Bu haqda Markaziy saylov komissiyasining Matbuot xizmati xabariga ko'ra, Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlari – Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosining saylovlar bo'yicha katta maslahatchisi A.Gromov, saylovlar bo'yicha maslahatchisi M.Barker-Tsiganikovaning qator vazirlik va idoralar, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvlari rejalashtirgan.

EXHT DIIHB metodologiyasi bo'yicha EBM tomonidan baholash muayyan saylov oldidan amalga oshiriladi va saylovoldi holatiga beriladigan baho hamda milliy saylov qonunchiligining umume'tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga mosligi natijalaridan kelib chiqib, saylovni kuzatishning maqsadga muvofiqligi, kuzatish shakli, muddati va kuzatuvchilarning zaruriy  soni haqida qaror qabul qilinadi.  

EBM ekspertlari 24 may kuni O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizomxo'jaev bilan uchrashdi.

Ekspertlarga Byuroning 2019 yilgi parlament saylovlarini kuzatish bo'yicha missiyasi Yakuniy hisobotida taqdim etilgan tavsiyalarning amalga oshirilishi va joriy yilda bo'lib o'tadigan Prezident sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish jarayonlari borasida ma'lumot berildi.

Xususan, Yakuniy hisobotda o'z aksini topgan tavsiyalarning maqbullari O'zbekiston saylov qonunchiligi va amaliyotiga implementatsiya qilinib, saylovlarga oid milliy huquqiy bazani takomillashtirish, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha asosiy tadbirlar dasturida belgilangan tadbirlar, saylov komissiyalari a'zolarining malakasi va amaliy ko'nikmalarini oshirish maqsadida mamlakat bo'ylab tashkil etilgan seminar-treninglar, EXHTning O'zbekistondagi loyihalari koordinatori va BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar hamda amalga oshirilayotgan boshqa ishlar samaralari qayd etildi.

Saylov tizimi islohotlari bilan tanishgan EBM ekspertlari yurtimizda saylov tartib-tamoyillarining takomillashtirilishi bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarni qo'llab-quvvatlashini ma'lum qildi hamda bo'lajak saylovlarning umume'tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuqori tashkiliy darajada o'tishiga ishonch bildirdi.