Na malakman, na farishta, men ham odam naslidin,
Men tavalludi oʻshal farzandi Namongoniman...
Bu oʻtli satrlarni har bir namanganlik yoddan biladi, faxrlanib ayta oladi.
Nainki oʻzbek, balki barcha turkiyzabon xalqlar adabiyotida oʻzining otashin gʻazallari, qoʻshiqqa aylangan dilbar ashʼorlari bilan keng shuhrat qozongan, mumtoz adabiyotimizning ulugʻ namoyandalaridan biri Boborahim Mulla Vali oʻgʻli Mashrabga nisbatan munosib makon qayda, deya savol qoʻyishning oʻzi oʻngʻaysiz.
Ammo Namangan deganda Mashrab, Mashrab deyilganda Namangan tushuniladigan jonajon yurtida bu buyuk bobokalonimizga munosib eʼzoz koʻrsatilmasligi joizmi?!
«Devonai Mashrab», “Eshoni Mashrab”, “Hazrati shoh Mashrab” nomlari bilan mashhur boʻlgan ajdodimizning hozirgi manzili qayerda? Muzey, kutubxona, unga atalgan alohida majmua bormi?! Toʻgʻri, viloyat markazida Mashrab nomli koʻcha, yashnatib yuborilmagan boʻlsa ham kinoteatr bor. Biroq “Devoni Mashrab” va shu paytgacha oʻrganilmay kelingan pand-nasihat tarzidagi «Mabdai-nur» (“Nurning ibtidosi”), “Kimyo” asarlarini yaratgan, ijtimoiy-falsafiy, axloqiy-taʼlimiy, maʼrifiy-didaktik va umuminsoniy fikrlarni ifoda etib, oʻz dunyoqarashi bilan sharq ijtimoiy falsafiy fikri rivojiga katta hissa qoʻshgan viloyatning “brendi” hisoblangan allomai zamonga yaxlit bir majmuaning yoʻqligini qanday izohlash mumkin?!
Chamasi 10 yillar avval viloyatimizda Namangan deganda barchaning koʻz oldiga keluvchi Boborahim Mashrab nomida bogʻ bunyod etildi. U joydan muzey, Mashrabning haykali, koʻl, bogʻ oralab xiyobonlar oʻrin oldi. Biror tup daraxti soya tashlamagan esada, majmuada Mashrabxonlik tadbirlari oʻtkazib turildi. Mana, 3 yildirki, oʻsha joy yirik tadbirkorlik subyektiga, aniqrogʻi, “Afsonalar vodiysi” tematik bogʻiga aylantirilib yuborildi. Aslida ham juda yaxshi ish boʻldi. Chunki u yerda Mashrabga ham, boruvchilarga ham qiyin edi. Chuqurlikda qolib ketgan Mashrab majmuasida na biror daraxt koʻkartirildi, na qadamjoga aylantira olindi...
Hozirda Mashrabning muazzam haykali “Adiblar xiyoboni”ga koʻchirilgan. Biroq muzey qayerda qoldi? Bu toʻgʻrida koʻpchilik bilmaydi. Qiziqqanlar aniq javob ololmay, asta-asta surishtirmay ham qoʻydilar... Mashrab shunchaki oʻqiladigan, muzeyi bir tomonda, haykali boshqa tarafda, memorial majmuasi mujassam qilinmaydigan zot emas-ku?!
Shu oʻrinda bir rivoyatni yodingizga solaman. Qadim zamonlarda keksa bir chol oʻgʻlini kaltaklab, koʻchadan oʻtib qolibdi. Buni koʻrgan birinchi qishloqning odamlari sababini soʻrashganda, “Faqat aytgan ishimni qiladi, xolos” deb javob qaytaribdi. Odamlar esa «Ey, miyasi aynigan chol, aytganingni qilarkanu, nega savalaysan?» deb kulishibdi. Shu tarzda otaxon oʻgʻlini necha qishloqlardan savalab oʻtib, bir xil savol va javoblarni eshitibdi.
Yana bir qishloqdan oʻgʻlini kaltaklab oʻtayotgan cholga bir qiz savolni takrorlabdi. Javobini eshitgach, “Yaxshilab savalang, ota. Nega faqat aytganingizni qiladi, farosati yoʻqmi, aytmagan ishingizni qilolmasa?!” debdi. Chol shu javobdan xursand boʻlibdi hamda zukko qizga oʻgʻlini uylantirgan ekan... Bu bir rivoyat xolos, lekin zamirida ayni haqiqat bor.
Qachonki, Davlatimiz rahbari tilga olib, rasmiy buyruq bersagina eʼzozlanadigan, eʼtibor qaratadigan toifaga tushib qolgandaymiz. Kimdir turtsagina sezadigan, ungacha uygʻonmaydigan feʼlimiz ham chatoq.
Prezidentimiz avvalgi yillarda Namanganga tashriflari chogʻida alloma Isʼhoqxon Ibratning faoliyatini namuna qilish, faxrlanish kerakligini taʼkidlab, maxsus topshiriq berganlaridan keyin faol harakatlar boshlangandi. Ibrat nomida tillarga ixtisoslashgan maktab, havas qilarli darajada majmua barpo qilinib, kitoblari chop etildi.
Mashrab bobomiz ehtiromga urinishlarimizga, gʻururlanishimizga arzimaydimi?! Bugungi kunda deyarli foydalanilmay yotgan, old maydoni ham kattagina hududni egallagan Mashrab kinoteatri anchagina taʼmirtalab ahvolda. Qaniydi, mazkur maskanda Shoh Mashrabning majmuasi, kutubxona, muzeyini, nashriyot uyini jamlay olsak. Dovrugʻini doston qilsa boʻladigan “Mashrabxonlik kunlari”ni munosib uyushtirish taraddudiga tushsak, Shoh Mashrab ruhini ham shod etgan boʻlarmidik?!
Saida ISMOILOVA,
jurnalist.