Maqomlarimiz jon ozigʻi, ruh quvvati boʻlib yangrasin!

    Sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor Oqilxon Ibrohimov bilan maqom sanʼati tarixi, mumtoz musiqamizni oʻrganish va oʻrgatish borasidagi muammolar borasida suhbatlashdik.

    “Agar biz sanʼatni, madaniyatni koʻtarmoqchi boʻlsak, avvalo, mumtoz maqom sanʼatini koʻtarishimiz kerak. Maqom ohanglari, maqom ruhi va falsafasi har bir inson qalbidan, avvalo, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodimizning ongi va yuragidan chuqur joy olishi uchun bor imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz zarur”, deya taʼkidlagan edi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.

    Bugungi avlod mumtoz ohanglar sirini yana-da teranroq anglashi, tinglashi va his qilishi uchun nimalar qilmoq lozim? Sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor Oqilxon Ibrohimov bilan suhbatlashar ekanmiz, ruhiyatimiz osmonlarini yoritayotgan ezgu maqsadlar shuʼlasini, yurtimiz ertasi, yorugʻ kunlari bilan bogʻliq orzularimizning ajib ohanglarini his qildik. Ha, qon-qonimizga singib ketgan bu ohanglar borligʻimiz, oʻzligimiz, tariximizdan darak berguvchi sarhadlardan oʻtib kelayotganligi bilan qadrli va azizdir.

    Maqom sanʼati tarixi haqida gap borar ekan, albatta, Oʻzbekiston xalq hofizi Yunus Rajabiyning hayoti va ijodiga murojaat qilish maqsadga muvofiq. Siz favqulodda isteʼdod sohibi boʻlgan buyuk sanʼatkor haqida koʻplab izlanishlar qilgansiz. Yunus Rajabiy shaxsi va faoliyatining qaysi jihatlari bugungi avlod maqomchilari uchun ibratli?

    – Mumtoz maqomlar haqida soʻz borarkan, shuurimizda, tabiiyki, bu bebaho qadriyatning bizgacha yetib kelishida yaqin oʻtmishdagi murakkab shart-sharoitlarda maʼnaviy jasorat va jonbozlik koʻrsatgan ustoz sanʼatkorlarning siymosi gavdalanadi. Bu oʻrinda xalqimizning ardoqli farzandi, Rajabiylar sulolasining yirik namoyandasi, atoqli bastakor, xonanda va sozanda, Oʻzbekiston xalq artis­ti, akademik Yunus Rajabiy (1897–1976) siymosi alohida ehtirom tuygʻularini uygʻotadi. Zero, ulugʻ ustoz hayoti va ijodiy faoliyatida bugungi avlodlar uchun koʻp va xoʻp ibratli namunalar bor. Avvalambor, alohida isteʼdod sohibi boʻlgan Yunus Rajabiyning shogirdlik maqomidagi intilishlari eʼtiborlidir. Masalan, maqomlarni oʻrganishdagi dastlabki saʼy-harakatlari Fargʻona-Toshkent yoʻllari bilan bogʻliq yuzaga kelgan ekan, bu yoʻlda oʻsha davrning eng koʻzga koʻringan ustozlari – Mirza Qosim hofiz, Mulla Toʻychi Toshmuhammedov, Shorahim Shoumarov, Inogʻomjon hofiz va Ilhom hofizlarga shogirdlik axloq-odobi doirasida hurmat-ehtirom koʻrsatib, ulardan zarur kasbiy saboq bilan birga ijobatli duolarini ham olish baxtiga musharraf boʻladi. Ayni vaqtda doim ilmga chanqoq va sanʼatga ixlosi baland Yunus Rajabiy salobatli Buxoro Shashmaqom turkumini ham mukammal amaliy oʻrganishga astoydil bel bogʻlaydi. Samarqandda atoqli sanʼatkorlar – Hoji Abdulaziz Rasulov, Levi Boboxonov, Mixoel Tolmasov, Gavriel Mullaqandov bilan uchrashib, ulardan Shashmaqomning samarqandcha yoʻllarini oʻrganadi. Shu bilan kifoyalanmay, Shashmaqom vatani boʻlgan Buxoroga borib, u yerda Ota Jalol, Ota Gʻiyos, Usta Shodi, Qori Kamol, Abdusamad Begijon, Qori Najm, Domla Halim Ibodov kabi maqom ustozlaridan saboq oladi. Shu asnoda mumtoz maqomlarning Samarqand-Buxoro va Toshkent-Fargʻona anʼanalarini mukammal egallagan Yunus Rajabiy hayratomuz ishlarni amalga oshirishga muyassar boʻlgan edi.

