Bosib oʻtilgan shonli yillarda ushbu kutubxona koʻmagida minglab fan nomzodlari, fan doktori, professorlar magistr hamda bakalavr darajasidagi chinakam ilm egalari kamol topdi, desak aslo mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Kutubxona direktori Zuhra BERDIYEVA bilan suhbatimiz mazkur dargohning keng qamrovli faoliyatiga bagʻishlandi.
— Zuhra Shukurovna, siz kutubxonashunos va bibliograf sifatida ushbu ziyo maskanida uzoq yillardan buyon faoliyat yuritib kelasiz. Keling, suhbatimizni Fanlar akademiyasi tarkibidagi Asosiy kutubxonaga tamal toshi qoʻyilgan ilk kunlar va qadamlarni eslashdan boshlasak.
— Fanlar akademiyasi tarkibidagi kutubxona 1933-yil Toshkent shahrida Oʻzbekiston Fan qoʻmitasi tarkibida tashkil etilgan va 1943-yilda Fanlar akademiyasi tarkibiga kirgan. Oʻsha yildan boshlab, Fundamental kutubxona deb yuritila boshlangan. Dastlab, u oʻsha davr ziyolilari sovgʻa qilgan 39 000 nusxadagi kitobdan iborat fondga ega boʻlgan. Bugungi kunga kelib kitoblarimiz 4 millionga yaqinlashdi. Albatta, bu fond oʻz-oʻzidan barpo boʻlib qolmadi, yillar davomida davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻ, homiylar yordami, mualliflarning sovgʻalari, turli loyihalar tufayli boyib keldi. Kutubxona fondida xorijiy tillardagi 600 000 dan ortiq adabiyot ham mavjud.
— Davr oʻzgarishi, fan-texnika rivoji, odamlarning kitobga, mutolaaga munosabati, qolaversa, yuzaga kelgan shart-sharoit kutubxonalar faoliyatiga ham taʼsir koʻrsatishi tabiiy. Shu maʼnoda, Fundamental kutubxona faoliyati qay darajada oʻzgardi? Nimalar takomillashdi?
— Istiqlol sharofati bois mamlakatimiz kutubxonachilik sohasida tub islohotlar yuz berdi. 1994-yildan boshlab yurtimizda birinchilardan boʻlib kutubxonachilik va bibliografik ish jarayonlarini avtomatlashtirish, Rossiyaning IRBIS dasturi asosida elektron katalog yaratish, raqamlashtirish ishlari aynan ushbu fundamental kutubxona negizida yaratila boshlandi.
Keyinchalik davr taqozosi bilan oʻzbek alifbosi belgisidagi bibliografik yozuv elementlarini kiritishga ehtiyoj paydo boʻldi. Ana shu jarayonda malakali ish olib borish, elektron katalogni toʻgʻri tashkil etishni yoʻlga qoʻyish maqsadida, ilmiy-amaliy loyiha doirasida viloyat kutubxonachilarining malakasi oshirildi. Fundamental kutubxona yillar davomida retrospektiv bibliografiya markazi, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona esa tavsiya bibliografiyasi boʻyicha markaz boʻlib kelgan.
Koʻplab dolzarb mavzularda retrospektiv bibliografik koʻrsatkichlar tayyorlab, nashr etdik va bu ish hamon davom etmoqda. Qoʻshni mamlakatlar ilmiy kutubxonalari bilan hamkorlikda ish olib borishga harakat qilyapmiz. Koʻplab xalqaro anjumanlarda ishtirok etdik, ilmiy nashrlar almashinuvini davom ettirayapmiz.
“Sohamiz fidoyilari” nomli turkum nashrlarni boshlaganmiz. Bu turkumning maqsadi kutubxonachilik, bibliografik va kitobatchilik sohasida faoliyat yuritib kelgan, kelayotgan ustozlarimiz, hamkasblarimiz haqidagi maʼlumotlarni bir joyga yigʻish, toʻplash, saqlash va yoshlar orasida targʻib qilishdan iborat.
— Bugungi kunda kutubxonaning ilm ahliga koʻrsatayotgan xizmat darajasi va ilmiy adabiyotlar haqida ham maʼlumot berib oʻtsangiz.
