Yangi Oʻzbekistonning siyosiy ohanrabosi

    Fikr 1 Oktabr 2025 745

    Demokratik, huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy davlat barpo etish yoʻlidagi ishonch va barqarorlik strategiyasi

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning AQSHga bu galgi tashrifi ham muhim uchrashuvlar, har tomonlama foydali kelishuvlar va xalqaro ahamiyatli tashabbuslarga boy boʻldi.

    Tabiiyki, mamlakatimiz yetakchisining tigʻiz kun tartibiga qaramay, kuchli shijoati, doim olgʻa intilishi oʻzgacha hayajon, quvonch va faxr bilan keng jamoatchilik tomonidan eʼtirof etildi. “Qoyil, buncha kuch, shijoatning, xalq va vatan ishlaridan charchamaslikning siri nimada?” degan savollar koʻp aylandi ijtimoiy tarmoqlarda.

    Bu savollarga javob topish ha­qidagi oʻylar mamlakat taraqqiyoti yoʻlidagi islohotlar, xususan, AQSH safarini birma-bir tahlil etishga undaydi kishini.

    Safarning umumiy taassuroti­dan koʻrindiki, AQSH rasmiylari, ishbilarmon doira vakillarining davlatimiz rahbari bilan yaqin­roq munosabat oʻrnatishga ishtiyoqi sezilib turdi. Fikrimizni imzo­langan kelishuv hujjatlari, boʻ­lib oʻtgan uchrashuvlar koʻlami ham isbotlaydi. Masalan, davlatimiz rahbari bir kunning oʻzida AQSH­ning 20 dan ortiq yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchra­shuv va muzokaralar oʻtkazdi.

    Ayniqsa, ikki davlat yetakchilarining uch­rashuvi samimiy va oʻzaro ishonch ruhida oʻtdi. Davlatimiz rahbari mazkur uchrashuv haqida soʻzlar ekan: “Oʻzbek xalqi aytadi va qiladi. Shunga biz ishontirdik”, dedi. Bu soʻzlarni eshitgach, Oʻzbekiston Qahramoni, xalqimiz­ning sevikli shoiri Abdulla Oripovning qu­yidagi misralarini esladim:

    Amerika — sehrli diyor,

    Uxlar edi Kolumb ham hali,

    Dengiz ortin yoritdi ilk bor

    Beruniyning aql mashʼali.

    Ha, yurtimizdagi Uygʻonish davrining da­holaridan biri boʻlgan Beruniy bobomiz yer­ning narigi tomonida quruqlik borligini birinchi boʻlib aytgan edi. Shu orqali ilm- fanda katta oʻzgarish yasagandi.

    Bugun Uchinchi Uygʻonish davriga asos so­layotgan Oʻzbekiston yetakchisi oʻzining siyo­siy irodasi, soʻz va amal birligi bilan dunyo ahli eʼtiborini mamlakatimizga qarata oldi. Markaziy Osiyoda katta kuch paydo boʻl­gani, yana bir Uygʻonish davri boshlanayotga­niga ishontirdi.

    Tan olish kerak, hozirgi geosiyosiy ja­rayon nihoyatda murakkab tus oldi. Ertangi kunni prognoz qilish deyarli imkonsiz. Ana shunday murakkab vaziyatda AQSH kabi yi­rik davlat yetakchilari, ishbilarmon doira vakillari mamlakatimizga qiziqish bildi­rishi, kelajagini biz bilan uygʻun koʻrishi juda katta voqelik.

    Shu oʻrinda amerikaliklarning Prezidentimiz bilan uchrashishga ishtiyo­qi haqidagi bitta voqeani eslasak. Yirik kompaniyalar yetakchilari bilan uchrashuv boʻ­layotgan bir paytda muzokaralar stolidan yana bir kishi uchun joy hozirlash tarad­dudi boshlandi. Maʼlum boʻlishicha, AQSH davlat kotibi Marko Rubioning rafiqasi Janet Rubio shoshilinch ravishda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashish uchun atay yetib kelibdi.

