MCHJ rahbarlari oqava suv tarmogʻi va kanallarni tozalash uchun ajratilgan mablagʻni oʻzlashtirib yuborgan

    Ular hujjatlarga amalda bajarilmagan ishlarni qoʻshib yozish orqali jami 373,5 mln soʻmni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bagʻdod tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “D.P.” MCHJ hamda “S.T.” UK Fargʻona viloyati filiali masʼul shaxslari tumandagi oqava suv tarmogʻi qurilishida hujjatlarga amalda bajarilmagan ishlarni qoʻshib yozish orqali jami 373,5 mln soʻmni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

    Shu kabi, Departamentning Boʻka tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “B.” MCHJ rahbari M.X. tuman Irrigatsiya boʻlimi tasarrufidagi 5 ta kanalni tozalashda hujjatlarga amalda bajarilmagan ishlarni qoʻshib yozish orqali jami 154,9 mln soʻmni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.