Maʼlumotlarga koʻra, bugun 1,7 million yurtdoshimiz chet elda, asosan, Rossiya va Qozogʻistonda mehnat qilyapti. Mamlakat aholisining 55 foizdan ortigʻi yoshlardan iboratligi hamda yiliga mehnat bozoriga 600 mingga yaqin ishchi kuchi kirib kelayotgani mazkur muammoning naqadar muhimligidan dalolat beradi. Shuningdek, joriy yil 21-mayda Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yigʻilishida migrantlar masalasiga alohida urgʻu berilgani, shu kunning oʻzida Rossiyada “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Rossiya Federatsiyasidagi huquqlari: mehnat migrantlari va ularning oila aʼzolari” mavzusida oʻtkazilgan Oʻzbekiston — Rossiya forumi ham migratsiya masalasining mintaqadagi ahamiyatini belgilab berdi.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, mamlakatimiz YEOIIga aʼzo davlatlar ichida mehnat resurslari boʻyicha Rossiyadan keyingi oʻrinda turadi. Rossiyadagi mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xorijiy fuqarolar soni boʻyicha esa, Oʻzbekiston birinchi oʻrinda turadi. Bugungi kunda tashqi mehnat migratsiyasini tartibga solish maqsadida oʻndan ortiq farmon va qarorlar, normativ — huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Bundan tashqari, 2021-yil 30-aprelda Oʻzbekiston hukumati bilan Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi oʻrtasida hamkorlik Memorandum hamda chora-tadbirlar Rejasi imzolangan. Mazkur hujjatlar mehnat qiluvchilarning ijtimoiy va mehnat huquqlarini himoya qilish sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlikni koʻzda tutadi.

Qayd etilganidek, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi migrantlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va ijtimoiy himoyasini taʼminlash borasida vakolatli davlat organi hisoblanadi. Agentlik tomonidan ushbu yoʻnalishda bir qator amaliy ishlar olib borilyapti. Jumladan, fuqarolarni tashqi mehnat bozoriga muvofiq dastlabki kasbiy tayyorgarlik, xorijiy tillarga oʻqitish, xorijga ishga joylashtirish, huquqiy maslahatlar berish, ish haqi va kompensatsiyalar undirib berish boʻyicha tizimli ishlar qilinyapti.

Shuningdek, tashkiliy tanlov asosida vaqtinchalik mehnat faoliyatiga jalb qilish boʻyicha Rossiya Federatsiyasining 26 ta, Qozogʻistonning 14 ta ish beruvchi korxonalari bilan hamkorlik shartnomalari, shuningdek Rossiya oʻrta maxsus va oliy taʼlim muassasalari bilan Oʻzbekiston fuqarolariga kasbiy taʼlim berish, uni baholash hamda rus tiliga oʻrgatish ishlari boʻyicha ikki davlat hududida amalga oshirishga qaratilgan bitimlar imzolangan. Biroq, ijobiy ishlar bilan birga mehnat migrantlarini huquqiy, moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq muammolar ham koʻp uchramoqda.

Misol uchun, ish beruvchining shartnoma shartlarini bajarmaslik, ish haqini kechiktirish yoki toʻlamaslik, mehnat va migratsiya talablariga rioya qilmaslik, soliqdan qochish uchun migrantlarni norasmiy ishlatish holatlari shular jumlasidandir. Shuningdek, oʻzbekistonlik mehnat muhojirlarining huquqiy holatiga tegishli va ularning ijtimoiy himoyasi bilan bogʻliq boʻlgan tibbiy xizmat koʻrsatish, pensiya va vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davrlarini belgilash va moliyalashtirish, migrantlarning oila aʼzolarini himoya qilish, maʼmuriy va jinoiy tartibda taʼqib qilish bilan bogʻliq muammolarning huquqiy asosi belgilanmagan.

Deputatlar va ishtirokchilar tomonidan aynan shu kabi muammolarning qonuniy yechimiga qaratilgan, mehnat migrantlarini qoʻllab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish boʻyicha bir qator takliflar oʻrtaga tashlandi. Xususan, Oʻzbekistonning mehnat migrantlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha bir qator xalqaro shartnomalarga qoʻshilish taklifi ilgari surildi. Bundan tashqari mehnat migrantlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash maqsadida “Tashqi mehnat migratsiyasi toʻgʻrisida”gi Qonunni qabul qilishni tezlashtirish masalasi aytib oʻtildi.

Qizgʻin bahs-munozaralar asosida oʻtgan yigʻilish yakunida qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.