    Buxoro amirligi qulagach, saroy mumtoz musiqasi – Shashmaqom istiqboli, asriy badiiy anʼanalarining taqdiri mavhum boʻlib qolgan, ustiga-ustak, bu sanʼat qiymati “madaniyat peshvolari” tomonidan “feodal tuzumidan qolgan zerikarli sanʼat” kabi iboralarda rasmiy va norasmiy davralarda kamsitilish hollari ham tez-tez uchrab turardi. Binobarin, mumtoz maqomlarni har qanday asossiz xurujlardan himoya qilib, yangi davr avlodlariga bekamu koʻst yetkazib berish oʻsha davr ilgʻor ziyolilarining qaygʻusiga aylangan edi. Millat qaygʻusi bilan yongan Yunus Rajabiy mumtoz Shashmaqomni bekamu koʻst saqlab qolish va undan kelgusi avlodlarni bahramand etish yoʻlida jasorat namunasini koʻrsatdi. U oʻzi nota yozuvlariga olgan Shashmaqom majmuasini dastlab (1959-yili) “Oʻzbek xalq musiqasi” nota yozuvlari turkumining beshinchi jildida “Buxoro maqomlari” nomida nashr ettirdi. Keyinchalik esa (1966-1975-yillari) nota yozuvlaridagi Shashmaqom majmuasi olti jildlik takomillashgan koʻrinishda qayta chop etildi va ushbu nashrga Fargʻona-Toshkent maqom yoʻllari ilova tarzida kiritildi. Shuningdek, Yunus Rajabiy 1959-yili Oʻzbekiston teleradiosi huzurida Maqomchilar ansamblini tuzib, unda salobatli Shashmaqom turkumi va Fargʻona-Toshkent maqom yoʻllari ijrochilik anʼanalarini zamon ruhi bilan payvasta etgan holda amaliy yoʻlga qoʻydi. Yunus Rajabiy oʻzining boy tajribasi va yuksak kasbiy malakalarini isteʼdodli shogirdlaridan darigʻ tutmadi, balki ularning kamoloti uchun xizmat qilishi oʻlaroq ijodiy va ijroviy merosxoʻrlikning ustoz-shogird anʼanalarini murakkab shart-sharoitlarda qayta jonlantirishga beqiyos hissa qoʻshdi. Ustoz Yu.Rajabiy silsilasiga bogʻlangan D.Zokirov, D.Soatqulov, F.Sodiqov, N.Hasanov, K.Jabborov, S.Kalonov, K.Moʻminov, O.Imomxoʻjayev, B.Dovidova, K.Ismoilova, O.Alimahsumov va T.Alimatovlar kelgusida elimizning ardoqli sanʼatkorlari boʻlib yetishdilar. Yunus Rajabiy hayoti va faoliyatidan keltirilgan bu muxtasar lavhalarda bugungi kun maqom avlodlari va musiqa ustozlari uchun ham koʻpdan-koʻp ibratlar bor.

    Joriy yilda Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti tashkil etilgani barcha sanʼatsevar qalblarni chuqur hayajonga soldi. Zero, shu kungacha maqom sanʼatini oʻrganish va oʻrgatish borasida muammolarimiz anchagina toʻplanib qolgan edi. Shunday emasmi?..