    AQSH Prezidentining Janubiy va Mar­kaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Serjio Gor mehmonni shunday tanishtirdi: “Ruxsat bersangiz, hozirgina kelgan juda aziz va maxsus mehmonimizni tanishtiraman. U tom maʼnoda bizning maʼmuriyat uchun goʻyoki “maxfiy qurol”dir. Chunki uning davlat ishlariga taʼsir kuchi katta. Men unga hozir qayerda ekanimni aytganimda, u men ham Oʻzbekiston rahbari bilan mulo­qotda qatnashishim shart, deya darhol yetib keldi. Shuning uchun Janet Rubioni sami­miy olqishlar bilan qarshi olsak”.

    Darhaqiqat, bunday holatlar xalqaro dip­lomatiyada tomonlarning oʻzaro samimiyati, hamkorlikni mustahkamlashga boʻlgan kuchli istakni anglatadi. Tabiiyki, savol tugʻi­ladi: bugun xalqaro hamkorlar, amerika­liklardan tortib, yevropaliklargacha, Arab kengliklaridan Markaziy osiyoliklargacha yangi Oʻzbekistonga intilmoqda. Bunga qaysi jihatlar sabab erishdik? Siyosiy ohanrabo maydoni qanday yaratildi?

    Buning zamirida katta mehnat mahsuli bor. Oʻtgan sakkiz yillik islohotlar sabab yangi Oʻzbekiston dunyoga ochildi. Masalan, Marka­ziy Osiyo davlatlari oʻrtasida chegara muammo­si, oʻzaro bordi-keldidagi yopiqlik kabi talay muammolar sabab ishonchsizlik muhiti hukm­ron edi. Bugun esa davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasida qayd etganidek, yopiq che­garalar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi.

    Prezidentimiz odamlarning dardini eshi­tish uchun xalq bilan muloqotni yoʻlga qoʻydi. Shu orqali ularni qiynayotgan masalalarga tezkor yechim berila boshlandi. Bu tabiiyki, inson qadrini ulugʻlash siyosati shunchaki shior emas, amaliy vazifa ekanini isbotladi.

    Xuddi shuningdek, xalqaro siyosatda ham­korlarni tinglash, ularga quloq tutish orqali vatani va xalqining manfaatlarini ilgari surishdek kuchli siyosiy iroda koʻrsatdi. Yana­da soddaroq qilib aytganda, teng diplomatik aloqalar, doʻstona munosabatlar oʻrnatishda boshqalarga ibrat maktabi boʻldi. Ana shu jarayondagi samimiyat, teng imkoniyatlarga va diplomatik doʻstlikka intilish yangi Oʻzbe­kistonning tashrif qogʻoziga, boshqacha ayt­ganda, siyosiy ohanrabo maydoniga aylandi.

    Ha, oʻtgan qisqa vaqt ichida mamlakatimiz ichkarisidan boshlangan oʻzgarishlar nafasi butun mintaqaga taralib, Markaziy Osiyo ru­hini yaratdi.

    Shu oʻrinda yana bir faktga eʼtiboringiz­ni qaratmoqchiman. Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasidagi nutqi lingvistik tahlil qilindi. Unga koʻra, eng koʻp “maqsad” soʻzi (11-marta) ishlatilgan. “Global” soʻzi 8 oʻrinda keladi. Shunga uy­gʻun holatda, Markaziy Osiyoning zamonaviy jarayonlardagi roli alohida taʼkidlangan. “Osiyo” soʻzi 7-marta, “Markaziy” esa 6-marta qoʻllanilgan.

    Endi buni shaxsiy fikrlarimiz ila soddaroq shaklda tahlil etsak. Bugun yangi Oʻzbekiston oʻz oldiga juda katta maqsad­lar qoʻygan. Ulardan eng asosiysi — dunyoda diplomatik aloqalar orqali tinchlikka eri­shish. Tinchlik hukm surgan zaminda iqtiso­diy oʻsish kuzatiladi. Bu xalq farovonligi, yoshlarning yetarlicha bilim olish imkoniyati degani. Shu bois, katta minbarlarda Prezidentimiz doim dunyodagi ziddiyatli vaziyatlarga toʻxtalib, diplomatik aloqalar­ni mustahkamlashga chaqiradi. Bu oldimizda turgan global masalalardan biri.

