Bilasizmi, inson qadr topgan yurtda yashasangiz, imkoniyatingiz cheklanganini ham his qilmas ekansiz. Mana shu ishonch sabab hunar oʻrgandim. Respublika “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻlib, qiziquvchilarga munchoqlardan matoga va kulolchilik buyumlariga bezak berishni oʻrgata boshladim.

“Tashabbus” koʻrik tanlovlarida ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritganman. 2020-yilda “Jasorat” medali bilan taqdirlanganimda oʻzimga boʻlgan ishonchim yana-da ortdi.

Joriy yilning 9-avgust kuni esa Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yana-da yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori menga yana-da kuch bagʻishladi. Boisi, bizga qaratilayotgan har bir eʼtiborga vatanga boʻlgan mehrimiz, sadoqatimiz, mehnatimiz bilan javob qaytarishimiz kerak, deb oʻylayman.

Qarorda serebral falajlik, shuningdek, umurtqa pogʻonasida patalogik sinish boʻlgan bolalarda mustaqil yurish qobilyatini qayta tiklash uchun 54 ta zamonaviy ekzoskelet uskunasi xarid qilinishi belgilab qoʻyilgani quvonchimni orttirdi. Chunki avvallari mana shunday uskunalarga boʻlgan ehtiyojning qondirilmagani men kabi koʻplab insonlarga noqulaylik tugʻdirib kelgan.

Qarorni oʻqib angladimki, endilikda nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmat sifati yana-da yaxshilanadi. Hayotda har xil vaziyatlar boʻlishi mumkin. Istaymizmi, yoʻqmi, imkoniyatimiz cheklangani bois, koʻp hollarda oʻzgalar parvarishiga, yordamiga muhtoj boʻlamiz. Yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar sogʻligi keskin yomonlashgan, turli darajadagi jarohatlar olib, favqulodda vaziyatlarga duch kelganda tezkor yordam koʻrsatish haqida xabar berishning innovatsion tizimi joriy qilinishi, yaʼni maxsus funksiyalarga ega “Aqlli soat” yordamida avtomatik tarzda xabar yuborishning yoʻlga qoʻyilishidan judayam mamnun boʻldim. Bu haqiqatdan ham, oqilona oʻylangan tadbir. Biz uchun ayni zarur boʻlgan vosita.

Shuningdek, hujjat ijrosi bilan imkoniyati cheklangan shaxslarni zamonaviy elektr yuritmali nogironlar aravachalari, koʻzi ojizlar uchun zarur boʻlgan texnik vositalar bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyiladi. Bu, albatta, quvonarli hol. Boisi mana shu vositalarga ega boʻlishni avvallari uzoq vaqt kutishga toʻgʻri kelardi, sargardonliklarga sabab boʻlardi. Hujjatda yana bir muhim jihatga eʼtibor qaratilganki, endilikda bunday ovvoragarchiliklarining oldi olinadi: protez-ortopediya va zarur vositalarga shaffof elektron navbat tizimini yaratish, yaroqlilik muddatini nazorat qilish, mavjud ehtiyojni aniqlash va oʻz vaqtida taʼminlashga qaratilgan “Ijtimoiy xizmat” ixtisoslashtirilgan elektron platformasi yoʻlga qoʻyiladi.

Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalaridagi eshitish qobilyati past bolalar uchun davlat tomonidan 2 ming dona zamonaviy eshitish moslamasi sotib olinishi, 5 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun jami 615 ta koxlear implantatlari xarid qilinib, jarroxlik amaliyoti orqali ularga oʻrnatishning yoʻlga qoʻyilishi haqidagi xabar koʻplab xonadonlarga shodlik olib kirdi. Farzandining tuzalishini yoki unga yengillik yaratish imkoniyatini kutib turgan qanchadan qancha yuraklarga baxt ulashdi. Joriy yilda 2 ming, keyigi yilda esa 3 ming nafar bolada tugʻma yurak nuqsoni hamda bosh miyadagi patalogik oʻzgarishlar boʻyicha jarrohlik amaliyotini oʻtkazilishi shunchaki raqamlar emas. Bu shuncha baxtiyor oila degani. Hayotidan mamnun, baxtidan masrur odamlar degani. Prezidentimizni duo qilib ochilgan qoʻllar degani.

Aytish joiz, tugʻma, patalogik va orttirilgan mushak-sklet tizimida muammosi bor bemorlar, koʻkrak qafasi deformatsiyasini davolash uchun jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirish, hamda maxsus platinilar xarid qilishing yoʻlga qoʻyilishi bugungi kun uchun ayni muddao edi. Nogironligi boʻlgan shaxslarning 2021–2025-yillarda elektro-pultli maxsus kreslo aravachasi bilan taʼminlanishi ham biz kabilarga katta ishonch, kuch bagʻishlaydi.

Jismoniy imkoniyati cheklangan shaxs sanalsak-da, aslida, biz uchun imkoniyatlar chegarasiz. Buni yurtimiz, hukumatimiz yaratib bermoqda. Ulardan, aqliy salohiyatimizdan foydalansak, koʻplab marralarni zabt etamiz. Men hayotni juda yaxshi koʻraman. Uni goʻzal qilish uchun esa yuqoridagi kabi yengilliklardan yana-da samarali foydalanaman, bu borada boshqalarga ham yordam berishga harakat qilaman. Hayotda qoqilishlar hammamizda uchraydi. Buni bir saboq deb qabul qilish kerak. Nolish emas, aynan tik tura olish kerak. Zero, mazmunli yashashimiz, yaxshi koʻrgan kasbimiz bilan shugʻullanishimiz uchun zarur imkoniyatlar yaratilgan.

Mana shunday eʼtibor, otalarcha gʻamxoʻrlik uchun Prezidentimizga rahmat. Albatta, biz bunga katta yutuqlarimiz bilan javob qaytaramiz.

Barno NARZULLAYEVA,

tadbirkor, Respublika “Hunarmand” uyushmasiga aʼzosi,

Gʻallaorol tumani.