    – Darhaqiqat, Toshkent shahrida Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati institutining tashkil etilishi sanʼatsevar xalqimiz hayotida katta madaniy voqea boʻldi. Buning mohiyatini teran anglash uchun yaqin moziyga yana bir nazar tashlash oʻrinli koʻrinadi. 1972-yili jonkuyar ustozimiz, sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor Fayzulla Karomatov (Karomatli)ning tashabbusi va bevosita saʼy-harakatlari bilan Toshkent davlat konservatoriyasida Sharq musiqasi kafedrasi tashkil etilgandi. Fayzulla Karomatov mudirlik qilgan ushbu kafedraning ilk pedagoglari qatorida el sevgan sanʼatkorlar Rizqi Rajabiy, Faxriddin Sodiqov va atoqli maqomshunos olim Isʼhoq Rajabov ustozlik qilishgan. Qisqa vaqt ichida kafedra bitiruvchilari orasidan taniqli olim va sanʼatkorlar yetishib chiqdiki, bu hol mazkur taʼlimning samaradorligini koʻrsatishi bilan bir vaqtda xalqimizning musiqiy merosi naqadar boy ekanidan ham kuchli nishona edi. Tabiiyki, milliy mentalitetimizning tub oʻzagini tashkil etgan bu bebaho maʼnaviy boylikni maxsus taʼlimda bus-butun oʻzlashtirish, undan ijodkorlik va ijrochilik jarayonlarida teran va unumli foydalangan holda xalqimizni bahramand etish, shu jumladan, yosh avlod shuuriga, qalbiga jo qilish, qolaversa, jahon miqyosida ham munosib namoyon etish uchun kafedra faoliyatini yana-da kengaytirish zarur edi. Lekin ziyolilarimiz orzu qilgan bu olijanob ishni oʻsha davrda amalga oshirish benihoya mushkul boʻlgani izoh talab etmaydi. Vatanimiz mustaqillikka erishgach, asriy milliy musiqiy qadriyatlarni tiklash, rivojlantirish va xalqimiz orasida keng targʻib qilish ishlari ustuvor ahamiyat kasb eta boshladi. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (2017-yil 17-noyabr), “Xalqaro maqom sanʼati anjumanini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi (2018-yil 6-aprel) va “Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi (2018-yil 1-noyabr) qarorlari qalblarni hayajonga solishi barobarida ulugʻ ustozlar ruhini ham shod etdi, degan umiddaman.

    Davlatimiz rahbarining shu yil 26-maydagi “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni milliy musiqiy meros ijtimoiy mavqeini yuksaltirish borasida favqulodda muhim ahamiyat kasb etishi shak-shubhasizdir. Zero, avvalgi qarorlarda belgilangan muhim vazifalarning mantiqiy rivoji va tabiiy davomi oʻlaroq, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining Oʻzbek maqom sanʼati fakulteti hamda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining tegishli taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari negizida Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti tashkil etildi. Institutga maqom mulkining sultoni, akademik Yunus Rajabiyning nomi berilishi ham har jihatdan asosli va adolatlidir.

    Maqomlar bizning davrga qadar, asosan, ogʻzaki anʼana tarzida avloddan avlodga oʻtib keldi. Bu mumtoz musiqa sanʼatining malakali ijrochilari boʻlgan cholgʻuchi-sozanda va ashulachi-hofizlar ustoz-shogird anʼanaviy maktabida tahsil olganlar. Ayni vaqtda markaziy shaharlarda maqomlarning oʻziga xos va betakror ijrochilik maktabi hamda uslublari ham shakllangan edi. Endilikda ana shu asriy anʼanalarni izchil va mukammal oʻrganish va davom ettirish imkoni yuzaga keldi. Albatta, taʼlim jarayonida “anʼanaviy” va “innovatsion” usullarni oʻzaro uygʻunlashtirish masalasi ham borki, bu hozirgi davr talabidir. Shu bois, oʻquv jarayonida zamonaviy texnologik imkoniyatlardan samarali foydalanish, yangi avlod darsliklari, nota toʻplamlari va oʻquv-metodik adabiyotlarini yaratish bugungi kun tartibidan oʻrin olgan.

