Maʼlumot uchun: Mareven Food Holdings qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, oziq- ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va tarqatish boʻyicha loyihalarga sarmoya kiritish sohasida faoliyat yuritadi. Kompaniyaning xalqaro portfeliga Rollton, BIGBON, Mareven Professional Food, Petra, Actibo brendlari kiradi.
Uchrashuvda 125 million dollarlik tez tayyorlanadigan oziq- ovqat mahsulotlari, alkogolsiz ichimliklar, quritilgan sabzavotlar, chipslar ishlab chiqaradigan yirik zavodni qurish boʻyicha navbatdagi tadbirlar atroflicha muhokama etildi. Loyiha Toshkent viloyatidagi “Angren” erkin iqtisodiy zonasi hududida amalga oshirilib, 800 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Muzokaralar chogʻida vyetnamlik hamkorlar kompaniya mahsulotlarini qabul qilish va Oʻzbekiston hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari bozorlariga tarqatish maqsadida Toshkent viloyatida logistika markazi faoliyatini tashkil etish boʻyicha olib borilayotgan ishlarning joriy holati haqida ham soʻzlab berdi. Oʻzbekiston tomoni kompaniyaning mamlakatimizdagi sarmoyaviy tashabbuslarini amalga oshirishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar Oʻzbekistonda Mareven Food Holdings kompaniyasining ishlab chiqarish va logistika obyektlarini ishga tushirish va yangi ish oʻrinlari yaratishni nazarda tutgan holda loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish yuzasidan hamkorlik qilish tartibini kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.