OKMK: 2024-yil uchun yillik eksport prognozi muddatidan avval bajarildi

    2030-yilga borib OKMKda ishlab chiqarish quvvatlarini, jumladan misni 500 ming tonnaga oshirish maqsad qilingan.

    Olmaliq kon-metallurgiya kombinati – mis-molibden, polimetall va oltin tarkibli maʼdanlarni qazib olish va qayta ishlash boʻyicha Oʻzbekistonda va Markaziy Osiyoda yetakchi sanalib, mis mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha dunyodagi 30 ta yirik korxona safiga kiradi.

    Davlatimiz rahbarining togʻ-kon sanoatiga boʻlgan eʼtibori tufayli kombinatda keng koʻlamda modernizatsiya amalga oshirilmokda. Buni dalili sifatida raqamlarga murojaat qilamiz. 2012-2016-yillarda kombinat barqarorligi uchun 123 mln dollar sarflangan. 2017-2024-yillarda ushbu mablagʻ 35 baravarga oshib, 4,5 mlrd dollarga yetdi. Bu esa oʻz navbatida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini 1,8 baravarga, mahalliylashtirish darajasini esa 7,7 baravarga oshirishga zamin yaratdi.

    2030-yilga borib OKMKda ishlab chiqarish quvvatlarini, jumladan misni 500 ming tonnaga oshirish maqsad qilingan.

    Ushbu yirik investitsiyaviy loyihani yakuniga yetkazish natijasida esa OKMKdagi maʼdan koni kattaligi boʻyicha dunyoda eng yirik kon maqomiga ega boʻladi.

    Ushbu yoʻnalishda 2025-yilda 60 mln tonna quvvatga teng 3-Mis boyitish fabrikasi, 180 ming tonna quvvatga teng 6-son sulfat kislotasi sexi va Mis boyitish fabrikasida toʻliq avtomatlashtirilgan yangi nasos-gidrotsiklon uskunalari foydalanishga topshiriladi. Joriy yilning 15-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrifi davomida 4-sonli MBF qurilishiga start berilgan. 4-sonli MBFning ishga tushirilishi natijasida mis ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada oshadi. Bu esa misdan yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini yaratadi. Fabrika va uning infratuzilmalari foydalanishga topshirilganidan soʻng, 3 mingdan ortiq ish oʻrinlari yaratiladi. Fabrikada yiliga 60 mln tonna maʼdan qayta ishlanib, 800 ming tonnadan ortiq mis konsentrati ishlab chiqariladi. Hozirda mutaxassislar tomonidan loyihaoldi ishlari amalga oshirilmoqda.

    Eʼtiborga molik jihati ushbu fabrika ishlab chiqarish jarayonida yuqori texnologik, ekologik xavfsiz va tejamkor texnologiyalar qoʻllanishini belgilangan boʻlib, fabrikada zamonaviy texnologiyalar joriy etiladi.

    Bundan tashqari, OKMK muqobil elektr manbalariga oʻtish maqsadida, Namangan viloyatidagi 500 MVt quyosh fotoelektr stansiyasidan 2026-yildan elektr energiyani harid qilishga kelishildi. Shuningdek, Toshkent viloyatida quriladigan 150 MVt FES ham kombinatga elektr energiyani 2027-yildan boshlab yetkazib berishni boshlaydi.

    Yildan yilga rivojlangan mamlakatlarning yirik ishbilarmonlari OKMKga qiziqish bildirmoqda. Xususan, soʻngi bir yil ichida kombinat rahbariyati va mutaxassislari Yaponiya, Koreya, Germaniya, Finlyandiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Singapur kabi rivojlangan davlatlarning yuzlab investorlari bilan muloqot olib borib, yangi investitsion va innovatsion loyihalar ustida ish olib borishmoqda.

    OKMK respublikada birinchilardan boʻlib davlat kafolatisiz toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy kreditlarni jalb qilishni boshlagan boʻlib, 2024-yilda ularni oʻzlashtirish koʻrsatkichi 1,8 mlrd dollarga yetadi. Bu esa, oʻz navbatida, chet-el banklarining kombinatning moliyaviy holatiga ishonchi yuqori ekanligidan dalolat beradi.

    Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan yanvar noyabr holatiga 578 796 000 dollarlik masʼhsulot eksporti amalga oshirilib, prognoz 115,4%ga bajarildi.

    Maʼlumot uchun 2024-yil uchun 550,0 mln dollarlik mahsulot eksport qilinishi belgilangan boʻlib, 15-noyabr kuni yillik eksport prognozi muddatidan avval bajarildi. 15-noyabr holatiga 550,8 mln dollarlik mahsulotlar eksport qilindi.

    Yildan yilga OKMK eksport geografiyasi kengayib bormoqda. Hozirda kombinat mahsulotlari 19ta davlatga eksport qilinadi. Xorijga asosan mis, rux, molibden, reniy, qoʻrgʻoshin konsentrati, kadmiy, palladiy kukuni kabi mahsulotlar eksport qilinmoqda.

    2024-yilda bir qator yangi bozorlar oʻzlashtirildi. Jumladan, joriy yildan boshlab Gvineya, Senegal, Serbiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Marokash, Portugaliya kabi davlatlarga ham mis katankasi va mis kuporosi eksporti amalga oshirilayapti.

    Mahalliylashtirish dasturiga koʻra, yanvar noyabr oylarida 266 ta loyiha boʻyicha 1382,4 mlrd soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, prognoz (1334,8 mlrd soʻm) 103,6 foizga bajarildi. Oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻsish 3,6 barobarni, import oʻrnini bosish samaradorligi 108,5 mln dollarni tashkil qildi.

    Bunda yangi loyihalar boʻyicha 1109,1 mlrd soʻmlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarildi. Hisobot davrida mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan mahsulotlardan 2,1 mln dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirildi.

    Sanoat kooperatsiyasi orqali yanvar noyabr oylarida mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalardan 1225,6 mlrd soʻmlik mahsulotlar harid qilinib, rejaga (1134,6 mlrd soʻm) nisbatan 108 foizni tashkil etdi.

    Importni qisqartirish boʻyicha joriy yilning yanvar noyabr oylari yakuni boʻyicha jami kombinat tomonidan 142,9 mln dollarlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan va harid qilingan.

    Kombinat ehtiyojlari uchun professional muhandis-texnik xodimlarni qayta tayyorlash maqsadida Muhandislik maktabi barpo etildi. Maktabni loyihalash Germaniyaning “Aurubis” kompaniyasining oʻquv markazi namunasida amalga oshirildi. Muhandislik maktabida geologiya, konchilik ishi, kon sanoati transportlari, marksheyderlik ishi, foydali qazilmalarni boyitish, metallurgiya, mexanika, energetika, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish yoʻnalishlarida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar oʻqitiladi.

    2024-yilda “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining uzoq muddatli kredit reyting koʻrsatkichini “VB-” barqaror darajasida tasdiqladi.

    Bu esa boshqaruvga zamonaviy korporativ uslublar joriy etilishiga hamda toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻnaltirilgan xorijiy investitsiyalarni kombinatni modernizatsiya qilish uchun jalb qilishga keng imkon yaratadi.