Yaqin yillargacha Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining 18 yoshdan keyingi hayoti mavhum bo'lib qolar, ularning taqdiri bilan jiddiy qiziqilmasdi. Shu bois, Mehribonlik uyidan uchirma bo'lgan yoshlarni hali oldinda ko'p muammolar, katta qiyinchiliklar kutib olardi.
Bugun bunday emas. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bevosita davlat himoyasida. Ular uy-joy bilan ta'minlanmoqda, bilim olib, kasb egallab, jamiyatning faol a'zosiga aylanishi uchun barcha huquqiy asoslar, sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Shuningdek, Mehribonlik uyidagi sharoitlar ham yaxshilangan. Buni birgina, poytaxtimizdagi 22-sonli Mehribonlik uyi misolida ko'rish mumkin.
Mazkur muassasada yosh yigit-qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash ishlari ham samarali yo'lga qo'yilgan. Xususan, bu erda yoshlarni real hayotga moslashtirish maqsadida to'garaklar faoliyati yo'lga qo'yildi.
Bugun ana shu — "Mustaqil oilaviy hayotga tayyorgarlik" to'garagining ilk mashg'ulotlari boshlanib, unga 30 nafar tarbiyalanuvchi jalb etildi.
"Biz mehmonlar bilan uchrashamiz", mavzusida boshlangan mashg'ulot asnosida yoshlarga turmushning odob-axloq qoidalari, milliy urf-odatlarimiz, mehmonlarni kutib olish madaniyati haqida so'zlab berilib, taomnomalar muhokama qilindi. Murabbiylarning hayotiy maslahatlari esa tarbiyalanuvchilar dunyoqarashini shakllantirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Shu ma'noda, ilk mashg'ulotlar barchaga manzur bo'ldi.