— Zamon talablaridan kelib chiqib, bizning kutubxona ham kitobxonlarga, ayniqsa, ilmiy xodimlarga samarali xizmat koʻrsatish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solyapti. Kutubxona saytida koʻplab maʼlumotlar berib boriladi, barcha ijtimoiy tarmoqlarga ulanganmiz, ularda kutubxona faoliyatiga bogʻliq holda materiallar taqdim etib kelinadi. Elektron katalogni tashkil etish ishi davom etmoqda. Turli yillarda har xil dasturlar asosida ish olib borildi. Hozirgi kunda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda mamlakatimizda yaratilayotgan elektron kutubxona faoliyatida ham ishtirok etayapmiz. Bu loyihada qatnashayotgan 20 ta yirik kutubxonadan biri sifatida UzNEL dasturi asosida elektron katalog yaratish va bosma nashrlarni raqamlashtirish ishlari jadal olib borilayotir. Muhim ishlarimizdan yana biri, mamlakatimizda birinchi marta Oʻzbekiston olimlarining bibliometrik maʼlumotlar bazasi yaratilmoqda. Ushbu bazada 1933-yildan to shu kunga qadar yurtimiz ilm-fanini rivojlantirishda ishtirok etgan ilmiy kadrlar haqida muhim maʼlumotlar toʻplanadi.
— Kutubxonaning kerakli texnik va dasturiy taʼminot bilan qay darajada taʼminlangani haqidagi maʼlumotlar ham kitobxonlar uchun qiziq.
— Albatta, zamon talabiga mos aholiga kutubxona-axborot xizmati koʻrsatish uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari zarur. Busiz boʻlmaydi. Hozirda kutubxona binosi taʼmirlash jarayonida, ammo xizmat koʻrsatishni toʻxtatganimiz yoʻq. Xodimlar shu jarayonda ham elektron katalog, Milliy elektron kutubxona yaratishda, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona negizida tashkil etilayotgan yigʻma elektron katalog ishida faol ishtirok etmoqda. Buning uchun 30 ta kompyuter, 1 ta zamonaviy katta skaner, 2 ta planshetli skaner, koʻp funksiyali 3 ta printer (skaner, nusxa koʻchirish bilan birga) bilan taʼminlangan. Kutubxonamiz Janubiy Koreya va Germaniya kutubxonalari faoliyatida qoʻllanilayotgan maxsus chang yutgichlar, kitoblarni tozalovchi qurilmalar, zamonaviy skanerlar bilan jihozlansa ishimiz samarasi yanada oshgan boʻlar edi.
— Kitob va kitobxonlik va bugungi yoshlarning kitobga munosabati haqidagi mulohazalaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz.
— 2017-yildan boshlab mutolaa madaniyatini va kitobxonlik faoliyatini shakllantirish va tashkil etish borasidagi vazifalarimiz davlat siyosati darajasida eʼtiborga olindi. Mutolaa madaniyati, bu – oʻqish uchun maqsadni aniq belgilashdan tortib, oʻqilgan materiallardan shaxsiy hayotda va jamiyat taraqqiyotida unumli foydalanishgacha boʻlgan jarayonni anglatadi. Shaxsan oʻzim 1978-yildan beri oliy taʼlim tizimida kutubxonachi kadrlar tayyorlash jarayonida qatnashib kelayotganim uchun shuni aniq ayta olamanki, mutolaa madaniyati va kitobxonlik faoliyatini tashkil etish, avvalo, oiladan boshlanadi.
Farzandlarni kitob oʻqishga oʻrgatishda oilaviy muhit juda muhim. Ota-onada kitobga munosabat, mehr-muhabbat qanday boʻlsa, farzandlarda ham shu xislat rivojlanadi. Janubiy Koreyada shanba, yakshanba ota-onalar uchun kutubxona kunlari boʻlishi menga juda maʼqul keldi. Ota-onalar shu kunlari emizikli goʻdagidan to 12 yoshgacha boʻlgan bolalari bilan kunini kutubxonada oʻtkazadi. Buning uchun barcha kerakli sharoit yaratilgan. Bolada kitobga munosabat goʻdakligidanoq shakllantiriladi. Berlin kutubxonalaridan birida esa hali emaklab yurgan bolaning pastki tokchalardan kitob olib onasining oldiga sudrab kelayotganiga guvoh boʻldim. Ular uchun alohida maxsus xonalar va hamshiralar ajratilgan. Goʻdak uchun nima zarur boʻlsa hammasi bor.
Kutubxonamizga Yozuvchilar uyushmasi anchagina kitob ajratdi, Gʻ.Gʻulom nomidagi NMIU yordam berdi, ayniqsa, mahallada istiqomat qiluvchi keksa olimlar katta tashabbus koʻrsatishdi. Bir necha bogʻchalarda kutubxonalar tashkil etdik. Bundan tashqari, yurtimizning turli hududlaridagi mahalla fuqarolar yigʻinlari, maktab, kollej va litseylar, oliy oʻquv yurtlari huzuridagi kutubxonalar uchun fondimizdagi ortiqcha ilmiy, badiiy-maʼrifiy adabiyotlardan ajratdik.
