Taqdir sinovidan oʻtgan yoshlar hayotiga baxt olib kirdi
Farzand yorugʻ dunyoga kelar ekan, ota-ona unga yaxshi tarbiya berishga harakat qiladi, mehr bilan voyaga yetkazadi, oʻqitadi, uyli-joyli qiladi. Ammo barcha farzand taqdiri ham birday yorqin va toʻkis emas. Ayniqsa, Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan oʻgʻil-qizlar bolaligi ota-ona mehriga tashnalik, koʻngli oʻksiklik bilan oʻtadi. Voyaga yetgach, bu qismatga boshpanasizlik, ishsizlik va chorasizlik ham qoʻshiladi.
Mamlakatimizda yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning huquq va erkinliklarini roʻyobga chiqarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish maqsadida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2021-yil 9-avgustdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Toshkent viloyatida Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga Yangiyoʻl shahridan yangi uy-joylar topshirilgani haqidagi xabarni eshitdigu, ijodiy jamoamiz bilan shu baxtli manzil sari yoʻl oldik.
Mutasaddilarning aytishicha, oʻtgan yil noyabr oyida Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining 18 nafari oʻz uyiga ega boʻlgan, joriy yil mart oyida esa Yangibogʻ mahallasida qad rostlagan koʻp qavatli uylarning yana 8 xonadoni tarbiyalanuvchilarga topshirilgan.
Biz ularning ayrimlari bilan suhbatlashdik.
MEHRIBON, GʻAMXOʻR PREZIDENTIM BOR...
Lola BARATOVA (20 yosh):
— Chirchiq shahridagi Mehribonlik uyi hisobidan chiqarilganimdan soʻng oʻz uyim boʻlishiga ishonmaganman. Onam vafot etganida men uch, opam, olti yoshda edik. Bir yil oʻtar-oʻtmas otam boshqa ayolga uylanib, bizdan osongina voz kechib ketdi. Xolamning qoʻlida boʻzlab qoldik. Bolalik sururini unutdik. Mushtdaygina boshimiz bilan roʻzgʻor yumushlariga katta odamlarday shoʻngʻidik. Kichkina qoʻlchalarimiz bilan dalada oʻt terardik, mol boqardik, hovli tozalardik, idish-tovoq yuvib, nima ish boʻlsa, qilib ketaverardik. Lekin baribir qarindoshlarimizning katta hovlisiga sigʻmadik. Kunda-kunora boʻladigan dilxiraliklar, jerkishlar, ogʻir gaplar bola qalbimizni sindiraverardi.
Ota-ona oʻrnini hech kim bosa olmas ekan. “Jonim qizlarim, bolajonlarim”, deb erkalashlar armonga aylangandi. Mehribonlik uyiga oʻzimiz borganmiz. Boshida koʻnika olmadik, tunlari bilan uxlamay yigʻlab chiqardik. Lekin boshqa boradigan joyimiz ham, choramiz ham yoʻq edi.
Bir savol meni doimo qiynab keladi. Nega ota-onalar tirik boʻla turib farzandlarini yetimxonaga topshiradi, holidan xabar olmaydi? Nega tugʻilganmiz oʻzi? Biz ham farzandmiz-ku? Yillar davomida otamdan soʻray olmagan savollarimni gazetangiz orqali soʻrasam maylimi, gaplarimni chiqarasizmi?
— Albatta, ayting.
Otajon! Siz men va opamni biror marta sogʻinganmisiz? Nima uchun bizdan voz kechdingiz? Nima aybimiz va gunohimiz bor ediki, tirik boʻla turib, mehringizni ojiza qizlaringizdan ayadingiz? Ota, mabodo baxtim ochilib toʻyim boʻlsa, meni izlab kelasizmi? Sizdan hech narsa talab qilmayman, soʻramayman. Chunki boshimda mehribon, gʻamxoʻr Prezidentim bor. U bergan yangi, shinamgina boshpanam bor. Endi qizlaringiz birovlarning uyida sigʻindi boʻlib yashamaydi. Ijara pulini vaqtida toʻlay olmagani uchun uy egalariga koʻz yosh toʻkib, diydirab, koʻmak soʻrab yurmaydi. Sizga, sizning oilangizga ogʻirligi tushmaydi. Men shunchaki toʻyim kuni dadam yonimda boʻlishini, kaftlarini ochib, peshonamdan oʻpib, oq fotiha berishini istayman. Otasidan fotiha olgan, otasi yaxshi koʻrgan qiz baxtli boʻladi, deyishadi.