    Inson eng qiyin damlarda onasini eslab yigʻlagani kabi sinovli damlarda yurtdoshlarimiz asl milliy sanʼatimiz namunalarini koʻproq tinglay boshladilar. Bu ruhiy oʻzgarish va silsilalarni kuzatganingizda koʻnglingizdan nimalar kechadi?

    – Bunday hollarda milliy musiqaning naqadar qudratli va moʻjizaviy kuch ekaniga yana bir bor iqror boʻlaman. Zotan, milliy musiqa har bir xalqning dilini, ruhiy olamini ifoda etadi. Binobarin, yurtdoshlarimizning ayni sinovli damlarda milliy musiqa namunalarini tinglashlari bejiz emas. Chunki ana shunday damlarda musiqa vositasida ulugʻ ajdodlarimiz ruhiy silsilasiga bogʻlanish hodisasi roʻy beradiki, shu asnoda koʻngillar taskin topib, yana ruhiy quvvat olinadi. Ulugʻlarimiz musiqani “jon ozigʻi va ruh quvvati”, deb bejizga aytmaganlar. Milliy musiqadan ruhiy quvvat olish borasida taʼlim-tarbiyaning ham katta ahamiyati bor. Bu oʻrinda, eng avvalo, ona allasi bemisldir. Mutaxassislar fikricha, goʻdakligidan ona allasini qalbiga jo qilgan farzand kelajakda ota-onasiga mehr-muruvvatli, elu yurtiga sadoqatli boʻlib voyaga yetadi. Bu borada alla ijrochilarining respublikamiz boʻylab turli miqyosda oʻtkazilayotgan koʻrik-tanlovlari yosh onalar uchun xoʻp ibratlidir.

    – “Ovroʻpo ohang usullaridan koʻz yumub, kuylarimiz oʻz ohangida qolishiga tirishaylik. Ovroʻpo ohang usullarigʻa ergashtirib olingʻan kuylarning etnografiy nuqtasidan ahamiyatini yoʻqotganimiz kabi ularning oʻzbekligini ham yoʻqotgan boʻlamiz.” Abdurauf Fitratning ushbu mulohazalarini oʻqib, bir mashhur sanʼatkorimizning maqomlarimizni zamonaviy cholgʻular asosida qayta ishlash haqida aytgan gaplarini esladim... Axir, Choʻli iroq nayda va tanburda ijro etilsa, insonga oʻzgacha zavq beradi-ku! Maqomlarimiz milliy cholgʻularimizda yangraganidagina asl maqsadga erishilmaydimi? Zamonaviy cholgʻular bizning qonimizda oqayotgan koʻhna tuygʻularni uygʻota oladi, deb oʻylamayman. Bu borada sizning mulohazalaringiz qanday?

