkil etish boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi.

    Mamlakatimizning janub javohiri hisoblangan Termiz shahrida Surxondaryo tajribasi misolida «Maʼnaviyat sektori»ni tashkil etish boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi.

    Prezidentimiz 2023-yilning 16-17-noyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi hududga yangi nafas olib kirdi. Viloyatda «Maʼnaviyat sektori»ni tashkil etish maʼno mazmunida ilm-fan, taʼlim va tarbiya, maʼnaviyat kabi bir qator ustuvor masalalar qamrab olishi nazarda tutilgan.

    Ahamiyat berayotgan boʻlsak, zamon shiddat bilan oʻtayotgan bugungi globallashuv davrda maʼnaviy tarbiya, maʼnaviyat yetakchi oʻringa koʻtarildi. Chunki aynan, maʼnaviyat nafasi kirib bormagan joyda, albatta tarbiya, qadriyat, madaniyat shakllanmaydi.

    Aholi, xususan, yoshlar oʻrtasida sodir etilayotgan jinoyatlarning ijtimoiy mohiyatini tahlil qiladigan boʻlsak, ularning aksariyati maʼnaviy qashshoqlik oqibatida yuzaga kelayotganligiga guvoh boʻlamiz.

    Viloyatimizda bir necha oylardan buyon «Maʼnaviyat sektori»ni tashkil etish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, viloyatdagi boshqarma boshliqlari, oliy taʼlim muassasalari rektorlari 15 ta tuman (shahar) «Maʼnaviyat sektori»ga masʼul etib belgilandi. Shu maqsadda 454 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 960 ta maktab, 54 ta professional taʼlim va 7 ta oliy taʼlim muassasasi, 724 ta mahalla, 360 ta boshqarma va tashkilotda «Maʼnaviyat sektori»ning boshlangʻich tayanch tuzilmalari tashkil etildi.

    «Maʼnaviyat sektori» zimmasiga taʼlim, mahalla tizimlarida hamda hududlarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni taʼminlash, yoshlarga alohida eʼtibor qaratish, ularni bagʻrikenglik ruhida tarbiyalash, boy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, kitobxonlikni rivojlantirish, millatlararo totuvlik va oʻzaro mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash hamda mafkuraviy immunitetini oshirish vazifalari yuklandi.

    Seminar ishtirokchilari Termiz shahrida maktab va maktabgacha va oliy taʼlim, mahallada tashkil etilgan «Maʼnaviyat sektori» bilan yaqindan tanishishdi.

    Shuni alohida taʼkidlash kerakki, anjumanda oila, taʼlim tashkilotlari va mahallalarda maʼnaviy tarbiyaning uzviyligini taʼminlash, shu asosda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini yuritish, muvofiqlashtirib borish borasida batafsil maʼlumotlar berildi.

    Anjuman davomida mutaxassislar tomonidan sektor faoliyati boʻyicha taqdimotlar namoyish etildi.

    Kunining ikkinchi yarmida ishtirokchilar Termiz shahridagi «Oʻzbekiston» mahallasida tashkil etilgan sektor bilan tanishishdi.

    Ushbu sektorda mahallaga kiraverishdagi Assalomu alaykum mahallamizga xush kelibsiz yozuvidan tortib, har –bir koʻchaga ijtimoiy-maʼnaviy mazmundagi inson, oila,Vatanni ulugʻlovchi vatanparvarlikni targʻib etuvchi tashqi targʻibot vositalari joylashtirilgan. Bu ham oʻz navbatida aholi va oʻsib kelayotgan avlodning goʻzal fazilatlarini shakllantirishda muhim oʻrin tutadi.

    Nargiza RAHMATULLAYEVA,

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Surxondaryo viloyati rahbari