Buning uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish, Investitsiyalar va tashqi savdo, Tashqi ishlar, Moliya vazirliklari, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti singari davlat organlarining til boʻyicha maslahatchilariga ogohlantirish berildi.
Bundan bir yarim yil avval Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi va unga koʻra, avvalo, ish yuritishni davlat tilida tashkil etishga shaxsan rahbar va hokimlar masʼul ekani belgilab qoʻyildi. Shuningdek, barcha vazirlik, idora, xoʻjalik birlashmalari hamda hokimliklarda rahbarning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi.
Maslahatchi oʻz maqomiga koʻra rahbarning oʻrinbosariga tenglashtirildi. Uning asosiy vazifalari belgilanib, maslahatchi faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Qarorda har bir maslahatchi faoliyati Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti (tomonidan muvofiqlashtirib borilishi belgilandi.
Ana shu vazifalar ijrosi boʻyicha departamentning yarim yillik hisobot yigʻilishi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida videoselektor tarzida tashkil etildi. Unda Toshkent shahri va viloyatlardagi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchilar, hokimlarning maʼnaviyat boʻyicha oʻrinbosarlari ishtirok etdi.
Yigʻilishda davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari ijrosini taʼminlash borasida bir qator tizimli ishlar amalga oshirilgani barobarida yoʻnalishlarda kamchilik va muammolar ham uchrab turgani taʼkidlandi.
Jumladan, bir yarim yil vaqt oʻtsada, haligacha rus tilida xat-hujjat almashayotgan, qolaversa, xat blanklarini imlo va uslubiy xatolar bilan rasmiylashtirayotgan vazirlik va idoralar mavjud. Buning uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish, Investitsiyalar va tashqi savdo, Tashqi ishlar, Moliya vazirliklari, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti singari davlat organlarining til boʻyicha maslahatchilariga ogohlantirish berildi. Mavjud 24 ta vazirlik orasida Ichki ishlar, Sogʻliqni saqlash, Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash, Qishloq xoʻjaligi, Iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirliklari, shuningdek, Soliq, Ekologiya, Mudofaa sanoati, Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitalaridan xat blanklari toʻliq oʻzbek tilida, lotin grafikasida yuborilayotgani namuna sifatida koʻrsatildi.
Shu bilan birga, ayrim hokimlik, vazirlik va idoralar saytlari rus tilida yuklanayotgani aniqlandi. Tashqi ishlar vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi, Kinematografiya agentligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi, Oʻzbekiston banklari assotsiatsiyasi singari aholi koʻp murojaat qiladigan tashkilot va idoralarga 1-avgustga qadar oʻz saytlarining oʻzbek tilida yuklanishini taʼminlash topshirigʻi berildi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi qarori talablariga koʻra, 2021-yil 1-apreldan boshlab rahbarlik va masʼul lavozimga tayinlanadigan shaxslar davlat tilini bilish boʻyicha daraja sertifikatini olishi belgilangan boʻlib, bu jarayonning ham amalda juda sust borayotgani tahlil qilindi.
Prezidentimizning 2021-yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash asosida hududlarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni oʻrganish va amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha respublika ishchi guruhi tomonidan oʻrganilgan 13 ta hududda mavjud muammolar yechimi yuzasidan mutasaddilar bilan onlayn muloqot qilindi. Masʼullarga birinchi navbatda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining hududiy boʻlim va boʻlinmalaridagi vakant oʻrinlarni toʻldirish vazifasi topshirildi.
“Eng namunali tuman va shahar” tanloviga 14 ta hududdan tanlab olingan tuman/shaharlar maʼlum qilinib, baholash ishlari reja asosida olib borilishi aytildi.
Shuningdek, yigʻilishda mustaqilligimizning 30 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilayotgan “Qadring baland boʻlsin, ona tilim” respublika tanloviga murojaat qilgan tashkilotlar, tanlovning bu yil qanday tashkil etilayotgani, atamalarning muqobillarini shakllantirish va toponimik obyektlar borasida olib borilayotgan va rejalashtirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.