Bu oʻz-oʻzidan ahillik, birdamlikka xizmat qiladi. Shu maʼnoda, yurtimizda xalqni rozi qilishga qaratilgan siyosat zamirida vijdon erkinligini taʼminlashga alohida eʼtibor berilayotgani bejiz emas. Chunki inson huquqini kafolatlash orqali rivojlanish, Uchinchi Renessansni barpo etishday yuksak marraga erishish oson kechadi.
Keyingi yillarda yurtimizda maʼnaviyat va maʼrifatga eʼtibor kuchayib, davlat siyosatining muhim yoʻnalishiga aylangani kishini quvontiradi. Xususan, Prezidentimizning shu yil 21-apreldagi “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni sohada islohotlar yangi bosqichga chiqqanidan dalolat beradi. Mazkur tarixiy hujjat haqida soʻz borar ekan, sohadagi qator ustuvor jihatlarni eʼtirof etish kerak.
Birinchidan, yurtimizda xilma-xil diniy eʼtiqodga ega insonlarning bir zaminda yagona xalq boʻlib, ezgu gʻoya atrofida hamjihatlikda yashashi bagʻrikenglikning yorqin namunasidir. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Bizning qadimiy va saxovatli zaminimizda koʻp asrlar davomida turli millat va elat, madaniyat va din vakillari tinch-totuv yashab kelgan. Mehmondoʻstlik, ezgulik, qalb saxovati va tom maʼnodagi bagʻrikenglik bizning xalqimizga doimo xos boʻlgan va uning mentaliteti asosini tashkil etadi”.
Chuqur oʻylangan milliy va diniy siyosat tufayli yangi Oʻzbekiston bugun dunyo mamlakatlari uchun bagʻrikenglikni oʻzida mujassam etgan mamlakat sifatida namuna boʻlyapti.
Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari tinch-totuv yashamoqda. Islohotlar samarasida diniy soha vakillarining ijtimoiy hayotdagi roli ortib boryapti. Xususan, bugungi kunda Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan diniy tashkilotlar soni 2356 taga yetib, shundan 2159 tasi islomiy, 197 tasi boshqa konfessiyalarga tegishlidir. Soʻnggi sakkiz yilda Oʻzbekistonda jami 130 ta — 3 ta oliy va 1 ta oʻrta maxsus islom bilim yurti, 102 ta masjid hamda turli konfessiyaga taalluqli 24 ta noislomiy diniy tashkilot davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. 2017-yilga qadar mamlakatimizda 1 ta oliy (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti) hamda 11 ta oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasasi (9 ta islomiy, 2 ta xristian) faoliyat yuritgan. Bugun esa 16 ta diniy taʼlim muassasasi bor, ularning 4 tasi oliy oʻquv yurtidir.
Ikkinchidan, keyingi yillardagi islohotlar tufayli jamiyatimizda fuqarolarning vijdon erkinligi va diniy bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash borasida ulkan natijalarga erishildi. Ayni paytda jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk alloma va mutafakkirlarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish va targʻib etishga katta eʼtibor berilmoqda. Maqsad unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodni vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdir. Qolaversa, bu islohotlar zamirida yurtimizning jahon sivilizatsiyasi beshigi sifatidagi tarixiy maqomi va nufuzini tiklashday ezgu niyat bor.
Oʻtgan qisqa vaqtda Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi. Ushbu muassasalar “Jaholatga qarshi maʼrifat” ezgu umuminsoniy gʻoyasi asosida jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhitni taʼminlashga, yoshlarni zamonaviy fikrlaydigan va buyuk ajdodlarimizga har jihatdan munosib etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, BMT tomonidan Oʻzbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilindi, 2019-yildan beri 16-noyabr — Xalqaro bagʻrikenglik kuni yurtimizda haftalik tarzida keng nishonlanmoqda. Qolaversa, 2023-yildan boshlab aholi oʻrtasida dinlararo va konfessiyalararo hamjihatlik, totuvlik va bagʻrikenglikni mustahkamlash, diniy-maʼrifiy soha rivojiga ulkan hissa qoʻshgan insonlar “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanib kelinmoqda. Shularning oʻziyoq mazkur sohadagi islohotlar mazmunini ochib bera oladi.