Otajon, sizdan xafa emasman, faqat iltimos, meni ham ozgina yaxshi koʻring, baxtim uchun, kelajagim uchun qoʻllaringizni ochingda, Xudodan biz uchun onam koʻrmagan, eng yorugʻ, eng saodatli kunlarni soʻrab duolar qiling.
OʻN YILDAN ZIYOD IJARADA YASHADIM
Gulya JOʻRABOYEVA (32 yosh):
— Otam hayot paytida dunyodagi eng baxtli qizaloq edim. Olti yoshimda otam vafot etdi. Oradan ikki yil oʻtib, onam boshqa turmush qurdi. Oʻgay otam meni yoqtirmas, ishimdan kamchilik topib, koʻp kaltaklardi. Bu ham yetmagandek, eng ogʻir ishlarni bajarishga, kichkina jussam koʻtara olmaydigan yuklarni koʻtarishga majbur qilardi. Yuzim shishib, koʻzim koʻkarib, koʻchaga chiqa olmay yurgan kunlarim koʻp boʻlgan. Qochib, yashirinib, oʻgay otamning koʻziga koʻrinmaslikka harakat qilardim. Mabodo aralashib, yonimni olgudek boʻlsa, onamni ham ayamay urib-tepardi. Xullas, u men uchun dunyodagi eng yomon odam edi.
Shunday kunlarning birida, onamning ham jonidan oʻtgan shekilli, hatto meni ham tashlab, xayrlashmay chet elga ketib qoldi. Yoshgina qizimni kimning qoʻliga tashlab ketyapman, deb oʻylamabdi. Shu boʻyi onamni hech qachon koʻrmadim. Biror marta izlab kelmadi, oʻzidan darak ham bermadi.
Boʻkadagi Mehribonlik uyiga kelganimda 11 yoshda edim. 2007-yilgacha, 16 yoshga toʻlgunimcha shu yerda yashadim. Keyin tarbiyachilarimiz koʻmagi bilan Olmaliq shahridagi yotoqxonasi bor kollejga joylashdim. Uch yil zuvillab oʻtib ketdi, yana borarga joyim qolmadi.
2010-yili kollejni tugatib, tugʻilgan joyim — Yangiyoʻl shahriga keldim. Lekin na tayinli ish va na boshpana topildi. Noiloj, tahsil olgan kollejimga yana qaytib bordim. Direktorning rahmi keldimi, har qalay ishga oldi. Ammo jamoadagi muhit sabab ishdan boʻshashimga toʻgʻri keldi.
2012-yilning qahraton qishida Mehribonlik uyida birga voyaga yetgan dugonam bilan Toshkentga ish izlab bordik. Katta shaharda yashashimiz oson kechmadi. Shunday vaqtlar boʻldiki, koʻchadagi oʻrindiqlarda tunab qolishga majbur boʻlganmiz. Yashash, bir burda non topish ilinjida nima ish boʻlsa qilib ketaverdik, tinmadik.
Oʻsha vaqtda 20 yosh edim. Katta shahardagi turli idoralar rahbarlari qabulxonalariga sargʻayib, yalinib, yigʻlab boraverganman. Uy bering, ish bering, deb bormagan joyim, taqillatmagan eshigim qolmagan. Biroq meni eshitadigan, joni achiydigan bir mard rahbar topilmadi. Murojaatlarim, arizalarim, bari behuda, besamar va beiz ketdi.
Murojaatlarimga deyarli bir xil — “koʻramiz, oʻrganamiz”, degan mazmunda javob boʻlardi. Chorasizlik, imkonsizlik odamni har koʻyga solar ekan. Axiyri, 2014-yilda Prezidentga xat yozdim. Bir necha oydan soʻng meni Yangiyoʻl shahri hokimligi xodimlari izlab kelib, nimalarnidir tushuntirgandek boʻldi. Katta idoralarga xat yozib yurishim odob doirasiga kirmasligini ham obdon uqtirishdi.
