Toshkent shahridagi Puchon universiteti tomonidan koreysshunoslik boʻyicha tashkil etilgan ushbu anjumanda mazkur universitet rahbariyati, professor-oʻqituvchilari va talabalari, koreyalik olimlar, tarixchilar, ommaviy axborot vositalari, madaniyat markazlari vakillari, shuningdek, koreys xalqining tarixini oʻrganishga ixtisoslashgan xorijlik olimlar ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida ishtirokchilar tomonidan koreys xalqining Uzoq Sharqqa, soʻngra Markaziy Osiyo mintaqalariga, Oʻzbekistonga koʻchishining turli davrlariga oid; arxivlar bilan, shu jumladan, xorijiy mamlakatlardagi shu va shunga tegishli masalalar boʻyicha ishlash haqidagi mavzularda maʼruzalar va taqdimotlar tayyorlandi.

Ishtirokchilarga mustaqillik yillarida koreyslar oʻrtasida olib borilgan sotsiologik tadqiqotlar, Oʻzbekistondagi maktab va oliy oʻquv yurtlarida koreys tilining oʻqitilishi va boshqa mavzularda maʼruzalar taqdim etildi.

“Yevrosiyodagi koreyslar tarixini tushunishga zamonaviy yondashuvlar”, “Markaziy Osiyoda koreys madaniyati”, “MDHdagi koreyslarning oʻziga xosligi va oʻz-oʻzini anglashi” mavzularida shubalar ish olib bordi.

Soʻzga chiqqanlar Oʻzbekistonda koreys maorifi tarixi, koreys madaniyat markazlari va ommaviy axborot vositalari faoliyati, xalqining urf-odat va anʼanalari haqida soʻzlab berdilar.

Shuningdek, Janubiy Koreyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi huzuridagi Koreya Respublikasi taʼlim markazi faoliyati haqida ham soʻz yuritildi. Bu yerda koreys xalqi tarixi va madaniyati bilan shugʻullanishni xohlovchilarga koreys tili oʻrgatiladi. Bundan tashqari, ushbu markaz Oʻzbekiston fuqarolariga Koreyada taʼlim olish boʻyicha maʼlumotlar berish orqali axboriy yordam koʻrsatadi.

- Oʻtgan yili koreyslar Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoda istiqomat qilayotganining 85 yilligini nishonlagan edik, - deydi Toshkent shahridagi Puchon universiteti rektori Viktor Nam. – Ushbu sana munosabati bilan xalqaro konferensiya tashkil etish, ushbu masalani oʻrganishga hissa qoʻshish maqsadida anjumanga mutaxassislarni, jumladan, xorijlik mutaxassislarni jalb etishga qaror qildik.

AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Janubiy Koreyadan koreysshunos mutaxassislar taklif etildi. Ular ushbu masala yuzasidan oʻz maʼruzalarini tayyorladilar va muhokamalarda, jumladan, onlayn tarzda soʻzga chiqdilar.

Konferensiya yakunida koreyslarning koʻchirilishi qanday sharoitlarda kechgani (siyosiy, ijtimoiy jihatlari), ularning Markaziy Osiyo mintaqasi va Oʻzbekistonga moslashgani qayd etildi.

Mamlakatimizda ushbu diasporani jumladan, qoʻshni davlatlar diasporalari, Janubiy Koreya bilan hamkorlikda rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, urf-odatlar, til va madaniyatni asrab-avaylash hamda 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasining  jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash boʻyicha maqsadlarini amalga oshirish doirasidagi vazifalar belgilab olindi.