Uchinchidan, shiddat bilan oʻzgarib borayotgan bugungi murakkab sharoitda dunyoda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalar mamlakatimizda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun”, degan xalqchil tamoyilga asoslangan islohotlar toʻgʻri ekanidan dalolat bermoqda.
Prezidentimiz ilgari surgan ezgu tashabbuslardan biri — inson qadri tamoyili har bir inson eʼtibor va eʼzozga munosib ekani, vijdon erkinligi masalasi esa eʼtiqod qilish yoki qilmaslik borasidagi tanlov va hurfikrlilikni ifoda etadigan oliy darajadagi qadriyat ekanini anglatadi.
Oʻtgan yillar davomida “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun takomillashtirildi. Ammo sohaga Prezident darajasidagi eʼtibor yangi Oʻzbekiston sharoitida amalga oshdi. 2018-yil 16-aprelda tariximizda ilk bor Prezidentning “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Ulkan ijobiy oʻzgarishlarga asos solgan hujjatda “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi sohaning ustuvor vazifasi etib belgilandi. Ilm-maʼrifat bilan barcha masalalarni hal etish maʼnosini oʻzida ifoda etgan mazkur ezgu tamoyil mamlakatimizning barcha hududida tizimli faoliyat sifatida yoʻlga qoʻyildi.
Toʻrtinchidan, keyingi yillarda yurtimizda vijdon erkinligi va diniy sohada davlat siyosati takomillashdi. Bu fuqarolarning eʼtiqod erkinligini kafolatlash va diniy sohaga oid masalalarni huquqiy asosda hal etishda tub burilish yasadi. Ushbu yoʻnalishda ilgari surilgan konseptual yondashuvlar nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro maydonda ham eʼtirof etilyapti.
Mamlakatimizda fuqarolarning dini, eʼtiqodi, milliy mansubligi, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, huquq va qonuniy manfaatlari toʻliq roʻyobga chiqarilmoqda. Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot yoʻli insonlarning dinga munosabatidan kelib chiqib ustunlik bermaslik, kamsitishga yoʻl qoʻymasdan vijdon erkinligini kafolatlash, deya belgilab olindi.
Xususan, davlatimiz rahbarining shu yil 21-apreldagi “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni, bir tomondan, ushbu yoʻnalishdagi islohotlar uchun muhim hujjat, ikkinchidan, sohaga Prezident darajasida berilayotgan doimiy eʼtiborning muhim namunasi boʻldi. Zero, u orqali davlat va din munosabatlari ochiqligi, shaffofligi, diniy tashkilotlarning huquqiy maqomini mustahkamlash, shuningdek, diniy-maʼrifiy faoliyatni ilmiylik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tashkil etish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Beshinchidan, ushbu farmon bilan fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy-maʼrifiy soha faoliyatini takomillashtirish va uni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qator ustuvor yoʻnalishlari belgilandi. Xususan, jamiyatda diniy bagʻrikenglik va konfessiyalararo totuvlikni yanada mustahkamlashga oid ilgʻor mexanizmlarni joriy etish koʻrsatib berildi. Qolaversa, ilm-fan va jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarning insonparvarlik, ezgulik, tinchlik, bagʻrikenglik kabi umuminsoniy gʻoyaga asoslangan diniy-falsafiy merosini chuqur oʻrganib keng targʻib etishga alohida eʼtibor qaratildi. Fikrimizni “Moturidiylik — bagʻrikenglik, moʻtadillik va maʼrifat taʼlimoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazilgani ham tasdiqlaydi.
Bundan tashqari, sohada kadrlarni tayyorlashga ham jiddiy eʼtibor berilmoqda. Maqsad aholi orasida birdamlik, oʻzaro hurmat va mehr-oqibat ruhini kuchaytirishdir. Bu borada ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlashga qaratilgan dolzarb ilmiy tadqiqotlar qoʻllab-quvvatlanmoqda. Natijada sohada xalqaro hamkorlik munosabatlari yanada rivojlanib boryapti. Buning barchasi yurtimizda turli millatlar, konfessiyalar va din vakillari oʻrtasida doʻstlik va totuvlik muhitini yaratishga qaratilgan ishlar yanada samarador boʻlishiga qaratilgan.