Ishonchim soʻlgach, hech kimga murojaat qilmay qoʻydim. 2016-yilda hayotim yaxshi boʻlib ketar, degan umidda turmushga chiqdim. Xudo bizga oʻgʻil va qiz farzand berdi.
Turmush oʻrtogʻimning oilaviy sharoiti ham ogʻir edi. Roʻzgʻordagi yetishmovchiliklar janjalga sabab boʻlardi. Ijara pulini vaqtida toʻlay olmaganimiz uchun uy egasi bizni koʻchaga chiqarib yubordi. Yosh bolalarimga achinmadi ham. Bu vaqtda turmush oʻrtogʻimning ishi yurishmayroq turgandi. Shuning uchun ilojsizlikdan bolalarim bilan koʻp qavatli uyning yertoʻlasida yashashga majbur boʻldik.
Xullas, Mehribonlik uyidan chiqib ketganimdan soʻng hayotimning 17 yilini boshpanasiz, muqim ishsiz, sarson-sargardonlikda oʻtkazdim.
Meni taniganlar Prezident Shavkat Mirziyoyev oddiy xalqqa qayishyapti, koʻp yillik muammolariga yechim topib beryapti, ishsizlar ishli, uysizlar uyli boʻlyapti, senga ham uy beradi, rahbarlarning oldiga bor, yordam soʻra, deyishdi. Biroq mendagi ishonch va umid, hayotim yaxshi boʻladi, degan ilinj tugab boʻlgandi. Hech narsaga va hech kimga ishonmay qoʻygandim.
Bir kuni xoʻrligim kelib, yertoʻlada yashayotgan joyimizni suratga oldim-da, internetga joylashtirdim. “Prezidentimiz Mehribonlik uyidan chiqqan bolalar qanday ahvolda yashayotganini koʻrsin”, deb yozib qoʻydim...
...Va nihoyat, 17 yildan soʻng men bir haqiqatga — boshimizda mehribon otamiz borligiga ishondim. Davlatimiz rahbari yetim bolalarga befarq emasligiga va oʻz uyim boʻlishiga ishondim. Negaki, murojaatimdan bir hafta oʻtib-oʻtmay yangi qurilgan bir xonali uyning kalitini qoʻlimga tutqazishdi.
Yigʻladim, endi oʻz uyim bor, biz yetimlarni oʻylaydigan, suyaydigan, eshitadigan davlatimiz rahbari ham bor, deb yigʻladim. Yangi uyga hali odamlar toʻliq koʻchib kelmagan, quruvchilarning qiladigan ishlari ham bor, lekin uyni koʻrib, mutasaddilarga iltimos qildim, yangi uyga koʻchib oʻtishimizga ruxsat oldim. Bu yerda Mehribonlik uyidan chiqib, men kabi qiynalib, ijarada yashayotgan yigit-qizlar qoʻshni boʻlib, boriga shukr qilib, yonma-yon yashayapmiz. Toʻgʻri, hozircha issiq suv tarmogʻi toʻliq oʻrnatilmagan, lekin oʻz uyingning harorati oldida bu hech narsa emas. Yangi liftimiz ham ishga tushmadi, ammo toʻrt muchamiz sogʻ, oyoqlarimiz bardam-ku. Muhimi, osh-ovqatimizga gaz, yeguliklarni qoʻyishga muzlatkichimiz, koʻrishga televizorimiz, yotishga qulay divanimiz, muhimi, oʻz uyimiz, oʻlan toʻshagimiz bor. Hayotimda birinchi bor oilam davrasida chinakam baxtni his qilib yashayapman. Buning uchun Prezidentimdan cheksiz minnatdorman. Agar u boʻlmaganida, haliyam yertoʻlalarda, ijaralarda sargʻayib yashab yuraverardik...