    – Millatimiz faxri boʻlgan Abdurauf Fitratning bundan qariyb 100-yil avval qaygʻurib yozgan bu ogohlik soʻzlari bugungi kunga kelib ayni dolzarbligi ayon boʻlib qoldi. Zero, jahon miqyosida jadal kechayotgan “madaniyatlar ommalashuvi” jarayonlari bizning musiqa madaniyatimizga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmoqda. Bu jarayonning ijobiy va salbiy jihatlari xususida ommaviy axborot vositalarida koʻp gapirilgan. Shunisi ayonki, musiqada azaliy qadriyatlar ifodasi boʻlgan milliy ohanglar “xorijdan” tuhfa etilmaydi, balki ona allasidan tortib, bolalarning turli xalq oʻyinlari, oilaviy marosim, xalq sayillari va bayramlarida taralgan navolar, hukmdorlar saroyida sayqal topgan yuksak maqom sadolari ila qalbimizdan joy oladi. Binobarin, katta sahnaga qadam qoʻygan har bir xonanda yo sozanda buni chuqur anglab olmogʻi lozim. Endi Choʻli iroq masalasiga kelsak, bu mumtoz kuy nafaqat nayda, balki asrlar davomida tanbur va gʻijjak cholgʻularida ham betakror yangrab, xalqimiz qalbida mustahkam muhrlangan. Shu tufayli har gal uni tinglaganimizda qalbimizdagi xotira “daftari” uygʻonib, ajdodlarimizning begʻubor orzu-umidlari ruhiyatimizda qayta jonlanadi. Shoiru adiblarimizning rivoyat va sheʼrlarida vasf qilingan bu ajoyib asarni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash va uni kelgusi avlodga ham bekamu koʻst yetkazib berish – bugungi kun sanʼatkorlarining muqaddas burchidir. Bu mumtoz kuyning asrlar osha ulugʻ ustozlarning qalb qoʻri bilan hozirgi kunga qadar bezavol yetib kelgani esa biz uchun yuksak ibrat namunasi boʻlmogʻi kerak. Men bu bilan Choʻli iroqni boshqa cholgʻularda ijro etish mutloq mumkin emas, demoqchi emasman. Zero, bu borada yangilik sari intiluvchan ijodkorning salohiyati va ijrochining isteʼdodi hamda kasbiy mahorati butunlikda asarning munosib yechimini namoyon etishi mumkin. Bunga sanʼatkorlarimizning Choʻli iroqni cholgʻu ansambli va orkestr ijrosidagi muvaffaqiyatli talqinlari yorqin dalil boʻla oladi.

    Qolaversa, atoqli sanʼatkor Imomjon Ikromovning bastakorlik ijodi ila “Choʻli Iroq”ning hazrat Navoiy gʻazaliga bogʻlangan mumtoz ashula yoʻli ham yuzaga kelgan.

    – Soʻnggi uch yil ichida tadqiqotchilar orasida maqom sanʼati tarixini oʻrganishga intilayotgan, ilmiy izlanishlar qilayotgan yoshlarimiz safi kengaydi. Ular koʻtarib chiqayotgan mavzularning qamrovi qanday?

    – Oʻzbek musiqashunosligida maqom sanʼati tarixi mavzui eng qiziqarli, dolzarb va serqirra masalalardan biridir. Oʻz vaqtida maqomshunos olim, sanʼatshunoslik fanlari doktori, ustoz Isʼhoq Rajabov bu mavzuning anchagina qirralarini yoritib bergan edilar. Xususan, Buxoro Shashmaqomi Oʻn ikki maqom tizimining tadrijiy rivoji asosida XVIII asr oʻrtalarida uzil-kesil shakllangani, Xorazm maqomlari va Fargʻona-Toshkent maqom yoʻllarining yuzaga kelish tarixiy shart-sharoitlari shular jumlasidandir. Bugungi kun maqomshunoslari koʻp jihatdan ustoz Isʼhoq Rajabov yaratgan ilmiy taʼlimotga tayangan holda ilmiy izlanishlar qilmoqda. Soʻnggi yillarda yoshlar orasida ham maqomlar tarixiga boʻlgan qiziqish tobora ortayotgani bor haqiqat. Mavzular qamrovi ham anchayin ahamiyatliligi bilan eʼtiborni oʻziga tortadi. Masalan, yosh tadqiqotchilarimizdan Chinora Ergasheva “Oʻzbek kasbiy musiqasida nazira anʼanalari (“Ushshoq” namunalari misolida)”, Gʻanijon Xudoyev esa “Buxoro mumtoz musiqa anʼanalari va ularning zamonaviy talqinlari” mavzularida samarali izlanishlarni amalga oshirib, har ikkisi ham 2018-yili doktorlik (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ayni shu kunlarda OʻzR FA Sanʼatshunoslik institutining tayanch doktoranti Zohidjon Yoqubov “Shashmaqom ikkinchi guruh shoʻbalari” mavzuidagi PhD dissertatsiyasi ustida izlanmoqda. Oʻylaymanki, bugungi kunda maqom sanʼatiga tobora ortib borayotgan ijtimoiy eʼtibor va qiziqish ortida bunday tadqiqot ishlari yoshlar orasida yana-da qizgʻin tus oladi.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi