Maslahat uchrashuvlari — oʻzgarishlarning yorqin timsoli

    Fikr 18 Noyabr 2025 435

    Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida chop etilgan “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” sarlavhali maqolasini mutolaa qilar ekanman, unda bayon etilgan fikrlarning keng qamrovi, mintaqamizning bugungi holati va kelajak istiqboli yuzasidan berilgan aniq tahlillar meni oʻyga toldirdi, bir vaqtning oʻzida ilhomlantirdi.

    Maqola koʻz oʻngimda Markaziy Osiyoning ertangi taqdiriga befarq boʻlmagan ziyoli masʼuliyati, xalqimiz manfaatlari uchun qaygʻurish, yaqin qoʻshnilar bilan oʻzaro ishonchni tiklash yoʻlidagi qatʼiy siyosiy irodaning yorqin ifodasi bayoni oʻlaroq namoyon boʻldi.

    Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, bugungi kunda mintaqamizda shakllanayotgan yaxshi qoʻshnichilik, tenglik va oʻzaro hurmatga asoslangan “Yangi Markaziy Osiyo” siyosati soʻnggi yillarda biz guvoh boʻlayotgan real oʻzgarishlarning eng asosiy tayanchidir. Ma­qolada mazkur jarayonning ichki mantigʻi, ta­rixiy ildizlari va kelajak yoʻnalishi chuqur tahlil qilingan.

    Shaxsan men taʼlim va ilm-fan sohasi vakili sifatida maqolada ilgari suril­gan fikrlarning taʼsirchanligi va dol­zarbligini chuqur his qildim. Zero, bugun Markaziy Osiyoda kechayotgan jarayonlar nafaqat siyosatchilar yoki ekspertlar doi­rasidagi mavzu, balki har bir ziyoli, har bir oʻqituvchi, har bir yosh avlod vakili uchun bevosita taalluqli boʻlgan tarixiy burilishdir.

    Oʻzaro ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va hurmat muhiti

    Keyingi yillarda Markaziy Osiyo eng faol siyosiy davrlaridan birini boshdan ke­chirmoqda. Tarixiy jarayonlarni chuqur tah­lil qilgan holda aytish mumkinki, mintaqa bir paytlar tarqoqlik, ehtiyotkorlik va ichki nizolar taʼsiri ostida boʻlgan muhitdan mutlaqo yangi bosqichga oʻtmoqda. Bu bosqich­ning asosiy belgilari oʻzaro ishonch, yaxshi qoʻshnichilik tamoyillari va pragmatik ham­korlik ruhida mujassam.

    Prezidentimiz ilgari surayotgan xalqchil gʻoyalar aynan shu jarayonning ilmiy-siyosiy asosini tashkil etadi. Shu maʼnoda, ilgʻash qiyin emaski, mintaqadagi asosiy tashab­buslarning mazmuni bugungi kunda, eng av­valo, xalqning kundalik hayotida yaqqol se­zilmoqda. Xususan, qoʻshni davlatlar bilan chegara masalasi soddalashib, qardosh ellar­ning bordi-keldi munosabatlari osonlash­di. Yangi oʻtish punktlari, qoʻshimcha avtobus, temir yoʻl va aviaqatnovlar, ID karta bilan erkin harakatlanish — bularning barchasi mintaqaning ijtimoiy integratsiyasini mus­tahkamlayapti.

    Shuningdek, Markaziy Osiyo global siyo­siy-iqtisodiy jarayonlarda oʻz oʻrnini qay­ta belgilayotgan hududga aylanib bormoqda. Bu oʻzgarishlar, avvalo, davlatlar oʻrtasida shakllangan oʻzaro ishonch muhitiga, soʻng­gi yillarda mintaqada yuzaga kelgan yangi diplomatik madaniyatga tayanadi. Preziden­timiz taʼkidlaganidek, “Mintaqamizda uzoq yillar davomida ilk bor birgalik­da oldinga qarab borishimiz uchun poyde­vor boʻlib xizmat qilayotgan oʻzaro ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va hurmat muhiti shakllanmoqda”.

    Albatta, mazkur fikrlar zamirida chu­qur mazmun mujassam. Mustaqillikning dastlabki yillarida turli sabablarga koʻra yetarli darajada rivojlanmagan mu­loqot bugun oʻzining eng konstruktiv bos­qichiga kirdi. Aynan mana shu ishonch Mar­kaziy Osiyoda yangi siyosiy uygʻonishning boshlanishiga sabab boʻldi. Qisqa davr ichida davlatlar bir-biriga shubha bilan qarash muhitidan manfaatlar uygʻunligiga asoslangan hamkorlik modeliga oʻtishga mu­vaffaq boʻldi.

    Tarixning har bir davrida shunday bu­rilish nuqtalari boʻladiki, ular kelajak oʻn yilliklar taqdirini belgilab beradi. Markaziy Osiyo hozir aynan shunday bos­qichda turibdi. Bu jarayonning kuchli jihati shundaki, mintaqa davlatlari tashqi bosim­siz, vositachilarsiz, oʻz manfaatlari asosida yangi siyosiy makon yaratmoqda.

    2017-yilda boshlangan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari qisqa vaqt ichida mintaqaviy muloqotning asosiy platformasiga aylandi. Avvallari tashqi kuchlar ishtirokisiz bu qadar muhim masalalar boʻyicha tizimli muloqot qilishni tasavvur etish ham qiyin edi. Bugun esa aynan shu uchrashuvlar mintaqa siyosiy arxitekturasining poydevorini tashkil etmoqda.

    Xususan, oxirgi yillarda mintaqa rahbarlarining Maslahat uchrashuvla­ri Markaziy Osiyoning siyosiy ritmini oʻzgartirdi. Prezidentimiz bu jarayon­ni quyidagicha ifodalaydi:

    “Maslahat uchrashuvlari mintaqamizda boʻlayotgan oʻzgarishlarning yorqin timsolidir… Ular strategik masalalar boʻyicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun asosiy muloqot maydoniga aylandi”.

    Juda toʻgʻri baho. Zero, aynan shu formatda mintaqa barqarorligiga taʼsir qiluvchi eng murak­kab masalalar muhokama qilinmoqda. Yil­lar davomida oʻta murakkab va chigalligicha qolayotgan tushunmovchiliklar muloqot, dip­lomatik madaniyat, oʻzaro hurmat orqali hal etilmoqda.

    Yana bir muhim masala — chegaralarning belgilanishi mintaqa tarixidagi eng katta yutuqlardan biridir. Bir paytlar yechimini topish amri mahol boʻlgan masalalar bugun­gi konstruktiv muloqotlar orqali ijobiy hal boʻlayotgani fikrimizning yaqqol dali­lidir. Bu jarayonlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi esa oʻzaro ishonchning tom maʼnodagi siyosiy kapitalga aylan­ganidan dalolat. Davlatimiz rahbari ma­qolasida mazkur masalaga alohida eʼti­bor qaratar ekan, haqli ravishda “Bizni ajratib turgan chegaralar doʻstlik va hamkorlik koʻprigiga aylandi”, deya taʼkidladi.

    Shu bilan birga, suv-energetika tarmogʻi boʻyicha hamkorlikda sezilarli ijobiy oʻzgarishlar yuz bergani ham qayd etib oʻtildi.

    “Suv-energetika sohasida ham prinsipial ijobiy oʻzgarishlar roʻy bermoqda… Bu qardoshlarcha hamkorlikning yorqin dalilidir”, dedi Prezidentimiz.

    Darhaqiqat, Markaziy Osiyo suv zaxiralari boʻyicha murakkab mintaqa. Daryo havzalari umumiy, lekin davlatlarning ehtiyojlari turlicha. Shunday sharoitda barcha uchun manfaatli kelishuvga erishish oson ish emas. Qambarota GES-1, Zafarobod GES loyihalari, Qayroqqum suv omborini boshqarish boʻyicha kelishuvlar mintaqaning eng nozik sohalaridan birida yuzaga kelgan ishonchning real tasdigʻidir. Bu kabi yutuqlarni hech ikkilanmay ekologik barqarorlik, energetik xavfsizlik va suv resurslaridan oqilona foydalanish yoʻlida qoʻyilgan tarixiy qadam sifatida baholash mumkin.