Oltinchidan, mazkur farmon Oʻzbekistonning inson huquqlari, xususan, vijdon erkinligi boʻyicha oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarni amalda bajarayotganini yaqqol namoyon etdi. Unda yurtimizda vijdon erkinligini kafolatlash, diniy bagʻrikenglik, fuqarolararo totuvlik hamda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash maqsadida “Bagʻrikeng jamiyat — barqaror davlat” tamoyili asosida Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining yangi hamkorlik tizimini yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi. Maqsad aholi, xususan, yoshlar orasida ulugʻ ajdodlarimizga xos bagʻrikenglik va doʻstona munosabatlarni mustahkamlash, shu orqali Oʻzbekiston aholisining dini, eʼtiqodi, milliy mansubligi, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, huquq va qonuniy manfaatlarini muttasil va ishonchli taʼminlashdir. Bunga erishish uchun jamiyatda vijdon erkinligini davrimizga xos tarzda kafolatlashi shart. Mazkur hujjat shunga xizmat qiladi.
Yettinchidan, har bir sohada boʻlgani kabi diniy-maʼrifiy sohada ham yetuk kadrlarga ehtiyoj bor. Hozir diniy va dunyoviy bilimlarni chuqur egallagan, jahonda boʻlayotgan voqea-hodisalarni baholay oladigan shaxslar juda zarur. Chunki ular umumbashariy muammolarning salbiy taʼsiriga qarshi kurashishni yaxshi biladi. Oldimizga ana shunday yoshlar safini kengaytirish vazifasi turibdi. Shu maqsadda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida 2019-yildan beri faoliyat koʻrsatayotgan Malaka oshirish markazi Diniy-maʼrifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutiga aylantirildi. Bu maʼrifiy hayotimizda juda katta quvonchli voqea boʻldi. Xalqimiz, ayniqsa, soha vakillari mazkur yangilikni koʻtarinki kayfiyatda qarshi oldi.
Institut islomshunoslik, dinshunoslik, davlat va din munosabatlari asoslari, shuningdek, radikallashuvning oldini olish yoʻnalishlarida diniy soha mutaxassislarining malakasini oshiradi va qayta tayyorlashga masʼul muassasa hisoblanadi.
Global dunyo har soniyada oʻzgarib, tuslanib bormoqda. Yot gʻoyalar targʻiboti ham zamonga moslashib, oʻzgarmoqda. Ularga qarshi turib, jamiyatni birdamlikka chaqiradiganlar zamondan bir qadam oldinda yurishi kerak boʻladi. Shuning oʻziyoq institutning oldida qator muhim vazifalar borligidan dalolatdir.
Ochigʻini aytish kerak, hozirga qadar Malaka oshirish markazi sifatida faoliyat yuritgan mazkur muassasa auditoriyalar yetishmasligi, tinglovchilar uchun turar joy masalasida qator mushkulliklarni boshdan kechirib kelgan. Mazkur farmon esa bu muammolarga birgina band bilan yechim beradi. Tashkil etilgan yangi institutga barcha ehtiyojlari uchun yetarli boʻlgan alohida bino ajratilgani fikrimizning yaqqol isbotidir.
Davlatimiz rahbarining “Barchamiz uchun Vatan bitta. Bizni yagona, ulugʻ bir maqsad birlashtiradi. U ham boʻlsa, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligidir”, degan soʻzlari teran fikrli har bir ziyolini doim hushyor va sergak turishga, zamon bilan hamnafas boʻlib, yurt uchun xizmat qilishga undaydi.
Shunday ekan, biz, pedagog kadrlar jamoasi jamiyat tinchligi, vatan ravnaqi yoʻlida hamisha izlanishda boʻlishimiz lozim. Oʻzbek xalqi uchun xayrli boʻlgan ushbu farmon vatan tinchligi va osoyishtaligi yoʻlida ayni vaqtida, oʻta teran mulohazalar bilan eʼlon qilingan muhim hujjat sifatida tarix zarvaraqlaridan joy oladi. Bu, oʻz navbatida, mazkur hujjatda belgilab berilgan vazifalarni ado etish uchun zimmamizga ulkan masʼuliyat yuklanganidan dalolat beradi.
Xusniddin AHMEDOV,
siyosiy fanlar doktori,
professor