Buni chuqur his qilgan Prezidentimiz hatto manaman degan davlatlar iqtisodiy inqirozdan chiqish yoʻllarini izlab turgan koronavirus pandemiyasi davrida ham sanʼatni, madaniyatni yetakchi oʻrinlarga qoʻydi.
Ommaviy epidemiya taʼsiridan tushkun, mahzun boʻlgan koʻngillarga sanʼat yorugʻlik olib kirishi mumkinligi, hayot zavqini bera olishini odamlarimizning oʻzlari ham anglab yetdi.
Shunday ogʻir vaziyatda ham Oʻzbekistonda “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon imzolandi.
Sohada yangi imkoniyatlar eshigini ochgan mazkur hujjat bilan Madaniyat vazirligi, madaniyat sohasining jamiyatdagi nufuzi sezilarli darajada oshdi.
Soha xodimlari yillab orzu qilgan kasb bayrami — 15-aprel sanasida ilk bor Madaniyat va sanʼat xodimlari kuni nishonlandi. Sanʼatkoru ijodkor, madaniyat xodimlari birinchi bor bir-birlarini kasb bayramlari bilan toʻlqinlanib, baʼzilari koʻzda yosh bilan tabrikladi. Prezidentimizning bizga yoʻllagan tabrigidagi “Agar biz asl, haqiqiy sanʼatni bilmoqchi, oʻrganmoqchi boʻlsak, avvalo, mumtoz maqom sanʼatini bilishimiz, oʻrganishimiz kerak. Agar biz sanʼatni, madaniyatni koʻtarmoqchi boʻlsak, avvalo, mumtoz maqom sanʼatini koʻtarishimiz kerak. Maqom ohanglari, maqom ruhi va falsafasi har bir inson qalbidan, avvalo, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodimizning ongi va yuragidan chuqur joy olishi uchun bor imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz zarur”, degan fikrlar esa biz, ustozlarning shogirdlar oldidagi masʼuliyatimizni yanada oshirdi.
Maqomga hech qachon bugungidek alohida eʼtibor, ragʻbat boʻlmagan. Birgina Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti tashkil etilishining oʻzi bu boradagi har qanday eʼtirozga oʻrin qoldirmaydi.
Milliy sanʼatimizga bu qadar eʼtibor bejiz emasligini Prezidentimizning Shahrisabzdagi maqom sanʼati anjumanida soʻzlagan nutqi ham isbotlaydi. Nutqda maqomning katta bir qomusga oʻxshatilishida uning oʻzidagidek chuqur falsafiylik mavjud. Oʻsha “qomus”da taʼlim-tarbiya, insonning ruhiyati, dardi bor.
Demak, maqom sanʼatini, umuman, sanʼatimizni rivojlantirishdan bir zum toʻxtamaslik, bu yoʻlda faqat va faqat fidoyilik qilish kerak. Shu maqsadda qabul qilinayotgan hujjatlardan ham milliy musiqa sanʼatimiz, ayniqsa, maqomni yanada rivojlantirish, uning ochilmagan qirralarini dunyoga olib chiqish koʻzlanyapti.
Prezidentimizning shu yil 2-fevraldagi “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida milliy cholgʻularimizdan kamida bittasini, 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab esa kamida uchtasini ijro qilish mahoratiga ega boʻlish musiqa fani oʻqituvchilari uchun majburiyligi belgilab qoʻyildi.
Agar bolalarimiz hayotiga milliy cholgʻularimiz hamroh boʻlsa, ularda milliy qadriyat va anʼanalarimizga oʻzgacha mehr uygʻonadi.
Koʻplab maktablarga bordik. Hatto bir taʼlim rus tilida oʻqitiladigan maktabda oʻquvchilar Navoiy gʻazallarini oʻqib, milliy cholgʻularimizni chalib beryapti.
Kirish imtihonlarida qatnashyapmiz. Qoʻllarida doira, dutor bilan kelgan va oʻzi bilganicha ijro qilayotgan yoshlarni koʻrib quvonamiz. Ular sanʼatga shaxdam qadam bilan kirib kelyapti. Biz kabi ular ham ustozlari izidan borib, oʻrganganlarini oʻzlaridan keyingi avlodga yetkazadi. Shu tariqa qadim qadriyatimiz — “ustoz-shogird” anʼanasi ham davom etib boraveradi.
Bugun men faoliyat yuritayotgan Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati institutida isteʼdodli yoshlarni tarbiyalab voyaga yetkazayotgan fidoyi ustozlar ancha. Oʻzbekiston xalq hofizlari Mahmudjon Yoʻldoshev, Erkin Roʻzmetov, Oʻzbekiston va Tojikiston xalq artisti Matluba Dadaboyeva, Oʻzbekiston xalq artistlari Zamira Suyunova, Furqat Ashuraliyev, Elmurod Ahmedov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Komila Boʻriyeva, Nodira Pirmatova, Mohichehra Shomurodova, dotsentlar Shavkat Matyoqubov, Muhabbatxon Solihova, Matluba Karimova kabi ustoz-murabbiylar shular jumlasidan.
Umuman olganda, bugunning yoshlari qaysi sohaga qadam qoʻymasin, cheksiz imkoniyatlar davrida ulgʻayyapti. Ular bilan ishlab, saboq berish asnosida bunga koʻproq amin boʻlaman.
Shu oʻrinda davlatimiz rahbarining quyidagi gaplari hali sanʼatimizga koʻp xizmat qilishimiz kerakligini yana eslatib turadi: “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan yuksak maqsad va marralarimiz barcha sohalar qatori madaniyat va sanʼat jabhasida ham oldimizga dolzarb vazifalarni qoʻymoqda. Avvalo, milliy madaniyatimiz va sanʼatimizda xalqchillik tamoyillarini yanada oshirish, uni tom maʼnoda el-yurtimizning qalbi va yuragini ifoda etadigan, eng yuksak xalqaro mezon va talablarga javob beradigan sohaga aylantirish — eng muhim vazifadir. Aholi, avvalo, unib-oʻsib kelayotgan farzandlarimizni turli buzgʻunchi gʻoyalar, maʼnaviy tahdidlardan himoya qilish, jamiyatimizda tinchlik va barqarorlik, oʻzaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashda biz sizlar kabi minglab fidoyi madaniyat va sanʼat namoyandalariga tayanamiz”.
Yaqindagina davlatimiz rahbari imzolagan “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslardan davlat bojini undirish hamda ularni soliqqa tortish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmon soha rivojida yangi imkoniyatlarni belgilab berayotgani bilan ahamiyatlidir. Ayniqsa, sanʼatga umid bilan kirib kelayotgan yoshlarning ertangi kuniga, sanʼatning qattiq nonini-da qiynalmay yeyishiga umid uygʻotguvchi, oʻz vaqtida qabul qilingan hujjatlardan biri boʻldi. Inson qadri bu, inson qadrini ulugʻlash bu.
Munojat YOʻLCHIYEVA,
Oʻzbekiston xalq artisti,
Oʻzbekiston Qahramoni









