Videokonferensaloqa tarzida tashkil etilgan uchrashuvda viloyatdagi tuman va shaharlar saylovchilari, talaba-yoshlar, jamoat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillari, mahalliy kengashlar deputatlari, partiya faollari ishtirok etishdi.
Uchrashuvni Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulugʻbek Inoyatov olib bordi. Saylovchilarga nomzodning tarjimayi holi haqida batafsil maʼlumot berildi.
Saylovchilar huzurida chiqish qilgan Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisova saylovoldi dasturidagi ustuvor yoʻnalishlarga toʻxtalib oʻtdi. Jumladan, mamlakatda ijtimoiy tengsizlikning barcha koʻrinishlariga barham berish maqsadida, aholining barcha qatlamlarining davlat va jamiyat hayoti, sud-huquq tizimida tenglik asosida ishtirok etishini taʼminlash, pensiya va ijtimoiy nafaqa oluvchilarning hayotiy ehtiyojlarini toʻlaqonli qondirishni kafolatlaydigan pensiya va ijtimoiy taʼminotning maqbul tizimini shakllantirish, nogironligi boʻlgan shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, III guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga nafaqa tayinlash masalalari ustuvor maqsadlar sifatida belgilab olinganini taʼkidladi.
Bundan tashqari, Maqsuda Vorisova ogʻir ijtimoiy ahvoldagi oilalarni ijtimoiy turar joylar bilan taʼminlash, aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq tizimini joriy etish, asosiy oziq-ovqatlar narxlarini shakllantirish ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini qatʼiy oʻrnatish, qishloq tumanlariga sanoatni olib kirish Saylovoldi dasturdagi asosiy yoʻnalishlardan ekani xususida toʻxtalib oʻtdi.
— Har bir oilaning munosib hayot kechirishini taʼminlash, malakali tibbiy xizmat, yetarli daromadga ega boʻlishi, jamiyatda barqarorlikni saqlash uchun huquqiy tenglik, undan foydalanish uchun teng imkoniyatlar berilishi tarafdorimiz...
— Baxtli bolalik, ishonchli kelajak, qariyalarga gʻamxoʻrlik borasida takliflarni ilgari surayapmiz...
— Biz pensiya tizimida oʻzgarishlar tarafdorimiz. Pensiyaga chiqishda fuqaroning eng katta daromad topgan davri hisoblanishi kerak. Bizningcha, pensiya hisoblanishida fuqaroning istalgan 5-10 yillik davrdagi daromadlari inobatga olinishi kerak...
— Nogironligi borlarning muammolari ham jamiyatning oʻtkir muammolaridan. Toʻgʻri, bu borada xalqaro konvensiya ratifikatsiya qilindi. Ammmo bu nogironligi bor kishilar uchun toʻliq sharoit yaratilgan deb aytishga asos boʻlolmaydi. Masalan, noironlarning binolarga kirib chiqishi uchun sharoitlar yoʻq...
— Birinchi va ikkinchi guruh nogironlariga davlat tomonidan nafaqa toʻlanadi. Ammo 3-guruh nogironlariga nafaqa toʻlanmaydi. Jizzax viloyati boʻyicha 934 nafar uchinchi guruh nogironi bor. Biz ularga ham nafaqa tayinlanishi tarafdorimiz. Shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarning taʼlim olish kafolatlari toʻgʻrisidagi qonun loyihasini ishlab chiqmoqchimiz...
— Koʻplab yurtdoshlarimiz tirikchilik oʻtkazish ilinjida xorijda mehnat qilayapti. Ayrim hollarda ular turli qiyinchiliklarga duchor boʻlishmoqda. Bizningcha, mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilishga oid qonun loyihasini ishlab chiqish davri keldi...
— Kelgusi 5 yilda kambagʻal aholi ulushini kamida 2 barobarga qisqartirish lozim...
— Biz tabaqalashtirilgan soliq tizimiga qaytishimiz kerak. Nega 500 ming maosh oladigan hamshira bilan 5 million oylik oladigan kishi bir xil soliq toʻlaaydi?..
— Hasham soligʻi joriy etilishi shart. Dabdaba uchun, qimmatbaho tovarlar, avtomobillar, dangʻillama uylar uchun soliq solinishi lozim...
— Biz innovatsion texnologiyalar asosida arzon qurilish materiallari va konstruksiyalar ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish, ogʻir ijtimoiy ahvoldagi oilalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, uchun ijtimoiy turar joylar qurish uchun intilamiz...
— Bugungi kunda tibbiyot eng kam haq oladigan soha boʻlib qolgan. Dasturimizda ularning maoshlarini oshirish boʻyicha ham takliflar ilgari surilgan...
— Biz keyingi 5 yillikda tugʻuruqxonadagi oʻrinlar kengaytirilishi uchun harakat qilamiz. Tibbiy xizmatchilar shaʼnini, qadr-qimmatini asrash uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonun ishlab chiqishni taklif etamiz...
— Yoshlarning sifatli taʼlimdan teng foydalanishini taʼminlash kerak. Viloyatda pedagog kadrlar masalasiga eʼtibor qaratmasa boʻlmaydi. Oliy taʼlim muassasalarida yotoqxonalar yetishmydi. Bizning shiorimiz: Bepul taʼlim, bepul sogʻliqni saqlash...
Nomzod oʻz maʼruzasida Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqboldagi imkoniyatlari haqida toʻxtaldi. Xususan, aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni doimiy ish bilan taʼminlash, nogironligi boʻlgan va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun barqaror ish oʻrinlari yaratish, infratuzilmani yaxshilash, ichimlik suvi, elektr, tabiiy gaz taʼminoti bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish zarurligiga eʼtibor qaratdi.
— Ichimlik suvi muammosini hal qilmas ekanmiz, boshqa muammolarni yecholmaymiz. Jizzaxda hatto kanalizatsiya yoʻq tumanlar bor...
— Oilaviy poliklinikalarda 129 nafar, QVPlarda 71 nafar shifokorga ehtiyoj bor. Jizzax shahrining markaziy shifoxonasi yoʻq...
Ochiq, samimiy muloqot ruhida oʻtgan uchrashuvda saylovchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan Prezidentlikka nomzodga murojaat qildilar, viloyatni yanada rivojlantirishga borasida takliflarini bildirdilar.
Uchrashuvda soʻzga chiqqan faollar Xalq demokratik partiyasidan Oʻzbekiston Prezidentligiga nomzod Maqsuda Vorisovaning Saylovoldi dasturini qoʻllab-quvvatlashlarini, jizzaxliklarni saylovda ushbu nomzodga ovoz berishga daʼvat qildilar.