Uchrashuv kun tartibi bilan Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligining keng koʻlamli masalalari qamrab olindi.

Tomonlar Oʻzbekiston va GFR hukumati, ishbilarmonlar va ekspertlar doiralari oʻrtasidagi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash muhimligini taʼkidladilar. Shu munosabat bilan Germaniya tomoni mamlakat vazirliklari, idoralari va yirik kompaniyalari bilan manzilli muzokaralar oʻtkazish uchun Oʻzbekiston delegatsiyasining Berlinga tashrifini tashkil etishga koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.

Germaniya kompaniyalarining energetika, yengil sanoat, elektrotexnika va farmatsevtika sanoati, avtomobilsozlik va qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarga investitsiyalar kiritishga qiziqishi alohida taʼkidlandi. Oʻzbekistonda loyihalarni amalga oshirish uchun Germaniyaning yangi kompaniyalarini jalb etish boʻyicha hamkorlikni yana-da kuchaytirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Shu nuqtayi nazardan K.Mangold xorijiy investorlar uchun mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yana-da oshirish maqsadida Oʻzbekistonda xususiylashtirish dasturini sifatli amalga oshirish muhimligini qayd etdi. U zaruriyat yuzaga kelganda tegishli Germaniya kompaniyalari va moliya institutlarini Oʻzbekiston davlat aktivlari, yirik korxonalar va tijorat banklari aksiyalarini xususiylashtirish jarayoniga jalb etishga koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.

Qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohasini raqamlashtirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishda yetakchi nemis kompaniyalarining tajribasini qoʻllash istiqbollari koʻrib chiqildi – Oʻzbekistonning tegishli vazirlik va idoralari bilan bu yoʻnalishda birgalikda ishlash uchun bevosita oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha navbatdagi tadbirlar belgilandi.

Vodorod energetikasi sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Germaniya tomoni maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda vodorodga asoslangan yangi texnologiyalarni joriy etilishi elektr energiyasi ishlab chiqarish, gaz-kimyo sanoatini rivojlantirish, kimyoviy moddalar va oʻgʻitlar ishlab chiqarish hamda metallurgiyada foydalanish uchun qoʻshimcha hajmda tabiiy gazni jamlab qoʻyish imkonini beradi.

Hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida tomonlar koviddan keyingi davrda Oʻzbekiston – Germaniya savdo aylanmasini oshirish boʻyicha kelgusida hamkorlikda olib boriladigan ishlarni belgilab oldilar. Bunga koʻp jihatdan Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining Preferensiyalar bosh tizimi (“GSP+”) benefitsiar maqomini olganligi qoʻl kelishi mumkinligi qayd etildi. Shu munosabat bilan tomonlar mahalliy eksportchilarning “GSP+” tizimidan foydalanishda toʻgʻri yondashuvini taʼminlash va oʻzbek ishlab chiqaruvchilari oʻz mahsulotlarini Yevropa mamlakatlari bozorlariga olib chiqishlariga qaratilgan oʻquv tadbirlarini oʻtkazishga kelishib oldilar.

Shuningdek, Orolboʻyi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Jumladan, Germaniya tomoni “Orolboʻyi mintaqasi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi” konsepsiyasini amalga oshirishga begʻaraz yordam va grantlar mablagʻlarini jalb qilish uchun Orolboʻyi mintaqasidagi vaziyat haqida jahon hamjamiyatining xabardorligini oshirishga koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida qoʻshma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni faollashtirish hamda koʻp qirrali Oʻzbekiston — Germaniya hamkorligining yangi yoʻnalishlari ustida ish olib borish yuzasidan kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.