FARZANDLARIMNI HALOL RIZQ BILAN BOQAMAN
Vladimir LIM (21 yosh):
- 7 yoshimda onam, 12 yoshimda otam vafot etdi. Keyin qarindoshlarim meni Boʻkadagi Mehribonlik uyiga topshirdi. Bu yerda hamma sharoit bor, bir qarashda hayot toʻkis va toʻkin edi, lekin ota-onam yoʻq, ularning mehri yetishmasdi. Shuning uchun sharoitlar menga tatimagan.
Har doim oʻz uyim boʻlishini va unda oilam, farzandlarim bilan baxtli yashashni orzu qilganman. Bugun shu orzu-niyatlarim amalga osha boshladi. Uyli boʻldim.
Kafeda oshpaz boʻlib ishlayman, ishim oʻzimga yoqadi. Oliy oʻquv yurtida oʻqishni rejalashtirib turibman. Asosiysi, boʻlajak oilamni, farzandlarimni halol mehnatim, halol rizq bilan boqaman, koʻnglini
oʻksitmayman. Toki ularga hech kim, hech qachon “Sen yetimsan, ota-onang kimligini bilasanmi oʻzi?”, kabi yurakni ezib yuboradigan soʻzlarni ayta olmasin.
Prezidentimizga ming rahmat. Uning mehrli siyosati tufayli oʻz uyimga ega boʻldim. Bu yaqin-yaqingacha men uchun ushalmas orzu, ertak kabi tuyilgan. Bugun esa ertaklar haqiqatga aylangan kunlarni oʻz koʻzim bilan koʻrib turibman.
Biz hamisha el xizmatida boʻlib, yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar uchun shu ona Vatanimizga munosib farzand boʻlib xizmat qilaylik. Ishonchni, eʼzozni oqlaylik. Men kabi yetimlarning boshini silagani uchun, boshpana bergani uchun Prezidentimni hamisha va har doim duo qilib oʻtamiz.
XULOSA OʻZINGIZDAN
Taqdir hukmi yoki ota-onasining aybi bilan oila deb atalmish muqaddas goʻshasidan bebahra boʻlib voyaga yetgan bu uch taqdirning uch hikoyasi oramizda uchrab turadigan baʼzi bemehr ota-onalarga ibrat boʻlsa qaniydi.
Bu yoshlarning dil soʻzlariga ortiqcha soʻz qoʻshmadik, boʻrttirmadik. Borini boricha eshitdik va yozdik. Chindan ham Prezidentimizning mehrli siyosati bilan Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari va yetim bolalarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik va yuksak eʼtibor tahsinga loyiq. Zero, bu kabi oʻgʻil-qizlarning istiqbolli kelajagi, baxtli hayoti uchun yurtimizda barcha sharoitlar badastir. Ular bugun oliy taʼlim muassasalarida tahsil olyapti, munosib ish oʻrniga ega boʻlyapti, zamonaviy uylardan boshpana berilyapti.
Toʻgʻri, ularning singan, oʻksigan, ozorlangan koʻngil ogʻriqlarini hech kim ketkaza olmaydi. Ammo dardiga darmon, yarasiga malham boʻlish mumkin. Maqolani Prezidentimizning “Koʻnglingiz oʻksimasin, taqdir sizga hozir sinov berdi. Lekin kelajakda sizlarni koʻp yaxshiliklar kutib turibdi, tengdoshlaringizga oʻrnak boʻladigan insonlarga aylanasiz. Men bunga ishonaman. Sizlar ikki karra koʻp mehr olasiz. Bu mehr sizlarga baxt olib kelsin, calomatlik olib kelsin. Men sizlarning baxtingiz, cogʻligʻingiz haqida eshitib yuray”, degan soʻzlari bilan yakunlashga qaror qildik.
Bu koʻhna olamda turmushning zalvarli yuki ichra baʼzan araz, baʼzan gina qilib yurar ekanmiz, oʻz uyingning egasi boʻlishdek baxtning qadriga har doim ham yetavermaymiz. Chogʻroq boʻlsa-da, uyimizning taftu harorati borligini his etavermaymiz. Bizni shukronalik hissi tark etmasin!
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri