Ammo bu gap zamirida mehnat va izlanishdan toʻxtamay, serdaromad qalampir yetishtirishga ragʻbat berishday haqiqat bor edi. Chunki qalampir hamisha bozorgir mahsulot boʻlgan.

Avval koʻk qalampirni faqat erta koʻklam va yoz oylaridagina topish mumkin edi. Bugun yilning toʻrt faslida ham sarxil, achchiq qalampir yetishtirish borasidagi ish tajribalar ommalashdi. Bunga Fargʻona tumanidagi “Guzar” mahalla fuqarolar yigʻinida yashaydigan Abdurasul Ahmedovni ham misol qilish mumkin. Qahramonimizning xonadonidagi issiqxonani koʻrgan kishi qish “zahri”ni bir damda unutadi. Bu yerda sadafdek terilgan, qalampir koʻchatlarini, uning hosilini koʻrib, havasingiz keladi. Albatta, bu oʻz-oʻzidan boʻladigan ish emas. Avvalo, oiladagi totuvlik, hamjihatlik asosida qilingan mehnat oʻz samarasini berdi. Eʼtiborlisi, tomorqa egalari ekinlarni muqobil energiya yordamida isitish, tomchilatib sugʻorish tizimlarini yoʻlga qoʻygan. Bu koʻchatlar rivojini yaxshilab, hosildorlik miqdorini oshirib, mahsulot tannar­xini arzonlashtirish imkoniyatini bermoqda.

— Mavsumdagi ilk hosil choʻgʻi chakki emas, — deydi issiqxonada ishlayotgan Abdurasul aka. — Mehnatimiz besamar ketmayapti. Hozir bir kilogramm achchiq ­qalampirni koʻk holatda 60 ming soʻmdan sot­yapmiz. Farzandlarni oʻqitish, uyli-­joyli qilishda ana shu izlanishlarimiz qoʻl kelmoqda. Shu bois, tomorqamizdagi har bir qarich yerdan unumli foydalan­yapmiz. Ayrim xonadonlarda bekor turgan tomorqani koʻrsam achinaman. Shuncha imkoniyat, imtiyozlar bor joyda umrini bekorga oʻtkazayotgan odamni hech narsa bilan oqlab boʻlmaydi. Chunki kaftdek yeri boʻlgan odam hech qachon kambagʻal boʻlmaydi, oʻzganing qoʻliga qarab qolmaydi. Qalampir koʻchatlari ellik kunda hosilga kirib, iyun oyigacha daromad beradi. Koʻchatlarni noyabr oyining dastlab oʻn kunligida ekkanmiz. Hosilning ilk nishonalarini yangi yil das­turxoniga tortiq qildik. Takroriy ekin uchun oq joʻxori ekamiz. Bu yerning shoʻrini oladi, unumdorligini oshiradi. Joʻxori chorva uchun ozuqa boʻladi. Koʻpchilik havas bilan tajribamizni oʻrganishga kelib, yoʻl-yoʻriq soʻraydi. Ularga imkon qadar yordam berishga harakat qilaman.

Abdurasul Ahmedov uzoq yil qurilish korxonalarida ishlab, nafaqaga chiqqan. Ammo uyda bekor oʻtirishni oʻziga ep koʻrmaydi. Avvaliga moʻjaz issiqxonada qalampir ekib, parvarishlab koʻrdi. Samarasi yaxshi boʻlgach, ishga jiddiy kirishdi. Hozir 18 sotixlik issiqxonada 6 ming tup achchiq qalampir koʻchatini parvarish qilyapti. Bu bir mavsumda oʻrta hisobda

3 tonnadan ortiq hosil terib olish imkoniyatini beradi. Yillik daromad salmogʻi 200-250 million soʻm.

Butun dunyoda ekologik toza oziq-ovqat, sabzavot mahsulotlari yetishtirishga boʻlgan talab kuchaydi. Ular inson salomatligi uchun foydali mikroelementlar, turli biologik moddalarga boyligi bilan ajralib turadi. Bu ishlarda Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligining hududiy boʻlimlari tadbirkor, dehqon va tomorqachilarga yaqin koʻmakchi boʻlmoqda.

— Issiqxonada qalampir, qoʻziqorin, sabzavot va koʻkatlar parvarishlash borasidagi ish tajribalari mahallalarda ­ommalashib bormoqda, — deydi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi Fargʻona tuman fitosanitar nazorati davlat inspektori Xurshid Tursunboyev. — Mahsulotlarni ichki va tashqi bozorga sotishda uning fitosanitar holati oʻrganilib, ehtiyoj tugʻilganda kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish, ularning oldini olish choralari koʻrilyapti. Ular tegishli tartibda koʻrikdan oʻtkazilib, sifati, fitosanitariya holati boʻyicha kerakli hujjatlarni rasmiylashtirishda amaliy koʻmak, tavsiyalar beryapmiz, targʻibot-tashviqot ishlari olib boryapmiz.

Amaliy ishlar tufayli mahsulotlarimizga boʻlgan talab tashqi bozorda ham ortib bormoqda. Oʻtgan yilning oʻzida Fargʻona viloyatidan 26 tonnadan ortiq achchiq qalampir Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiz respublikalariga eksport qilindi. Joriy yilda bu boradagi ishlar salmogʻi yanada ortadi, geografiyasi kengayadi.

— Mahallamizda boqimanda kayfiyatdagi oilalar, ishsiz fuqarolar yoʻq, —deydi ­“Guzar” mahallasidagi hokim yordamchisi Jamshid Ergashev. — Ayni kunda aholiga tegishli 50 dan ortiq tomorqada issiqxona bor. Ularda achchiq qalampir, qulpnay, pomidor kabi yoz neʼmatlari yetishtirilyapti. Oʻtgan yilning oʻzida bu yoʻnalishda tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan tashabbus­korlarga 150 million soʻmdan ortiq imtiyozli kredit ajratildi. Bundan tashqari, ijtimoiy himoya reestriga kiritilgan oilalarga ijara asosida ajratilgan ekin maydonlarida ham issiqxonada achchiq qalampir va boshqa sabzavot mahsulotlari yetishtirish yoʻnalishida mikroloyihalar ishga tushiriladi.

Issiqxonalardagi koʻchatlarni bir tizimga bogʻlash, begona oʻtlardan tozalash, hosil yigʻim-terimi bilan bogʻliq mavsumiy ishlarga shu mahalla ahli jalb etilgan. Ular uy yumushlari, farzand tarbiyasidan ortib, hamsoyalariga har jihatdan koʻmak berib, daromad olyapti.

— Qishlogʻimiz tuman markazidan ancha olisda joylashgan, ishlab chiqarish korxonalari yoʻq. Shu bois, aksariyat xotin-­qizlar ishsiz edi, — deydi Baxtigul ­Metinova. — Hozir hayot tarzimiz oʻzgardi. Uy yumushlaridan ortib, mavsumiy ishlarga koʻmaklashib, kuniga 120-150 ming soʻm daromad olyapmiz. Bu oddiy uy bekalari uchun yaxshi imkoniyat.

Mirishkor tomorqachining amaliy ish taj­ribalari bilan tanishish asnosida unga “Qalampir qirq yillik qarzni uzadimi?” degan savol bilan yuzlandik. Abdurasul akaning yuziga tabassum yugurdi.

— Albatta, mehnat qilgan odam farovonlik, xotirjamlikka erishadi. Usti but, dasturxoni toʻkin boʻladi. Bu katta baxt, — dedi u ishonch bilan.

 

Rasuljon KAMOLOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Sherzod Qoraboyev olgan suratlar.