Qonun Oʻzbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilashga xizmat qiladi

    Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga elektron (raqamli) dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Bugungi kunda milliy protsessual qonunchilik hujjatlarida elektron (raqamli) dalillar tushunchasi, ulardan foydalanish tartibi va shu bilan bogʻliq masalalar nazarda tutilmagan. Elektron (raqamli) dalillarga qanday maʼlumotlar kiritilishi haqidagi masalalar huquqiy tartibga solinmagan.

    Shu sababli mazkur Qonun bilan amaldagi qator kodekslar va qonunlarga elektron maʼlumotlar hamda raqamli dalillar tushunchasi, raqamli dalillarni toʻplash, taqdim etish, mustahkamlash, koʻzdan kechirish, tekshirish va baholash, ularni saqlash, qaytarish, shuningdek, yoʻq qilish tartibini belgilovchi tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

    Jumladan, elektron maʼlumotlarga elektron qurilmalardan va axborot tizimlaridan, shuningdek, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yaratiladigan, ishlov beriladigan hamda saqlanadigan maʼlumotlar kirishi qayd etilyapti.

    Mazkur Qonun bilan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tergov va sud jarayonlari ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan elektron maʼlumotlarni mutaxassis ishtirokida qabul qilib olishi, elektron maʼlumotlar mavjud boʻlgan birlamchi elektron jismlarni koʻzdan kechirishi kerakligi borasida aniq tartib belgilanyapti.

    Shuningdek, Qonunda raqamli dalillar tushunchasi ham qayd etilyapti. Unga koʻra ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlar toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlar, shu jumladan elektron fayllar, audio- va videoyozuvlar, Internet jahon axborot tarmogʻida saqlanayotgan va boshqa elektron maʼlumotlar raqamli dalil boʻlishi mumkinligi koʻrsatilyapti, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Mazkur Qonunning qabul qilinishi Oʻzbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilashga, qonunchilikdagi boʻshliqlarni bartaraf etishga hamda odil sudlov sifatini oshirish va sud ish yurituvini takomillashtirishga xizmat qiladi.

    Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.