Marhamatlik hunarmand ayollarning junli roʻmol ishlab chiqarish faoliyati qayta yoʻlga qoʻyiladi

    Sanoat 10 Iyul 2021 1690

    Prezidentmizning “Respublikada mavjud yaylovlardan unumli foydalanish, ipak va junni qayta ishlashni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, Gʻuzor va Dehqonobod tumanlari, Qoʻshrabot tumani, Qumqoʻrgʻon va Boysun tumanlarida jun yoʻnalishidagi mayda shoxli mollarni yetishtirishga ixtisoslashtiriladi.

    Qarorda belgilanganidek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida ajratilgan mablagʻlar jun yoʻnalishidagi qoʻylarni, shuningdek, qoʻlda jun yigirish, ipak matolari, gilam va kigiz toʻqish uskunalarini sotib olishga ham yoʻnaltiriladi.

    Ushbu qaror ijrosini taʼminlash, junni qayta ishlash va undan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish korxonalari va hunarmandlar faoliyatini oʻrganish maqsadida Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi raisi Andijon viloyatida xizmat safarida boʻldi.

    Safar chogʻida Marhamat tumanida yaqinda ishga tushirilgan Oʻzbek-Afgʻon “Afghan bazar silk carpets Andijan” MCHJ qoʻshma korxonasi faoliyati bilan tanishildi.

    Marhamat tumanida mahalliy ayollar tomonidan uzoq yillar davomida junli roʻmol ishlab chiqarilgan. Bu hunar avloddan avlodga oʻtib qadriyat sifatida qadrlanib kelgan. Oxirgi yillarda jun xomashyosining yetishmasligi tufayli yoʻqolib ketish darajasiga kelib qolgan edi.

    Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi raisi “Marhamat” tuman hokimi bilan mahalliy ayollarni ish bilan bandligini taʼminlash va jun roʻmol ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar. Kelishuvga koʻra, tumanda shu hunarga layoqati bor ayollarga dastgoh va xomashyo yetkazib beriladi va tayyor mahsulotlar sotib olinishi taʼminlanadi.