    Ana shunday yana bir global masala ekolo­gik muammolardir. Prezidentimiz tashab­busi boʻlgan “Yashil makon” dasturi xalqaro darajaga chiqqani bejiz emas. Shu faktorlar sabab davlatimiz rahbari “maqsad” va “glo­bal” soʻzlarini koʻp qoʻlladi. Bu kabi masa­lalarning hech birini Oʻzbekiston yetakchisi Markaziy Osiyo mamlakatlarisiz tasavvur qila olmaydi. Nazarimda, buni ortiqcha izohlash shart emas. Chunki bugun yangi Oʻzbe­kiston tashqi siyosatidagi katta natijalarga Markaziy Osiyoda boshlagan oʻzgarishlari sa­bab erishmoqda, deb oʻylaymiz.

    Yuqorida oʻzbekning aytishi va bajari­shi haqidagi fikrni bejiz keltirmadik. Davlatimiz rahbari islohotlarni boshla­gan ilk kunlardayoq xalqni rozi qilishni oʻzining burchi, maqsadi ekanini aytgan edi. Shu maqsad sabab boshlangan oʻzgarishlar bugun okean ortida ham boʻy koʻrsatdi. Shu bois, AQSH osmonida “Welcome to USA, Prezident Shavkat Mirziyoyev” degan qut­lov hilpiradi. Bu Oʻzbekiston Liderining tinchlikparvar, xalqparvar siyosatini ol­qishlab, butun dunyoga tarannum etayotgandek tasavvur uygʻotdi bizda.

    Ha, bugun yangi Oʻzbekiston tinchlik, doʻs­tona diplomatiyani ilgari surayotgan, katta iqtisodiy imkoniyatlarga ega mamlakat si­fatida koʻrilmoqda. Mamlakatimizning yana bir tashrif qogʻozi bu — bilimdon, ertangi kun masʼuliyatini toʻla his etib, olgʻa inti­layotgan yoshlarimizdir. Mamlakatimiz rah­bari AQSHda taʼlim olayotgan ana shunday bir guruh yoshlar, vatandoshlar bilan uchra­shishga ham vaqt ajratdi. Yuqorida aytga­nimiz — tigʻiz kun tartibiga qaramay, ular bilan bafurja, samimiy muloqot qildi. Oʻsha uchrashuvdagi ikkita muhim fikrga toʻx­talmoqchimiz.

    Birinchisi, mamlakatimiz yetakchisi biz dengizdan uzoq ekanimiz, ammo yoshlar bili­mi bilan ana shu masofani qisqartira oli­shini taʼkidladi. Bilimdon, vatanparvar yoshlar barcha jamiyatlarning tayanch nuqtasi boʻlgan. Mamlakatimizda taʼlim-tarbiya, ilm-fanga katta eʼtibor berilayotganining sababi ham ana shu hayotiy haqiqatni teran anglashimizni bildiradi. Tan olaylik, ke­yingi yillarda yoshlarimiz juda katta na­tijalarga erishdi. Mamlakatimizdagi oliy oʻquv yurtlari TOP-1000 talikdan oʻrin oldi. Oʻqituvchilar obroʻsi oshishi bilan birga ma­laka va ishga ishtiyoqi ham kuchayib bormoqda. Bunday oʻzgarish va natijalarni sanab, ado­gʻiga yetib boʻlmaydi.

    Ikkinchi muhim fikr esa inson mehnati orqali qadr topishi haqida edi.

    AQSH safari chogʻida ana shu hayotiy hik­mat oʻz tasdigʻini topdi. Yaʼni Oʻzbekiston yetakchisining qisqa muddatdagi katta mehna­ti sabab biz bilan diplomatik aloqalarni kuchaytirishga boʻlgan ishtiyoq, hurmat sezi­lib turdi. Nazarimizda, davlatimiz rahba­rining tigʻiz kun tartibida shijoat bilan ishlay olish siri ham aynan shunda. Yaʼni xalq, vatan uchun sidqidildan xizmat qi­lish, shu orqali hurmatga erishish inson­ga bitmas-tuganmas quvvat beradi. Yana bir jihatni esa davlatimiz rahbarining oʻzi xalqimiz bilan uchrashuvlarda bot-bot tak­rorlaydi: “Oddiy odamlar bilan uchrashuv, ularning yuz-koʻzidagi mamnuniyat mamla­kat yetakchisiga kuch beradi”.

    Salim DONIYOROV,

    Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist