Unda filmning ijodiy jamoasi, “Oʻzbekkino” MA rahbariyati, yosh kinoijodkorlar, kinoshunoslar, rejissyorlar, soha vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar ishtirok etishdi.

Mazkur brifing avvalida “Film haqida film” nomli maxsus videorolik taqdim etildi. Ijodiy guruh filmning suratga olish jarayonlari, syomka vaqtida yuzaga kelgan qiyinchiliklar, tasvirga olish obyektlari, rekvizitlar, ijodiy jamoaning mehnati haqida batafsil gapirib berishdi.

“Men terrorchi emasman” filmi jamoasi kartinada tomoshabinga film orqali nimani targʻib qilishni istagan boʻlsa, ular buning uddasidan chiqishganini alohida taʼkidlashdi. Ayniqsa, filmda operatorlik ishi, kostyumer va grimyorning mahorati sabab haqiqiy terrorchilar yashaydigan muhit ochib berilgan.

- Filmning suratga olish ishlari aslida boshqa davlatlarda amalga oshirilishi kerak edi. Ammo pandemiya sabab terrorchilar yashaydigan muhitni oʻzimizning yurtimizda maxsus pavilion qurib, filmda jangarilar hayotini aks ettirishga harakat qildik, - deydi film rejissyori Muhammadali Iskandarov.

Eslatib oʻtamiz, 14-yanvar “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan mazkur filmning harbiylar uchun ham maxsus namoyishi boʻlib oʻtadi.

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi Axborot xizmati