“Mehr” insonparvarlik operatsiyalari: O'zbekiston tajribasi dunyo bo'ylab yoyishga loyiq

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Bola huquqlari boʻyicha vakil hamda YUNISEF hamkorligida qurolli mojaro hududlaridagi bolalar va ayollarni oʻz vataniga qaytarish, ularning jamiyatga samarali reintegratsiyasi boʻyicha xalqaro hamkorlik mavzusida onlayn anjuman oʻtkazildi.

    Tadbirda tegishli davlat, nodavlat, xalqaro tashkilotlar, elchixonalar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston respublikasi ombudsman instituti mutaxassislari va OAV vakillari ishtirok etdi.

    Tadbirning maqsadi Yaqin Sharqdagi qurolli toʻqnashuvlardan jabr koʻrgan bolalar va ayollarni vataniga qaytarish, ularni hayotga moslashtirish boʻyicha tajriba almashish, yutuqlar va muammolarni muhokama qilish hamda ayollar va bolalar repatriatsiyasi, reintegratsiyasi boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqishdir.

    Taʼkidlanishicha, 2019-yilda Oʻzbekiston hukumati birinchilardan boʻlib Iroq va Suriyadagi qurolli toʻqnashuvlar va jangovar harakatlar natijasida jabr koʻrgan oʻz fuqarolarini, asosan, ayollar va bolalarni vataniga qaytarishni amalga oshirdi. Shu yildan boshlab Iroq, Suriya va Afgʻonistondagi qurolli toʻqnashuvlar va jangovar harakatlar natijasida jabr koʻrgan bolalarni qaytarish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Eʼtiborlisi, mamlakatlar ichida birinchilardan boʻlib Oʻzbekiston, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston vataniga qaytarilgan fuqarolarini oʻz himoyasiga oldi. Bugungi kunga qadar Oʻzbekiston “Mehr” insonparvarlik operatsiyalari doirasida, Qozogʻiston “Jusan” va “Rusafa” operatsiyalari doirasida, Tojikiston, Qirgʻiziston hamda Rossiya Federatsiyasi oʻz fuqarolarini vataniga qaytardi.

    Oʻzga yurtga borib qolib ogʻir hayotiy davrni boshidan oʻtkazgan bu insonlarga hukumatimiz tomonidan tibbiy, psixologik, moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatildi. Ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishi, taʼlim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishi uchun zarur sharoit yaratildi, boshpana va ish bilan taʼminlash choralari koʻrilmoqda.

    – Bu borada amalga oshirayotgan ishlarimiz Bola huquqlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyada belgilangan prinsiplarga toʻla mos boʻlib, avvalo, ota-ona qaramogʻisiz qolgan, huquqiy koʻmakka muhtoj bolalarga gʻamxoʻrlik koʻrsatishga alohida eʼtibor qaratilmoqda, – deydi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari, Bola huquqlari boʻyicha vakil Aliya Yunusova. – Aytish kerakki, huquqlar barcha bolalar uchun istisnolarsiz tan olinadi. Bola har qanday holatda ham himoya va yordamni birinchi boʻlib olishi kerak. Shu maʼnoda, bugungi kunda amalga oshirilayotgan insonparvarlik tadbirlari xalqaro eʼtirof etilgan bu meʼyorlar talabiga toʻla javob berishi bilan ahamiyatlidir.

    – YUNISEF ushbu ilgʻor tajriba almashinuviga koʻmak berishdan mamnun ekanini alohida taʼkidlayman, – deydi YUNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha mintaqaviy direktori Afshan Xan. – Zero, bugun dunyoning bir qator mintaqalarida roʻy berayotgan qurolli toʻqnashuvlardan jabr koʻrayotgan bolalar huquqlarini himoya qilish barchamizning zimmamizga katta masʼuliyat yuklamoqda. Ushbu tadbir bu yoʻnalishda hal etilishi lozim boʻlgan eng muhim masalalarga samarali yechim topish, insonparvarlikka yoʻgʻrilgan ezgu loyihalarni izchil davom ettirishda hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi, degan umiddamiz.

    Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, Prezidentimizning tashabbusi bilan 2019-yilda amalga oshirilgan “Mehr–1” va “Mehr–2” tadbirlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi hukumati Suriya va Iroqdagi qurolli mojaro hududlarida boʻlgan bir guruh ayollar va bolalarni vatanga qaytargan edi. 2020-yilda va 2021-yil mart oyida “Mehr–3” va “Mehr–4” operatsiyalari doirasida yana bir guruh ayollar hamda bolalar Suriya va Afgʻonistondan olib kelindi.

    Xalqaro ekspertlar Oʻzbekistonning bu boradagi tajribasini yetarli darajada samarali deb baholab, mintaqada va butun dunyoda keng yoyishga loyiq ekanini eʼtirof etdi.

    Bahor XIDIROVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri