Joriy yilning 4-yanvar kuni Jizzax viloyati Zafarobod tumanida joylashgan 30-son jazoni ijro etish manzil-koloniyasida jazo muddatini oʻtab kelayotgan mahkumlar N.M. va K.A.lar, kechki yoʻriqnomaga kelmaganliklari va maʼmuriyatning ruxsatisiz muassasa hududini tark etganliklari haqida xabar berilgan edi.

Amalga oshirilgan tezkor-qidiruv tadbirlari jarayonida joriy yilning 5 dan 6-yanvarga oʻtar kechasi mahkumlar N.M. va K.A. Andijon viloyatining chegara hududlaridan birida jamoatchilik yordamida qoʻlga olinib, vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.

Holat yuzasidan tekshiruv tayinlangan boʻlib, jazoni ijro etish muassasasini ruxsatsiz tark etgan mahkumlarning harakatlariga huquqiy baho berilishi taʼminlanadi, deyiladi IIV JIED axborot xizmati xabarida.

Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 114-moddasiga koʻra jazoni ijro etish muassasasi hisoblangan manzil-koloniyalarda jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlar koloniya hududi doirasida soqchisiz, erkin yurish, ishlash, maʼmuriyatning ruxsati bilan koloniya hududidan tashqarida nazoratsiz harakatlanish huquqidan foydalanadi.

Belgilangan tartibni buzgan mahkumlar qatʼiy nazorat ostiga, yaʼni ilgari jazo muddatini oʻtagan umumiy, qattiq yoki maxsus tartibli koloniyalarga qaytariladi.