Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi tomonidan 2024-yilning yanvar oyidagi yigʻilishlarda (9-marta) 30 ta masala koʻrildi va ularda tegishli qarorlar qabul qilindi.

Roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishida 20 ta masala koʻrib chiqildi. Xususan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish (2 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (3 ta), kredit tashkilotlarini litsenziyalash (2 ta), banklarda audit oʻtkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (2 ta) hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari, shuningdek, muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini koʻrib chiqish
(11 ta) kabi masalalardir.

Kredit tashkilotlarining moliyaviy holati boʻyicha (10 ta masala) banklar va toʻlov tashkilotlarining moliyaviy holati va ular tomonidan Markaziy bankning prudensial meʼyorlari talablarining bajarilishi, shuningdek, banklar va mikromoliya tashkilotlarida oʻtkazilgan oʻrganishlar natijalari muhokama qilindi.

Xususan, amaldagi qonunchilik va Markaziy bankning meʼyoriy-huquqiy hujjatlari talablariga rioya qilinishi taʼminlanmaganligi sababli 1 ta bank va 1 ta toʻlov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qoʻllanildi, shuningdek, 3 ta bank va 2 ta lombard chora va sanksiyalar qoʻllanilishi toʻgʻrisida ogohlantirildi.

Bundan tashqari, Qoʻmita tomonidan oʻzining tizim barqarorligini saqlash, omonatchilar va investorlar huquqlarini himoya qilish prinsipidan kelib chiqib, tijorat banklari boshqaruvlari va mikromoliya tashkilotlari rahbariyatiga aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, oʻrnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sogʻlomlashtirishga qaratilgan talablarga rioya qilish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi.