U Yangiqo'rg'on tumanida tavallud topgan. Otasi Tursunboy aka oliy ma'lumotli vetvrach, onasi Soraxon aya kolxozchi edilar. Ahil va totuv oilada uch qiz va uch o'g'il dunyoga kelgan. Ikkinchisi Ismoiljondir. 1965-yili mahalladagi 12-maktabning birinchi sinfiga qadam qo'ygan va Tursunxon Hayitboyevadek tajribali ustozdan ilk ta'limni oldi. Bolalik va o'smirligi “Yumaloqtepa”dan o'tgan soy sohillari, chang ko'chalar, chumchuqzor adirlar bag'rida kechgan. O'quvchilik yillariyoq abjirligi, vazifalarni mukammal bajarishi, fan olimpiadalarida yuqori o'rinlarni qo'lga kiritishi, jamoat ishlarida faolligi va tashabbuskorligi bilan o'quvchi-yu o'qituvchilarning mehrini qozonishga ulgurgan.

          1975-yili maktabni bitirib, Farg'ona pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetiga hujjat topshirgan, biroq o'sha yili unga oliy dargohda o'qish nasib etmagan. Ammo Namangan shahridagi “Avtomaktab”da o'qib, professional haydovchilik guvohnomasiga ega bo'ldi. Shu bilan birga, institutga kirish uchun jiddiy tayyorgarlikka sho'ng'idi...

          “Intilganga tole yor” deganlaridek, yoniga 1976-yili Farg'ona pedagogika institutining filologiya fakulteti talabasi degan maqom guvohnomasi qo'shildi.

          - Kuzgacha o'qidim, - deydi Ismoiljon. – Qish avvalida otam bemor bo'lib, yotib qoldilar. Oilani boqish, ro'zg'orning g'orini to'ldirish mening zimmamga tushgandi. O'qishimni sirtqi bo'limga ko'chirdim.

          Tumandagi 29-sonli avtobazada haydovchi bo'lib ishga kirdi. Maoshi ko'pligi uchun Zarkent suv ombori qurilishida ishladi. Ikki yillik harbiy xizmat davrida ham Chernobil AES qurilishida yuk mashinasi haydovchisi bo'lib, askarlik burchini o'tadi. Harbiydan qaytgach, avtobazada ishini davom ettirish barobarida 1981-yili tahsilni tugatdi.

          Dastlabki pedagoglik faoliyatini Sangistondagi 23-o'rta maktabda tarix, jamiyatshunoslik va huquq fanlaridan yoshlarga saboq berishdan boshladi. 1987-yildan Yangiqo'rg'on tuman ijroiya qo'mitasi tashkiliy bo'limi mutaxassisligiga o'tkazishgan. Umarjon Haydarov ustozining etagidan tutdi. 1988-yili Chortoq va Yangiqo'rg'on tumanlari qo'shildi. Ismoiljon tashkiliy bo'lim mudiri lavozimiga tayinlandi. 1993-yili hokimliklar joriy etilganda ham u tashkiliy bo'lim rahbarligini davom ettirdi.

          Bilimdon, tashkilotchi, talabchan rahbar hamma joyga suv va havodek zarur. Ayniqsa, 33-kasb-hunar maktabida bunga ehtiyoj katta edi. Uni shu dargohga rahbar etib jo'natishganida ishni inqiroz yoqasidagi jamoada mehnat intizomini mustahkamlashdan boshladi, ishchanlik va samimiy muhitni yaratdi. O'quv-tarbiyaviy ishlarni sezilarli darajaga ko'tardi. O'z ishining mohir ustasi Ismoiljon Mamajonov 10- va 12-maktablarga yetakchilik qilganda ham mahoratli pedagog ekanligini isbotladi va topshiriqlarni sidqidildan ado etdi. Ta'lim jarayonlarini qattiq nazorat ostida ushladi. O'quvchi va o'qituvchilarning vazifasiga nisbatan mas'ulligini oshirdi. Sport-sog'lomlashtirishga, bolalar sportini rivojlantirishga chuqur ahamiyat qaratildi. Shuningdek, u ishlagan maktablardagi kam ta'minlangan oilalar farzandlariga kitoblar, o'quv qurollari va kiyim-kechaklar olib berilishiga erishdi. O'sha jamoada ishlab pensiyaga chiqqan keksalardan muntazam xabar olindi.

          2007-yil Ismoiljon Mamajonov hayotida tub burilish bo'ldi: tuman hokimligining ma'naviyat bo'limiga rahbar etib tayinlandi. Nutqi ravonligi, bilimi va tafakkuri bilan ajralib turadigan Ismoiljon odamlar ma'naviyatini yuksaltirish, ong-u tafakkurini boyitishda mas'uliyatni his etgan holda xizmatga bel bog'ladi. Halol va sidqidildan mehnat qilgan kishi elda aziz ekanligini yaxshi bilardi.

          Ismoiljon serharakat, ziyrak, tevarakdagilarga g'amxo'r va mehribonligi, ibrati bilan tumandoshlari e'tibori va e'tirofiga loyiq. Shu bois, lavozimi 2014-yili Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi tasarrufiga o'tkazilganda ham uni shu ishga munosib ko'rildi. Va hamon ayni lavozimdagi sa'y-harakatlarni samarali uddalayapti.

          Jamiyatda mehr-oqibat, hamjihatlik rishtalarini bog'lashda ko'prik vazifasini o'tayotir, desam mubolag'a emas. Chunki uning tumanda amalga oshiriladigan eng qaynoq va dolzarb masalalar yechimi bilan shug'ullanganini ko'p marta guvohi bo'lganman. Bir qarasangiz, qo'shni Qirg'iziston davlati bilan yondosh Poromon va Oqtom qishloqlari aholisi bilan, gohida anjumanlarda yangi O'zbekistonni barpo etish mavzuida ma'ruza qilayotgan, goho kitob va kitobxonlikni kuchaytirishda kuyinib tushuntirayotgan... Kuni kecha esa markazdan tashrif buyurgan nufuzli mehmonlar Ismoiljon Mamajonovning turizmni rivojlantirish to'g'risidagi maslahat-tavsiyalariga qoyil qolgani barchamizni quvontirdi.

          Ismoiljon yetuk ma'naviyatchi, dilkash, dilbar, hazil-mutoyibaga o'ch va ayni chog'da nozikta'b tarixchi-publitsist hamdir. Ijod bilan mashg'ullikni xushlaydi. “Ma'naviy barkamollik yo'lida”, “Haqiqat va mas'uliyat”, “Ertasi bor yurt”, “Kelajakka ishonch” va “Buyuk kelajak sari” nomli ma'naviy-ma'rifiy risolalari ana shu ijod mahsulidir. Ta'kidlash joiz, maqolamiz qahramoni kasbiga sadoqatli, sabrli, har qanday ishga astoydil va vijdonan kirishadi. Boshqalarga o'xshamaydigan o'z xislati, odati ustuvor. Qayerda bo'lmasin, qancha turishidan qat'i nazar, tarixga oid qo'llanma va kitoblarni sotib oladi, o'qiydi va oilaviy kutubxonasini kengaytiradi.

          Tumanimizdagi ma'naviy-ma'rifiy ishlarning bilimdon va jonkuyari Ismoiljon Mamajonovning shaxsiy namunasi haqida har qancha ijobiy fikr aytsak, arziydi. U 2012-yilda “Eng ulug', eng aziz” ko'rik-tanlovining respublika bosqichida "Eng yaxshi so'z ustasi", 2014-yilda “Eng yaxshi ma'naviyat targ'ibotchisi” respublika ko'rik-tanlovida “Eng yaxshi tahliliy ma'ruza”, 2016-yilda “Eng yaxshi ma'naviyat targ'ibotchisi” respublika ko'rik-tanlovida “Adabiyot hamda tarixiy o'lkashunoslik” nominatsiyalari bo'yicha g'oliblikka erishgan. Qolaversa, 2018-yilda “Yilning eng faol ma'naviyat targ'ibotchisi” respublika tanlovida unga teng keladigani topilmadi. 2022-yili esa “Eng namunali tuman” ko'rik-tanlovining respublika bosqichida oliy o'rinni egallab, “Damas” avtomashinasi hamda 15 million so'mlik kitoblar jamlanmasiga ega chiqdi. Darvoqe, Yangiqo'rg'on tumani shonli tarixiga bag'ishlangan hujjatli, ilmiy-ommabop va tarixiy film muallifi.

          “Mehnat qilgan elda aziz”, deydi dono xalqimiz. O'zbekiston Prezidenti SHavkat Mirziyoev 2018-yili Namangan viloyatiga tashrifi chog'ida Ismoiljon Mamajonov bilan 20 daqiqali samimiy muloqot qurdi. Ismoiljon Yurtboshimiz nazariga tushdi. Ayniqsa, Yangiqo'rg'onda sayyohlik taraqqiyotiga to'siq-muammolarning yechimi xususidagi takliflari alohida qayd etildi. Natijada Yangiqo'rg'on sayyohlik klasteri tumaniga ixtisoslashdi. Chegara hududlarida joylashgan Nanay, Mamay, Oqtom, Qizilyozi, Ko'kyor, Zarkent qishloqlari, qadimiy Podshoota soyi sohillari go'zal va orombaxsh sayyohlik maskanlariga aylantirildi.

          Ismoil Mamajonovning tashabbusi va mehnatlari davlatimiz rahbari, hukumatimiz tomonidan yuksak qadrlandi va taqdirlandi. 2019-yili “Do'stlik” ordeni bilan mukofotlandi. 2020-yilda “Ma'naviy-ma'rifiy ishlar a'lochisi”, 2022-yili esa “Ma'naviyat fidoyisi” ko'krak nishonlari bilan siylandi. Muhimi, kamtarin, mehribon va g'amxo'r ustoz sifatida elda obro' topgan.

          U 1980-yili o'zi kabi pedagog Mahfuzaxon bilan oila rishtasini ulagandi. To'rt o'g'il, ikki qiz va 18 nabira Ollohning ularga bergan buyuk ne'matidir. Ular Yaratganga cheksiz shukrona bildirib, tabarruk 65 yoshini qarshiladi va baxtiyor damlarni xotirjamlikda, umrguzaronlikda kechirishmoqda.

Qambar HAYDAR,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi,

Namangan viloyati