Uslubiy yordam berish bilan birga, harbiy qismlar kutubxonalarida “Maʼnaviyatga yoʻl faqat kitob orqali” mavzusida maʼruza-taqdimotlar oʻtkazdik. Meni harbiylar orasidagi ijodkor yoshlar, ularning kitob oʻqishga intilishi, qiziqishlari xursand qildi. Yoshlarimizda kitob oʻqishga intilish yaxshi, lekin bunga xalaqit beradigan ayrim masalalarni hal etish zarur. Birinchi galda kitob savdosini tartibga solish kerak. Masalan, bir nomdagi kitob Toshkent shahrining turli joyida katta farq bilan turlicha narxda sotiladi.
Yana bir masala, kutubxonalarga kitob sotib olish uchun mablagʻni koʻpaytirish zarur. Xorijiy mamlakatlar tajribasiga koʻra, kitoblar narxi maqsadga qarab oʻzgaradi: kutubxonalar uchun boshqa narx, sotib oladigan aholi uchun alohida narx. Mutaxassis sifatida meni kutubxonachining mavqei, malakasi, fidoiyligi masalasi ham oʻylantiradi. Jumladan, soha mutaxassisligi boʻyicha oliy taʼlim olsa-yu, lekin kutubxonada ishlashdan oʻzini olib qochsa. Axir ziyo tarqatishdek savobli ishga duch kelgan kishini qabul qilib boʻlmaydi. Kitobxonlar bilan ishlashning ham oʻziga yarasha sirlari bor.
— Asosiy kutubxona dunyoning qaysi mamlakatlaridagi kutubxonalar bilan hamkorlik oʻrnatgan?
— Bugun internet zamoni. Raqamlashtirilgan yoki elektron shaklga oʻtkazilgan audio kitoblar ommalashdi, lekin ular kitobning oʻrnini bosolmaydi. Kitobxonlarmizning deyarli 80–90 foizi baribir bosma nashrlarni soʻrab murojaat qiladi. Qoʻshni mamlakatlar fundamental kutubxonalari bilan avvaldan ilmiy adabiyotlar almashinuvi mavjud. Biz qator mamlakatlar kutubxonalari bilan ilmiy-tadqiqot institutlarining ilmiy jurnallari, ilmiy nashrlarini almashib turamiz.
— Kelgusidagi yangi loyihalar, rejalar va qanday yangiliklar koʻzda tutilmoqda?
— Rejalarimiz koʻp. Kutubxonamiz taʼmirdan chiqqandan keyin olima ayollar xotirjam ilmiy faoliyat bilan mashgʻul boʻlishiga yordam beradigan, jumladan, kitoblar mutolaasi paytida goʻdak farzandlariga qarab turadigan, ustozlar-shogirdlar birgalikda ishlaydigan alohida sharoitga ega xonalar tashkil etish niyatimiz bor.
Men xorijiy mamalakatlar kutubxonalari faoliyati bilan tanishganimda koʻnglimga navbat bilan xizmat koʻrsatish ishini tashkil etishni tugib qoʻygan edim. Buni ilmiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi kitobxonlarimiz yaxshi tushunadi. Olimlarning ayrimlari kechki payt, kechasi yoki tong mahali ilmiy ish bilan band boʻladi. Toʻgʻri, bunga oilaviy sharoit har doim ham imkon bermaydi. Biz esa ertalab 8.00 dan kechki 17.00 ga qadar xizmat koʻrsatamiz. Yaʼni, ish vaqtimiz ularga uncha mos kelmaydi. Mana shunday barcha uchun birday maqbul keladigan jihatlarni amalga tatbiq qilish boʻyicha ham ilgʻor xorij tajribasini oʻrganish, oʻzimizga qulay holda moslashtirib joriy etish vaqti keldi.
Oʻzbekistonda hozirga qadar na kitobatchilik, na kutubxonachilik ishi, na bibliografiyashunoslik ensiklopediyalari tayyorlanmagan, nashr qilinmagan. Rossiyada “Knigovedeniye”, “Bibliotechnoye delo” nomli qomusiy nashrlar mavjud. Biz talabalar bilan mashgʻulotlarda ana shu nashrlardan foydalanamiz. Bu kabi manbaalar oʻzimizda ham yaratilishi, ularni yosh avlod mutolaa qilishi, foydalanishi ham ilmiy, ham tarixiy ahamiyatga ega.
Oʻzbekiston Milliy universiteti tayanch doktoranti
Davronbek ORIPOV suhbatlashdi.