Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida ijtimoiy-iqtisodiy aloqa mustahkamlanib boryapti

    Xalqaro hamkorlik 24 Oktabr 2023 621

    Joriy yil 24 oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Markaziy Osiyo davlatlari vazirlarining mintaqaviy integratsiya masalalari boʻyicha “C5+1” mintaqaviy diplomatik platformasi yigʻilishida ishtirok etdi.

    Tadbirda, shuningdek, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi USAID maʼmuri Samanta Pauyer, Qozogʻiston Respublikasi Savdo va integratsiya vaziri Arman Shakkaliyev, Qirgʻiziston Respublikasi Iqtisodiyot va savdo vaziri oʻrinbosari Chingiz Mekeshov, Tojikiston Respublikasi Iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri oʻrinbosari Axliddin Nuriddinzoda, Turkmaniston savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri oʻrinbosari Kerimberdi Qurbonov hamda USAID, Markaziy Osiyo davlatlari vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etdi.

    Laziz Kudratov yigʻilish ishtirokchilariga qutlov soʻzi bilan murojaat qilar ekan, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, mahsulotlar yetkazib berish zanjiri barqarorligini taʼminlash va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlarni birgalikda ishlab chiqish orqali mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish muhimligini taʼkidladi.

    Shu nuqtayi nazardan, joriy yilning sentyabr oyida Nyu-York shahrida mintaqa davlat rahbarlarining C5+1 platformasi doirasidagi tarixiy uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha ishlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

    Keyingi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi munosabatlar sezilarli darajada mustahkamlangani, buning natijasida ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi koʻrsatkichlarning keskin oʻsishiga erishilganligi taʼkidlandi.

    Xususan, 2022-yilda mintaqa davlatlarining umumiy tashqi savdo aylanmasi 2017-yilga nisbatan qariyb ikki baravar koʻpayib, 220 milliard dollarni tashkil etdi, oʻzaro investitsiyalar hajmi esa 5,6 barobar oshdi. Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti soʻnggi besh yilda 40% oʻsdi va 2022-yil oxiriga kelib 406 milliard dollardan oshdi.

    Erishilgan natijalar mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik salohiyatidan toʻliq foydalanish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish yoʻlidagi oraliq bosqich ekani qayd etildi.

    Uchrashuv doirasida raqamli va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, biznes yuritish uchun investitsiya va qulay muhitni yaxshilash, mehnat resurslarini rivojlantirish, mintaqada oziq-ovqat xavfsizligini oshirish boʻyicha yagona pozitsiyalarni ishlab chiqishga bagʻishlangan panel sessiyalari oʻtkazildi.

    Hududlararo savdoni kengaytirish va transport yoʻlaklarini diversifikatsiya qilish, energetika integratsiyasini takomillashtirish va ekologik toza energiya ishlab chiqarishni koʻpaytirish orqali iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratildi.

    USAID Administratori Samanta Pauyer tomonidan matbuot anjumani oʻtkazildi, unda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari tashkilotning savdo, energetika va atrof-muhitni muhofaza etish sohalarida qoʻshma tashabbuslarni jadal amalga oshirishni taʼminlashga qaratilgan loyihalari haqida maʼlumot berildi.

    Tadbir yakunida qoʻshma bayonot qabul qilindi hamda mintaqa davlatlari va USAID oʻrtasida dekarbonizatsiya va bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish boʻyicha oʻzaro anglashuv Memorandumlarini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.