    Iqtisodiy integratsiya: raqamlar ortidagi asosiy maʼno

    Oʻtgan sakkiz yillik iqtisodiy koʻrsat­kichlar Markaziy Osiyodagi hamkorlik sa­maradorligini yaqqol koʻrsatadi. YAIM 2,5 barobar, oʻzaro savdo 2 barobar koʻpaygani, qoʻshma investitsiyalarning qoʻshilgan qiyma­ti keskin oshgani ortida yangi logistika yoʻ­laklari, yangi sanoat tarmoqlari, soddalash­tirilgan tartiblar va albatta, oʻzaro ishonch muhiti turibdi. Ushbu raqamlar mintaqa integratsiyasining qanchalik real ekanini tasdiqlaydi. Hududlararo savdo kengayishi, logistika yoʻlaklari rivoji, avtomobil­sozlik, energetika, toʻqimachilik va qishloq xoʻjaligida qoʻshma loyihalar koʻpayishi Markaziy Osiyoni bitta iqtisodiy makonga aylantirish yoʻlidagi asosiy bosqichlar sa­naladi.

    Bu oʻsishning eng muhim manbalaridan biri yangi kooperatsiya madaniyati shaklla­nishidir. Ilgari raqobat maydoni boʻlgan ayrim sohalar bugun amaliy hamkorlikning yangi yoʻnalishlariga aylangan. Qambarota GES-1 kabi yirik loyihalar, energetik zan­jirlarni uygʻunlashtirish, avtomobilsozlik va qishloq xoʻjaligi boʻyicha qoʻshma tashab­buslar — bularning barchasi mintaqa iqti­sodiyotining kelgusi oʻn yillik dinamikasi­ni belgilaydi.

    Mana shunday oʻzgarishlar samarasi oʻla­roq, mintaqa global iqtisodiyotning faol ishtirokchisiga aylanmoqda. Tashqi hamkor­lar Markaziy Osiyoga bir butun bozor sifa­tida qaray boshladi. Bu esa yirik investi­siyalar oqimi, texnologiyalar kirib kelishi va eksport salohiyati oshishiga xizmat qil­moqda.

    Tashqi siyosatda uygʻunlik

    “Markaziy Osiyo plyus” formatlari bu­gungi global siyosatda mintaqaning mus­tahkam oʻrnini belgilab bermoqda. Ayni formatlar orqali Markaziy Osiyo dav­latlari birgalikda tashqi siyosiy pozi­siyalarni muvofiqlashtirib, yirik ham­korlar bilan yagona mintaqaviy manfaat asosida muloqot qilmoqda. Prezidenti­miz maqolasida ushbu mavzuga eʼtibor qaratar ekan, “Markaziy Osiyo +” for­matlari mintaqaning xalqaro subyekt sifatidagi mavqeini kuchaytirayotga­ni”ni qayd etdi.

    Bugungi geosiyosiy oʻzgarishlar sharoiti­da bu nihoyatda muhim. Ushbu formatlarning faollashuvi Markaziy Osiyo davlatlariga tashqi iqtisodiy, energetik va transport loyihalarida yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Negaki yagona mintaqaviy pozitsiya inves­titsiyalar oqimini oshiradi, tashqi siyosiy muvozanatni mustahkamlaydi, mintaqaning global bozorlar bilan aloqalarini yangi bosqichga olib chiqadi.

    Tinchlik yoʻlidagi izlanishlar, gumani­tar yordam, taʼlim dasturlari, Transafgʻon temir yoʻli loyihasi Oʻzbekiston va umuman, mintaqa tashqi siyosatining muhim boʻlagi­dir. Maqolada taʼkidlanganidek, bu borada Afgʻoniston masalasini eʼtibordan chetda qoldirib boʻlmaydi.

    Prezidentimiz mazkur masalaga alo­hida urgʻu berib, “Afgʻoniston umumiy mintaqamizning bir qismi, uni tik­lamasdan turib barqarorlikka erishib boʻlmaydi”, dedi. Bu pozitsiya Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosiy prinsipla­ridan biri. Afgʻonistonda barqarorlik­ning yoʻqligi mintaqa xavfsizligiga taʼsir qilmasdan qolmaydi. Shu sababli transport loyihalari, gumanitar yordam, taʼlim dasturlari mintaqa davlatlari, xususan, Oʻzbekiston uchun ham strategik zaruratdir.

    Dilshod RUSTAMOV,

    filologiya fanlari doktori