Tantanali ochilish marosimida Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov soʻz olib, korxonaga qabul qilingan xotin-qizlarni muborakbod etdi hamda yangi ish joyi oilalarga qut-baraka olib kelishini tiladi.

Taʼkidlash joiz, mazkur loyihaga Xotin-qizlar muammolarini oʻrganish va hal etish boʻyicha respublika ishchi guruhining tuman hududidagi oʻrganishlaridan soʻng asos solingandi. Jumladan, Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tomonidan kasaba uyushmalari federatsiyasiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan 3 milliard soʻm yoʻnaltirilgan edi. Bundan tashqari, loyihaga tadbirkor ham 3,5 milliard soʻm mablagʻ ajratdi. Bunyodkorlik jarayoni belgilangan muddatda yakuniga yetkazilib, 300 ta doimiy ish oʻrni yaratildi.

Yaqin kelajakda korxonada ikki smenada ish tashkil etiladi hamda ish oʻrinlari soni 600 taga yetkaziladi.

— Tumanimizda mana shunday yirik trikotaj korxonalari deyarli yoʻq edi, - deydi tikuvchilikka ishga qabul qilingan Hilola Davronova. – Hududda orzuyimizdagi ish joyi yaratilganidan judayam baxtiyormiz. Ishga mehr berib, chin yurakdan mehnat qilsak, daromadimiz koʻpayib, roʻzgʻorimizga baraka kiradi, albatta. Buning uchun tashkilotchilarga katta rahmat.

Eʼtiborli jihati, tikuvchilik sexiga ishga qabul qilingan opa-singillarning qariyb barchasi ogʻir ijtimoiy sharoitdagi yoki ish izlab yurgan ayollardir.

Ochilish marosimida viloyat hokimligi tomonidan korxonani barpo etishda faollik koʻrsatgan bir guruh quruvchilarga sovgʻa-salomlar topshirildi.

Rustamjon Eshonov.

Muallif olgan suratlar.