Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining sobiq Prezidenti Suma Chakrabarti moderatorligi ostida boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Afgʻoniston Islom Respublikasi moliya vaziri Muhammad Payenda, Latviya qishloq xoʻjaligi vaziri Kaspars Gerxards, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha Maxsus vakili Teri Hakala, Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar Kengashi raisi Muhammad Abunayyan, shuningdek, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, AQSHning xalqaro rivojlanish moliya korporatsiyasi, Jahon savdo tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti va boshqa idoralar vakillari va ekspertlari ishtirok etishdi.

Muhokama chogʻida ishtirokchilar mintaqadagi mamlakatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, transport va logistika aloqalarini chuqurlashtirish omillarini atroflicha muhokama qilib, hamkorlikni yana-da kengaytirishga oid ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha fikr va takliflar bilan almashdilar.

Muhokamada soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri tadbir mavzusi va umuman konferensiya bilan bogʻliq bir qator muhim masalalarni ilgari surdi.

Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi hamkorlikni yana-da kuchaytirish masalalarida Oʻzbekistonning ustuvor yoʻnalishlari belgilab berildi: savdo, sanoat kooperatsiyasini faollashtirish va barqaror rivojlanish jarayonlariga jalb etish orqali oʻzaro munosabatlarni mustahkamlash.

Maʼlum qilinishicha, oʻtgan toʻrt yil mobaynida Oʻzbekiston va uning Markaziy Osiyo savdo hamkorlari oʻrtasidagi savdo aylanmasi 2,5 barobar, Janubiy Osiyo davlatlari bilan esa – 2 barobar oshgan. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo mamlakatlari savdo aylanmasida mintaqalararo savdo ulushining past koʻrsatkichlari (1,5 dan 8,5 foizgacha) qayd etilgan, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida esa bu koʻrsatkich 25% tashkil etmoqda.

Ushbu koʻrsatkichlar mintaqaning savdo munosabatlarida ishga solinmagan salohiyat mavjudligini koʻrsatadi, bunga nomukammal meʼyoriy-huquqiy baza, yetarli darajada rivojlanmagan transport infratuzilmasi hamda tarif va notarif toʻsiqlar mavjudligi sabab boʻlmoqda.

Ushbu munosabat bilan Oʻzbekiston tomoni mintaqa davlatlari hukumatlari va taraqqiyot hamkorlarini manfaatdor tomonlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni muvofiqlashtirishga chaqirdi.

Shu nuqtayi nazardan, ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar oʻrtasida turli sohalarda qoʻshma loyihalar sonini oshirish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, amaldagi tarif va notarif toʻsiqlarni bartaraf etish, xizmatlarni raqamlashtirish va bojxona tartibini soddalashtirish, logistika operatsiyalarida vaqt va moddiy xarajatlarni kamaytirish va boshqa tadbirlar birinchi darajali choralar sifatida belgilandi.

Oʻzbekiston ushbu yoʻnalishlarda muvaffaqiyatli harakat qilayotgani taʼkidlandi: Pokiston Islom Respublikasi bilan Tranzit savdosi boʻyicha bitim imzolandi, Pokiston, Afgʻoniston va Hindiston bilan imtiyozli savdo bitimlarini kelishish boʻyicha faol ishlar olib borilmoqda, mintaqada muntazam havo qatnovi yoʻlga qoʻyildi, turli mamlakatlar ishbilarmon doiralarini oʻzaro yaqinlashtirish boʻyicha doimiy ravishda qoʻshma tadbirlar oʻtkazilib kelinmoqda.

Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va aholi turmush darajasini yaxshilashning asosiy omili sifatida savdo-transport infratuzilmasi xavfsizligini taʼminlashda mamlakatlararo hamkorlikning ahamiyati alohida taʼkidlandi. Ushbu nuqtayi nazardan, qurilish loyihalarini amalga oshirish, temir yoʻl va avtomobil kommunikatsiyalarini jihozlash va modernizatsiya qilish chogʻida kadrlar va infratuzilma obyektlarini himoya qilish boʻyicha toʻplangan tajriba almashish boʻyicha hamkorlikni chuqurlashtirish taklif etildi.

Muhokama davomida ishtirokchilar Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarida infratuzilmaga ehtiyoj ortib borayotgan sharoitda keng koʻlamli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun jalb etilayotgan investitsiyalar hajmlarini oshirish zarurligini taʼkidladilar, bu esa, oʻz navbatida, qoʻshma sanoat korxonalarini tashkil etish va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga ilgari surish uchun shart-sharoitlarni shakllantiradi hamda mintaqa mamlakatlarining iqtisodiy oʻsishiga yordam beradi.

Tadbir yakunida savol-javob sessiyasi oʻtkazilib, unda muhokama qilingan mavzular doirasida qoʻshimcha savollar koʻrib chiqildi.

Muhokama yakunida kelgusidagi hamkorlik boʻyicha yangi gʻoya va takliflar ishlab chiqish maqsadida shu kabi munozara platformalarida koʻp tomonlama muzokaralarni faollashtirish zarurligi qayd etildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.