Shu bilan birga mehnat munosabatiga kirishgan har qanday xodim oʻz mehnat vazifalarini halol, vijdonan bajarishi, mehnat intizomiga rioya qilishi, ish beruvchining qonuniy farmoyishlarini oʻz vaqtida va aniq bajarishi, texnologiya intizomiga, mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasi talablariga rioya qilishi, ish beruvchining mol-mulkini avaylab asrashi shart.
Xodimning mehnat vazifalari ichki tartib qoidalarida, intizom toʻgʻrisidagi ustav va nizomlarda, korxonada qabul qilinadigan lokal hujjatlarda (jamoa shartnomalarida, yoʻriqnomalar va hokazolarda), mehnat shartnomasida aniq belgilab qoʻyiladi.
Mehnat intizomini buzish, yaʼni xodim tomonidan mehnat shartnomasi, lavozim yoʻriqnomasida nazarda tutilgan mehnat vazifalarini uzrli sababsiz, aybli ravishda harakat yoki harakatsiziligi bilan bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik (sifatsiz bajarish, kechiktirish va hokazo), shuningdek, korxona ichki lokal hujjatlarini buzish, ish beruvchining qonuniy talabalarini bajarishdan uzrli sababsiz bosh tortish intizomiy nojoʻya xatti-harakat hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 181-moddasiga asosan mehnat vazifalarini buzgan xodimlarga nisbatan hayfsan, oʻrtacha oylik ish haqining 30 foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda jarima hamda mehnat shartnomasini bekor qilish nazarda tutilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga asosan intizomiy jazolar xodimni ishga qabul qilish huquqi berilgan shaxslar (organlar) tomonidan qoʻllaniladi. Intizomiy jazo qoʻllanilishidan avval xodimdan yozma ravishda tushuntirish xati talab qilinishi lozim. Tushuntirish xati berishdan bosh tortish jazo qoʻllashga toʻsiq boʻlmaydi. Amaliyotda xodim tushuntirish xati berishdan bosh tortsa, tushuntirish xati berishdan bosh tortganligi yuzasidan dalolatnoma tuziladi va intizomiy jazo chorasi qoʻllanishi uchun dalolftnoma ham asos sifatida qaraladi.
Xodimning har bir nojoʻya xatti-harakat uchun faqat bitta intizomiy jazo qoʻllanishi mumkin. Intizomiy jazo bevosita nojoʻya xatti-harakat aniqlangandan keyin uzogʻi bilan 1 oy ichida qoʻllaniladi (bu muddatga xodimning kasal yoki taʼtilda boʻlgan vaqti hisobga olinmaydi). Bundan tashqari, intizomiy jazo berilganligi toʻgʻrisidagi buyruq (farmoyish) yoki qaror xodimga maʼlum qilinib, tilxat olinishi nazarda tutilgan.
Intizomiy jazoning amal qilish muddati jazo qoʻllanilgan kundan boshlab 1 yildan oshmasligi lozim. Ish beruvchi oʻz tashabbusi bilan, xodimning yoki boshqa shaxslarning iltimosiga binoan jazoni 1 yil oʻtmasdan oldin ham olib tashlashga haqli. Intizomiy jazo amal qilib turgan muddat mobaynida xodimga nisbatan ragʻbatlantirish choralari qoʻllanilmaydi.
Amaliyotda intizomiy jazo olgan xodimga ish haqi, mukofotlar, qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar va mehnat haqi tizimida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlar baʼzida toʻlanmaydi. Biroq ushbu toʻlovlar ragʻbatlantirish turlariga kirmaydi. Shu sababli xodimning ish haqiga qaratilgan barcha toʻlovlar doimiy ravishda toʻlab borilishi kerak.
Bundan tashqari, xodimga qoʻllanilgan intizomiy jazoning amal qilish muddat bilan cheklangan va belgilangan muddat oʻtganidan soʻng jazolanganlik barham topadi hamda xodim intizomiy jazoga tortilmagan sanaladi. Shuningdek, intizomiy jazoni qoʻllagan ish beruvchi oʻz tashabbusi bilan, xodimning iltimosiga binoan, mehnat jamoasi yoki xodimning bevosita rahbari iltimosnomasiga koʻra jazoni bir yil oʻtmasdan oldin ham olib tashlashi mumkin.
Dilfuza Abdullayeva,
Toshkent davlat yuridik universitetining
Ixtisoslashtirilgan filiali
Xususiy-huquqiy fanlar kafedrasi
dotsenti v.b., yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori(PhD).









