Bu kabi islohotlar natijasida, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanadigan aholining umumiy soni ortishiga erishildi.
Shunga qaramasdan, mavjud sport inshootlaridan foydalanish ahvoli qoniqarsizligicha qolmoqda.
Jumladan, Davlat rahbari tomonidan bugungi kunda sport inshootlaridan foydalanish ahvoli qoniqarsiz deb topilib, koʻplab sport obyektlaridan foydalanilmay kelinayotganligi, ularning foydali ish koeffitsiyenti 50%dan past ekanligi taʼkidlab oʻtildi.
Shu bilan bir qatorda, Adliya vazirligi tomonidan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasiga koʻra, mavjud sport inshootlarining (stadion, sport zali, basseyn, manej va boshqalar) bir kunlik sport mashgʻulotlarini oʻtkazish quvvati qariyb 1,5 mln. kishini tashkil etib, umumiy aholining soniga nisbatan sport inshootlari bilan taʼminlanish darajasi 4,5%dan oshmaydi.
Xususan, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimida jami 1 434 ta sport inshootlari mavjud boʻlib, bugungi kunda ulardagi mavjud boʻsh yer maydonlari va binolarning mavjud imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilmasdan kelinmoqda.
Qayd etilgan sport inshootlarning boʻsh turgan qismidan davlat-xususiy sheriklik asosida foydalanish boʻyicha 120 ga yaqin obyektlarning roʻyxati ishlab chiqilgan boʻlsada, bugungi kunga qadar birorta DXSH bitimlari imzolanmagan.
Qayd etish joizki, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 10 ta, Andijonda 4 ta, Buxoroda 4 ta, Jizzaxda 10 ta, Qashqadaryoda 9 ta, Navoiyda 8 ta, Samarqandda 11 ta, Sirdaryoda 6 ta, Surxondaryoda 6 ta, Toshkent viloyatida 4 ta, Fargʻonada 12 ta, Xorazmda 14 ta, Toshkent shahrida 12 ta sport muassasalarining boʻsh turgan bino va yer maydonlari mavjud.
Vazirlik tizimidagi sport maktablarining reytingi natijalariga koʻra ulardan 285 tasining faoliyati samaradorligi qoniqarsizligicha qolmoqda.
Sport maktablarining faoliyati samaradorligiga balansida sport inshootlari mavjud emasligi, sport anjomlari taʼmirtalab va yaroqsiz holatga kelib qolganligi, sport razryadlari bajarilmaganligi, sportchilarning musobaqalarda erishgan natijalari pastligi, metodik tavsiyalar va qoʻllanmalar ishlab chiqilmaganligi, trenerlar, metodistlar va shifokorlarni qayta tayyorlash va malaka oshirishi taʼminmaganligi kabi tizimli kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotganligi taʼsir koʻrsatmoqda.
Bundan tashqari, respublika boʻyicha mahallalar boʻylab oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasi shuni koʻrsatmoqdaki, jami 9 168 ta mahalla fuqarolari yigʻinlarining 3 210 tasida (35%) hudud aholisining jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlari bilan shugʻullanishlari uchun sport inshootlari tashkil etilmagan.
Qolaversa, umumiy oʻrta taʼlim maktablarini va maktabgacha taʼlim muassasalarini sport zallari bilan taʼminlash hamda ulardagi mavjud imkoniyatlardan foydalanish darajasi ham pastligicha qolmoqda.
Hududlarda oʻrganilgan 9 965 ta maktablarning 2 242 tasida (22,5%) sport zallari yoʻq boʻlib, sport zallari mavjud maktablarning koʻpi taʼmirtalab va ulardagi imkoniyatlardan toʻliq foydalanilmasdan kelinmoqda.
Masalan, Fargʻona viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tasarrufidagi 785 ta maktab sport zallarining 114 tasi (14,5%) taʼmirtalab holatda boʻlib, Jumladan, Bagʻdod tumanidagi 40 ta maktab sport zallarining 21 tasi (52,5%) taʼmirtalab ahvolda.
Qoʻshtepa tumanidagi 34-maktabdagi taʼmir holati esa Sobiq ittifoq davridan saqlanib qolgan va zarur inventarlar mavjud emas.
Shu bilan birga, hududlar kesimida oʻrganilgan davlat tasarrufidagi 6 126 ta maktabgacha taʼlim muassasalarining 4 986 tasida (81,4%) xavfsiz sport maydonchalari va bino-inshootlari bilan taʼminlanmagan.
Misol uchun, Namangan viloyati maktabgacha taʼlim boʻlimlari tasarrufidagi 576 ta maktabgacha taʼlim muassasalarining 574 tasi (99,6%), Surxondaryo viloyatidagi 376 ta maktabgacha taʼlim muassasalarining barchasida (100%) sport zallari mavjud emas.
Yuqorida qayd etilgan holatlar, respublikamizda tashkil etilgan sport infratuzilmasidan foydalanish samaradorligini oshirish masalasi hanuzgacha dolzarbligini koʻrsatmoqda.
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi