2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda o'z vaqtida xolis axborot berib borish orqali yolg'on ma'lumotlar tarqalishining oldini olish, fuqarolarning axborot olish va tarqatish erkinligi borasidagi huquqlarini yanada mustahkamlash nazarda tutilgan. Shuningdek, fuqarolarning axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalanish madaniyatini oshirish, shaxsiy va sir saqlanishi lozim bo'lgan ma'lumotlarni internet tarmog'ida oshkor qilish bilan bog'liq daxlsizlik huquqi buzilishining, kiberjinoyatchilikning oldini olish tizimini yaratish bilan bog'liq muhim vazifalar belgilangan. Bu topshiriqlarning shunday muhim hujjatda aks etgani sababi nimada? Xo'sh, bu vazifalar nega dolzarb? Ularning ijrosini qanday ta'minlash mumkin?
Dunyoni yutayotgan axborot “yuho”si
Zamonaviy dunyoda axborot oqimi, shiddati misli ko'rilmagan darajada oshib ketdi. Globallashuv, axborotlashuv, raqamlashuvning insoniyatga ko'rsatayotgan ta'siri chegaralarni pisand qilmay qo'ygani ham rost. Vaziyat shu darajaga etdiki, axborot maydonida siyosiy, iqtisodiy, mafkuraviy manfaatlar to'qnashuvi insonlar ongu shuuri uchun kurash jarayonini yangi bosqichga olib chiqdi. Natijada axborot uzatuvchi tarmoqlar soni ortdi, internet hajmi oshdi. Bunda yil sayin internet foydalanuvchilari soni va media iste'moli o'sayotgani katta ahamiyat kasb etmoqda. Chunonchi, 2022 yili dunyo aholisi jami 12,5 trillion soat vaqtini global tarmoqda o'tkazgan. Joriy yilgi hisob-kitoblarga ko'ra, 5,16 milliard kishi internetdan foydalanmoqda. Shunga monand axborot supermagistralidagi harakat shiddati ham oshmoqda. Global tarmoqda 1,7 milliard veb-sayt mavjud bo'lib, har soatda 7 million veb sahifa paydo bo'ladi, telefon qo'ng'irog'i va shaxsiy yozishmalarni esa hisoblash imkonsiz. Odamlar diqqat-e'tiborini jalb etish uchun kurash targ'ibot, tashviqot, manipulyatsiya kabi ta'sir o'tkazish usullaridan keng foydalanish, shov-shuvli yangiliklarni ko'paytirish, reklama uchun sarflanadigan mablag' hajmini oshirish kabi ko'rinishlarda yuz bermoqda.
Hisob-kitoblar, statistik ma'lumotlar o'z yo'liga, biroq bu axboriy shovqinning odamlarga ta'siri nihoyatda og'riqli. Bir foydalanuvchi kuniga o'rtacha 6 soat vaqtini internetda o'tkazar ekan, bu sog'liqni saqlash, iqtisodiyot, ta'lim, psixologiya va hatto siyosat kabi sohalar oldiga qator muammolarni qo'yadi. Masalan, mediaqaramlikning insonning jismoniy holati, salomatligiga salbiy ta'siri — ko'rish qobiliyati susayishi, umurtqa pog'onasi qiyshayishi, rivojlanishdan ortda qolish, diqqat etishmasligi, iroda buzilishi, stress, depressiya, xotira susayishi kabilar, shuningdek, axborot ta'sirida o'z tanasiga zarar etkazish kabi ko'rinishlarda namoyon bo'ladi. Zamonaviy sog'liqni saqlash va ta'lim tizimi oldida bu kabi muammolarga qarshi kurashish vazifasi turibdi.
Ilmiy tadqiqotlarda fuqarolar bo'sh vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o'tkazishi mamlakat iqtisodiyotiga qancha zarar etkazishi o'rganilgan. Xoh ishoning, xoh ishonmang, bu zarar miqdori zilzila, toshqin kabi tabiiy ofatlardagi yo'qotishlar bilan taqqoslash mumkin bo'lgan katta talafotga teng. Masalan, bir fuqaroning kunlik ish vaqti 8 soat bo'lsa, u shu vaqtining 6 soatini internetda o'tkazsa, o'z-o'zidan foydali ish koeffitsienti pasayadi, o'z navbatida, korxonalarning rentabelligi ham tushadi. Kunlik ish haqini sakkizga bo'lib, oltiga ko'paytirsak, behuda sarflanayotgan mablag' summasi kelib chiqadi. Ya'ni xodim shuncha vaqt mobaynida foydali va samarali ish qilmaydi, global tarmoq uning vaqtini shamolga sovurishiga sabab bo'ladi. Xodim ishdan tashqari paytda ijtimoiy tarmoqda vaqt o'tkazgan taqdirda ham bu uning oilasiga vaqt ajratmasligi, oqibatda ijtimoiy munosabatlar buzilishi, dam olish, o'z ustida ishlash yoki yangi bilimlarni o'zlashtirishga vaqt topolmasligiga olib boradi. Yangiliklar tasmasida sizni o'ziga chorlayotgan, tezroq o'qish, ulashishni so'rayotgan, ko'z ko'rib, quloq eshitmagan yangilikni baham ko'rishga undayotgan jozibador sarlavhalar, bir-biridan qiziq, bir-biriga o'rin bermayotgan videolavhalar sezdirmagan holda katta iqtisodiy yo'qotishga sabab bo'ladi. Shuningdek, iqtisodiy ta'sir axborot iste'molchilarining xarid jarayonidagi tanlovi reklama, brend mahsulotlar orqali boshqarilishida ham ko'rinadi. Natijada odamlar reklama qilingan mahsulotni iste'mol qilish, brenddagi kiyimni kiyish, fil`mlarda o'zi ko'rgan mamlakatlariga borishga intiladi.
Ta'lim tizimi axborotni eng ko'p qabul qiluvchi segment — bolalar va yoshlarning ijtimoiy tarmoqlarga qaramligi, komp`yuter o'yinlariga mukkasidan ketishi, FOMO sapiens, ya'ni global tarmoqda onlayn bo'lmasa, bir narsadan quruq qoladiganday xavotirda yashovchi avlod, fabbing, ya'ni telefonga bog'lanib qolish sababli real hayotdagi muloqotdan qochish, begonalashuv, nomofobiya — telefonsiz qolishdan qo'rquv kabi muammolarga qarshi kurashishi kerak. Salbiy mazmundagi, qo'rquv, xavotir, ertangi kunga ishonchsizlik keltirib chiqaruvchi axborotlarning ruhiy ta'siri alohida mavzu. Umuman olganda, axborotning ko'pligi insonning mustaqil fikrlashi, o'zini anglashiga ham salbiy ta'sir ko'rsatadi.
Axboriy ifloslanish va kiberxavflar
Bugun tabiat — havo, suv, tuproq ifloslanayotgani kabi axboriy ekologiya musaffoligiga ham putur etmoqda. Axboriy muhitning ifloslanishi, unda turli nomaqbul axborot shakllarining paydo bo'lishi, yolg'on ma'lumotlarning keng tarqalishi ijtimoiy tarmoqlarda adovat va nafrat qo'zg'ovchi muloqot tili qo'llanishi holatini yurtimiz misolida tahlil etamiz. 2021 yilning dekabr` holatiga ko'ra, milliy domen makonidagi qariyb 400 ga yaqin veb-saytda behayolik va ma'naviy buzuqlik targ'ibotiga xizmat qilishi mumkin bo'lgan holatlar aniqlangan. 2097 ta qonunbuzarlik qayd etilgan. Buzg'unchilik, zo'ravonlik, ekstremizm va terrorizmni targ'ib qiluvchi veb-saytlar ham ko'p. Mutaxassislar ma'lumotiga ko'ra, internet orqali tarqatiladigan axborotning 49 foizi sezilarli darajada zo'ravonlik va yovuzlikning, 57 foizi axloqsizlikning bevosita va bilvosita targ'ibotiga xizmat qiladi. 25 foiz axborot esa yolg'on, to'qima, 31 foiz ma'lumot haqiqatga to'la mos emas. Bu holat yoshlar ongu shuuriga kuchli ta'sir etuvchibuzg'unchi g'oyalar, milliy mentalitetga zid, zararli odat va ko'nikmalar, tekshirilmagan axborotga ham birdek taalluqlidir.
Real dunyomizdagi barcha jarayon — ta'lim, xizmat ko'rsatish, ishlab chiqarish, muloqot, hamyon bilan birga, turli tahdid, xavf-xatar va jinoyatlar ham raqamli olamga ko'chdi. Kiberhujum, kiberjinoyat, kiberta'qib, kriptovalyutalar bo'yicha yashirin faoliyat, troll (soxta akkaunt), spam, botlar faoliyati kengayishi kiberxavfsizlik masalasini ham kun tartibiga olib chiqdi. Barcha tizim va jarayonlar raqamlashar ekan, ularning texnik jihatdan mukammal va bexato ishlashini, xavfsizligini ta'minlash muhimdir.
“Kiberxavfsizlik markazi” DUKning yillik hisobotida keltirilishicha, 2022 yil holatiga ko'ra, uz segmentida 110 mingdan ortiq veb-sayt domeni ulangan bo'lib, shulardan 38 mingdan ortig'i faol. Ularning 14 mingdan ortig'i xavfsiz, ya'ni SSL sertifikati bilan himoyalangan. Milliy kibermakonda o'tgan yili zararli tarmoq faoliyati bilan bog'lik 65 millionta (!) holat aniqlangan. Portlardagi zaifliklarni aniqlash maqsadida skanerlash, mos parolni tanlov asosida kiritish, veb resursdagi zaif, ochiq qoldirilgan va noto'g'ri konfiguratsiyali ochiq xizmatlardan foydalanishshular jumlasidan. Bundan tashqari, markaz tomonidan Yagona kiberxavfsizlik uzeli doirasida davlat organlari va tashkilotlari veb resurslarini himoya qilish tizimi sinov tariqasida ishga tushirilgan. U orqali 50 dan ortiq xorijiy mamlakat hududidan amalga oshirilgan to'rt yarim milliondan ziyod kibertahdid aniqlangan va bartaraf etilgan. Internet tarmog'ining milliy segmentida joylashgan davlat va xo'jalik boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytlarida 855 ta shunday hodisa aniqlangan. Buning natijasida davlat idoralarining veb-saytlari umumiy hisobda 1 million 570 ming 659 daqiqa davomida ishlamay qolgan. Bularning barchasi kibertahdidlar kuchayib borayotganidan dalolat bermoqda.
Echim — mediata'limda
Mavjud vaziyat aholining media mahsuloti iste'molini chuqur tadqiq etish, omma ongida axboriy dunyoqarashni tartibga solish, informatsiya bilan ishlashning yangi usullarini ishlab chiqish, axborot madaniyatini shakllantirishni talab etmoqda. Xavf va tahdidlarga to'la axborot changalzorida harakatlanish, ogoh bo'lish uchun maxsus bilim va ko'nikmalar majmui kerak. Yo'lda ko'ngilsizlikka uchramaslik uchun yo'l harakati qoidalarini bilish qanchalik kerak bo'lsa, axborot olamida ma'lumotlarni saralab qabul qilish, axborot bilan munosabatni iroda kuchiga tayanib tartibga solish, o'zini o'zi nazorat qilish, shaxsiy ma'lumotlari xavfsizligini ta'minlash uchun maxsus bilim va ko'nikmalar shunchalik zarur. E'tiborlisi, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida shu yo'nalishdagi izlanish va harakatlar o'tgan asrda boshlangan.
Bugun ko'plab davlatlarda bolalar, o'smirlar, yoshlarning mediaolamga moslashuvini ta'minlovchi, umuman, uzluksiz ta'lim shaklida barcha yoshdagilarining axborot bilan munosabatini tartibga soluvchi mediata'lim umumiy ta'limning majburiy, doimiy komponentiga aylangan. Bu borada Finlyandiya, Frantsiya, Kanada kabi mamlakatlarning tajribasini alohida tahlil qilish mumkin.
Masalan, Finlyandiyada mediata'lim bog'cha yoshidanoq o'rgatiladi. Mediakompetentsiya umumiy o'rta va kasbiy ta'lim muassasalari o'quv dasturi hamda strategiyalaridan ham asosiy o'rin olgan. Bu mamlakatda mediata'lim bir nechta tashkilot, mediamarkaz va xususiy sektordagi yoshlar markazlari, kutubxonalar faoliyatining bir qismidir. Ayniqsa, kutubxonalar mediata'limni rivojlantirishda muhim va ularning maktablar bilan hamkorligi katta ahamiyatga ega. Muzeylar va bolalar madaniy markazlari tarmog'i ham faoliyatining bir qismi sifatida ommaviy axborot vositalari va madaniy ta'limni birlashtirgan. Finlyandiyada media va axboriy savodxonlikni targ'ib qiluvchi qariyb 100 ta tashkilot mavjud. Ularda bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish alohida yo'nalish sifatida o'rganiladi.
Demak, mediata'lim axborot odobi, madaniyati, ma'naviyatini shakllantiruvchi, media mahsulotlarini tafakkur chig'irig'idan o'tkazib, saralab qabul qilish, baho berishda ijtimoiy immunitet, zirh vazifasini o'tovchi, zarur amaliy ko'nikmalarni yuzaga chiqaruvchi, raqamli olamda xavfsizlikqoidalarini o'rgatuvchi, nomaqbul axborotlarning ta'sirini kamaytiruvchi ta'limdir. U media bilan tartibli, rejalashtirilgan holda bog'lanishni o'rgatadi, mediaqaramlikning oldini oladi. Auditoriyaning tanqidiy tafakkurini rivojlantiradi, zararli axborotlardan himoyalaydi. estetik-badiiy didni shakllantiradi, mediamahsulotlar yaratishga o'rgatadi. Shu bois, mediata'limga “zamonaviy axboriy jamiyatni tushunish kaliti”, deb ta'rif beriladi.
Umuman olganda, zararli axborotdan himoyalanish, ma'lumotning yolg'on yoki biryoqlama bo'lishi mumkinligini tushuntiruvchi, ularni tekshirishga xizmat qiluvchi mediata'limni to'laqonli yangi fan, xorij tajribasi deyish fikridan yiroqmiz. Qadim SHarq juda ko'plab ilmlarga beshik bo'lgan, allomalar ko'plab fanlarga asos solgan. Shulardan biri madrasalarda o'qitilgan kalom ilmi bo'lib, dalillash, asoslash, chuqur idrok etish, e'tiqod sofligini saqlash, haq va botilni ajratish, noto'g'ri tushunchalarni rad qilish, bid'at va xurofotdan saqlanishga xizmat qiladi. Shuningdek, hadis ilmida qo'llangan uslublar ham axborotni tekshirishning qadimiy ko'rinishlaridir.
Sharq allomalarining asarlarida ham axborotni tahlil etib qabul qilish masalasi etarlicha aks etgan. Masalan, buyuk olim va mutafakkir Abu Rayhon Beruniy “Hindiston” asarida “Xabar ko'z bilan ko'rgandek bo'lmaydi, degan kishining so'zi juda to'g'ridir... So'ngra odatda bo'lishi mumkin bo'lgan narsa haqida berilgan xabar bir xilda [farqsiz] rost va yolg'on bo'laveradi; xabar xabar beruvchilar sababli rostlik va yolg'onlik tusini oladi. Chunki odamlarning maqsadlari xilma-xil, xalqlar o'rtasida tortishish va talashish ko'p”, deb manfaatlar to'qnashuvi, axborot tarqatishning inson omili bilan bog'liqligi, talqin turli-tumanligi, yolg'on axborot paydo bo'lishini ko'rsatib bergan.
Mediata'lim qaysidir xususiyatlariga ko'ra, ehtimol milliy ta'lim tizimida mavjud bo'lgan “Ma'naviyat asoslari” fani yoki “yuksak ma'naviyat” tushunchasiga o'xshab ketishi mumkin. Biroq aqlli texnologiyalar, sun'iy intellekt rivojlangan bugungi davrda uning mafkuraviygina emas, axborot texnologik, huquqiy xususiyatlari oshib borayotganini ko'rish mumkin.
Mediaogoh inson shaxsiy ma'lumotlar, elektron hamyon xavfsizligini ta'minlaydi, hisob va karta raqami ma'lumotlarini begonalarga bermaydi. Internetdan foydalanish etiketiga amal qiladi, ishonchli parollardan foydalanadi. Noma'lum odamlardan kelgan xabarlarni ochmaydi, havolalarga kirmaydi. Jamoat joylarida himoyalanmagan Wi-Fi tarmoqlaridan foydalanmaydi. Mediata'lim insonning sifatli axborot olish huquqini ro'yobga chiqarib, shaxsda hamjihatlik va tinchlik, tolerantlik, boshqalarga hurmat, fikr va axborot erkinligi qadriyatini shakllantiradi. Mediasavodxonlik, ayniqsa, madaniyatlar va dinlararo muloqotda juda muhim. AQShlik taniqli siyosatshunos Samyuel` Xantington shunday yozgan edi: “Fikrimcha, yangi shakllanayotgan dunyoda ixtiloflar manbai mafkura ham, iqtisodiyot ham bo'lmaydi.
Insoniyatni ajratib turgan qaltis chegara va asosiy ixtilof manbai madaniyat bo'lib qoladi. Milliy davlatlar xalqaro munosabatlarda bosh ishtirokchi maqomida qolsa-da, global siyosatning eng yirik ixtiloflari turli millat va tamaddunga mansub guruhlar o'rtasida yuz beradi”. Bu jarayonda mediasavodxon inson dunyoda madaniyatlar turli-tumanligi haqida tasavvur, madaniy tafovutlarga nisbatan tolerant munosabatda bo'ladi. O'z qadriyatlarini rad etgan holda, boshqa madaniyatlarning ustidan hukm chiqarishga yo'l qo'ymaydi. Mediasavodxonlik dinlararo bag'rikenglik, madaniyatlararo hamjihatlik, tenglik, ijtimoiy integratsiya, moslashuvchanlik, tinchlik va barqaror rivojlanishni ta'minlashga hissa qo'shadi. Bu ko'p millatli mamlakatimizda tinchlik, hamjihatlikni ta'minlashda nihoyatda muhim.
Mediata'limni joriy etish O'zbekistonning axboriy va kiberxavfsizligini mustahkamlaydi, milliy manfaatlar yo'lida auditoriyani dezinformatsiyadan himoyalash va jamiyatda sog'lom axborot muhitini shakllantirish uchun global tarmoq yoki OAVdan foydalanishda texnik cheklovlarni qo'yishga zarurat qoldirmaydi, mediaga qaram insonlar sonini kamaytiradi. Sog'lom axboriy muhit iqtisodiyotning barcha tarmoqlari – ishlab chiqarishdan sog'liqni saqlash tizimigacha — rivojiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi.
O'zbekiston Respublikasining “Bolalarni ularning sog'lig'iga zarar etkazuvchi axborotdan himoya qilish to'g'risida”gi, “Kiberxavfsizlik to'g'risida”gi qonunlari va boshqa bir qator hujjatlar mohiyati aholining mediasavodxonligini qo'llab-quvvatlaydi. Mavjud axboriy vaziyat mamlakatimizdagi qonunchilik asosida mediata'limni joriy etish zaruratini ko'rsatadi.