Markaziy Osiyo va MDHda yagona raqamli nimstansiya ishga tushdi

    Energetika 22 Dekabr 2023 994

    2021-yil 29-iyul kuni Prezidentimiz Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining “Yoshlik 1” koniga tashrif buyurib, 3-Mis boyitish fabrikasi qurilishiga start berilgan edi. Ani paytda mazkur konni oʻzlashtirish investitsiya loyihasi jadal surʼatlarda olib borilmoqda.

    “Yoshlik-1” konini oʻzlashtirish loyihasi doirasida barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasi hamda “Yoshlik” va “Qalmoqqir” konlarini elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida mamlakatimizda ilk bora 500\110\10 kV kuchlanishli raqamli nimstansiya barpo etildi. Uning barcha metall konstruksiyalari va beton buyumlari mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlangan. Ulash qurilmalari mukammal himoya tizimiga ega boʻlgan elegazli ijroda bunyod etilgan.

    Shuningdek, ilgʻor xorijiy ishlab chiqaruvchilar hamda elektr energetikasining yirik gigantlarining 110 va 500 kVli oʻchirgichlari, tok va kuchlanishli transformatorlari oʻrnatildi. Avtomatika va rele himoyali bloklar, avariyaga qarshi, raqamli boshqaruv, maʼlumotlarni yigʻish va uzatish dispetcherlik boshqaruv tizimlari bilan jihozlandi. 3-Mis boyitish fabrikasi va “Yoshlik 1” konigacha boʻlgan masofada barcha yuqori voltli elektr uzatish liniyalari oʻrnatildi.

    Eʼtiborlisi, mazkur nimstansiya nafaqat Markaziy Osiyoda, balki Mustaqil Hamdoʻstlik Davlatlari ichida birinchi va yagona hisoblanadi.

    Maʼlumot uchun. Hozirgi paytda kombinatda “Yoshlik-1” konini oʻzlashtirish va 3-Mis boyitish fabrikasini qurish ishlari olib borilmoqda. Uning amalga oshirilishi natijasida kombinatning ishlab chiqarish quvvati bir necha barobarga oshirilishi koʻzda tutilgan. Bu, oʻz navbatida, respublika yalpi ichki mahsuloti hajmining oʻsishiga ham xizmat qiladi.

    “Yoshlik-1” konini oʻzlashtirish natijasida birinchi bosqichda (2021-2026 yy.) 300 ming tonna, ikkinchi bosqichda (2024-2028 yy.) 400 ming tonna mis katodi ishlab chiqariladi.

    OKMK Axborot xizmati