Nizom moliyaviy operatsiyalar, texnologiyalar va xizmatlar (keyingi oʻrinlarda – moliyaviy xizmatlar) sohasidagi maxsus huquqiy rejimni (keyingi oʻrinlarda – “tartibga solish qumdoni”) joriy etish va bekor qilish, shuningdek mazkur rejim doirasida faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Maʼlumot uchun: tartibga solish qumdoni – amaldagi qonunchilik bilan tartibga solinmagan yangi texnologiyalarni tajriba tariqasida sinovdan oʻtkazish uchun joriy etiladigan alohida huquqiy rejim. Unga koʻra alohida bir hududda muayyan muddatga boshqa huquqiy tartib taʼsir qilmaydigan huquqiy rejim yaratiladi.

Hujjatga koʻra “tartibga solish qumdoni”ni joriy etish uchun moliyaviy xizmat quyidagi mezonlardan biriga muvofiq boʻlishi lozim:

  • moliyaviy xizmatning respublika moliyaviy xizmatlar bozori uchun yangiligi;
  • moliyaviy xizmat isteʼmol xususiyatlarining mavjud xizmatlarga nisbatan yaxshilanganligi;
  • moliyaviy xizmatni koʻrsatishga qonunchilikda cheklovlar yoki noaniqliklarning mavjudligi.

“Tartibga solish qumdoni”ni joriy etish haqida ariza yangi moliyaviy xizmatni joriy etayotgan Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan yuridik shaxs tomonidan beriladi (banklar, nobank kredit tashkilotlari, toʻlov tizimlari operatorlari, toʻlov tashkilotlari, kredit byurolari, valyuta birjalari).

Ariza beruvchi yuridik shaxs quyidagi talablarga javob berishi kerak:

  • qayta tashkil etish va tugatish jarayonida emasligi;
  • bankrot deb topilmagan va unga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik boʻyicha ish qoʻzgʻatilmagan boʻlishi;
  • benefitsiar mulkdorlarida, boshqaruv organlari aʼzolarida iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar yoki boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar yoki jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolining tarqatilishini moliyalashtirish bilan bogʻliq jinoyatlar uchun tugallanmagan yoxud olib tashlanmagan sudlanganlik holatlari mavjud boʻlmasligi;
  • benefitsiar mulkdorlari, boshqaruv organlari aʼzolari imtiyozli soliq rejimini taqdim etuvchi va (yoki) benefitsiar mulkdorning shaxsini oshkor etishni hamda moliyaviy operatsiyalarni oʻtkazishda axborot taqdim etishni nazarda tutmaydigan davlat va hududning rezidenti boʻlmasligi, shunday davlat va hududda yashamasligi yoki roʻyxatdan oʻtmaganligi;
  • moliyaviy moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishga doir cheklovlar qoʻllanilmaganligi.

“Tartibga solish qumdoni”ni joriy etish haqida ariza 40 ish kun ichida koʻrib chiqiladi, natijasi boʻyicha uni joriy etish yoki joriy etishni rad etish haqida qaror qabul qilinadi.

Arizani koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim undirilmaydi.

Ariza bilan bir vaqtda qator hujjatlar, shu jumladan vaqtinchalik tartib loyihasi ilova qilinishi lozim. Loyihada quyidagilar aks ettirilishi kerak:

  • sinovdan oʻtkaziladigan moliyaviy xizmatning, shuningdek tegishli biznes-jarayonning tavsifi;
  • sinovdan oʻtkazishning boshlanish va tugash sanalari;
  • “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisiga tatbiq etilmaydigan qonunchilik hujjatlari normalari (mavjud boʻlganda);
  • “tartibga solish qumdoni” shartlari, «tartibga solish qumdoni” ishtirokchisiga nisbatan joriy etiladigan cheklovlar roʻyxati;
  • “tartibga solish qumdoni” joriy etilishining samaradorligi va natijadorligini baholash tartib-taomillari va mezonlarini;
  • moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish bekor qilinganda yoki muvaffaqiyatsiz deb topilganda “tartibga solish qumdoni” ishtirokchisining keyingi harakatlari (mijozlarga xizmat koʻrsatish yoki shartnomalarni bekor qilish, mablagʻlarni qaytarish tartibi va boshqa shartlar);
  • mijozlar huquqlari himoya qilinishini taʼminlovchi qoidalar;
  • jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishga doir talablar;
  • moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish jarayoni haqida Markaziy bankka hisobot taqdim etish tartibi;
  • moliyaviy xizmatni sinovdan oʻtkazish natijalari toʻgʻrisida hisobot taqdim etish muddati;
  • “tartibga solish qumdoni” doirasida Markaziy bank bilan har qanday aloqa bogʻlash usullari;
  • moliyaviy xizmatni joriy etish va qoʻllash uchun zarur boʻlgan boshqa axborotlar.

“Tartibga solish qumdoni”ning muddati Markaziy bank tomonidan belgilanadigan, uch yildan ortiq boʻlmagan davrni oʻz ichiga oladi.

Shaffoflikni taʼminlash maqsadida Markaziy bank oʻzining rasmiy saytida “tartibga solish qumdoni” roʻyxatini yuritadi.

Xujjat Qonun xujjatlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 06.10.2022-yilda kuchga kirdi.

Cobir Nurberdiyev.