Avval xabar berganimizdek, “YAngi O'zbekiston” nashri dunyoning turli nuqtalaridagi hamyurtlarimiz bilan suhbatlar berib bormoqda.
Navbatdagi suhbatdoshimiz bugungi kunda Koreya Respublikasidagi Jeonbuk Milliy universiteti “Xalqaro savdo” yo'nalishi magistranti Mirkomil Xolboev bo'ldi. Qahramonimiz Surxondaryo viloyatida tug'ilgan. 2019 yil Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” yo'nalishini tamomlagan.
M.: Mirkomil “YAngi O'zbekiston” nashri uchun siz bilan suhbatlashyotganimdan xursandman. Dastlabki savol, nima uchun aynan Koreya Respublikasida o'qishga qaror qildingiz?
M.X.: Rahmat, “YAngi O'zbekiston” nashriga interv`yu berayotganimdan men ham xursandman.
Ochig'i, bakalavrni tugatishdan oldin chet elda o'qish borasida bir nechta variantlarim bor edi. O'sha kezlari AQSH, Koreya, Evropaning bir qator mamlakatlaridagi universitetlar haqida ma'lumot to'pladim. Oxir-oqibat esa, Koreyadagi Jeonbuk Milliy universitetida o'qishga qaror qildim. Menimcha, Koreyani tanlashimga asosiy sabab bu erda ta'lim olishning arzonligi bo'lgan.
CHunki men yashayotgan hududda o'rtacha daromadning taxminan 15-20 % qismi bir oylik yashash xarajatlarini qoplash uchun etarli hisoblanadi.
Qolaversa, Koreya ko'p sohalarda rivojlangan mamlakat. Iqtisodchi mutaxassis sifatida ana shu rivojlanish bosqichlarini yaqindan o'rganish ishtiyoqi ham bu erga kelishga undadi.
M.: Qariyb bir yildan buyon Koreyada yashab, mamlakatning taraqqiyot omillarini nimalarda ko'ryapsiz?
M.X.: Hali to'la-to'kis Koreya taraqqiyot bosqichlarini o'rganmagan bo'lsam-da, ammo bu borada ma'lum bilimlarga ega bo'ldim.
Birinchi navbatda Koreyaning rivojlanish tarixiga e'tibor qaratilsa, mamlakat juda qisqa muddat ichida past daromadga ega davlatlar qatoridan yuqori daromadli davlatlar safiga qo'shila olgan. Masalan, o'tgan asrning 60 yillarida yalpi ichki mahsulot aholi jon boshiga 100 AQSH dollari bo'lgan bo'lsa, hozirgi kunda bu ko'rsatkich 31 000 AQSH dollardan ziyodni tashkil etmoqda.
Bilishimcha, Koreyaning rivojlanishida to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyaning o'rni katta bo'lgan. Ayniqsa YAponiyadan.
O'tgan asrning 60 yillarida YAponiya tekstil sanoatini o'z davlatidan chiqarishni boshladi. Buning asosiy sababi, YAponiya ishchilarining daromadi iqtisodiy o'sish bilan birga jadal oshib bormoqda edi. Ishchilarning maoshi o'sishi esa, ishchi kuchi ko'p talab qiluvchi tekstil sanoatidan YAponiyaning nisbiy ustunligi yo'qolib borishiga olib keldi. Natijada tekstil sanoati arzon ishchilarga boy bo'lgan qo'shni davlatlarga ko'chib o'tishni boshladi.
Umuman olganda, o'sha davrdagi Koreyada amalga oshirilgan reformalarni ham alohida e'tirof etish joiz. Ayniqsa, milliy pul birligi – von bilan bog'liq reforma hamda biznes muhitini yaxshilashga qaratilgan siyosat xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda juda muhim rol o'ynagan.
O'ylashimcha, mazkur reformalar faqat Koreyaning o'zigagina tegishli bo'lib qolmay ko'plab davlatlar tomonidan qabul qilingan va amalda sinab ko'rilgan tajribalar hisoblanadi.
Misol uchun, 60 yillarda Koreyada o'rtacha tariflar darajasi 70% ga yaqin bo'lgan. Ammo hukumat tomonidan iqtisodiy o'sishga import bojlari katta to'siq bo'lishini to'g'ri anglanib, bojlar darajasini qisqa muddatda 30 % pasaytirildi. SHundan boshlab Koreyada o'rtacha tariflar pasayuvchi trendni namoyon qilgan. Aynan mamlakatimiz ham yuqoridagi kabi yo'lni tanlab import to'siqlarini yildan-yilga pasaytirib borishini xohlar edim. CHunki importni yuqori bojlar bilan cheklash orqali iqtisodiy o'sishga erishib bo'lmaydi.
M.: Koreyada xorijliklarga munosabat qanday?
M.X.: Mahalliy aholining chet elliklarga munosabatini ijobiy baholayman. Koreyslar mehmondo'stlik va mehnatsevarlik jihatidan o'zbekistonliklarga o'xshaydi. Kamchiliklar ham yo'q emas. Ba'zi hollarda ko'chada ulardan nimadir so'rasangiz koreyslarning yoshroq qatlami javob bermaydi. YA'ni aksariyati sizni eshitmaganlikka oladi. Ammo ular yordam berishni xohlashsa chin dildan yordam berishadi. Masalan, boradigan joyingizni topolmasdan yordam so'rasangiz, yo'lni sizga tushuntirib o'tirmasdan o'zlari birga olib borib qo'yadi.
M.: Bo'sh vaqtlaringizda nimalar bilan shug'ullanasiz va oxirgi oy qanday kitoblar o'qidingiz?
M.X.: Bo'sh vaqtlarimda vaziyat va kayfiyatga qarab turli ishlar bilan shug'ullanaman. Ba'zida, velosipedda shahar bo'ylab sayr qilish kayfiyatimni ko'taradi. Lekin hozirgi kunda ko'proq kitob o'qishga harakat qilyapman.
Oxirgi o'qigan kitoblarimga to'xtaladigan bo'lsam, yaqinda Krugmanning “Age of diminished expectations” va Stiglitzning “Making globalization work” kitoblarini o'qib tugatdim.
Birinchi kitobda AQSH iqtisodiyotining 80-90 yillardagi holati va 90 yillarda qabul qilingan iqtisodiy qarorlar yoritilgan bo'lsa, Stiglitzning kitobida globalizatsiyaning hozirgi kundagi holati, rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar o'rtasidagi adolatli bo'lmagan iqtisodiy aloqalar faktlar bilan ifodalab berilgan. Bundan tashqari, kitob muallifi har bir muammoning echimi borasida aniq takliflar ham berib o'tgan.
M.: Sizningcha koronavirus pandemiyasiga qarshi Koreya hukumati harakatlaridan O'zbekiston qaysilaridan foydalanishi, qay birlarini takrorlamasligi kerak?
M.X.: Koreya pandemiyaning birinchi to'lqinidan juda tez chiqib ketganligi ko'plab nufuzli tashkilot va davlatlar tomonidan e'tirof etildi. Menimcha, O'zbekistonda ham virus xavfi borasida Koreyadagi kabi tushuntirish ishlarini yanadan faolroq va samaraliroq tashkil etish kerak. CHunki, mamlakatimizda karantin choralari pasaytirilgan kundan boshlab kasallanish holatlari yana ko'paya boshladi. Afsuski, oxirgi kunlarda esa, kasallanishlar rekord darajaga chiqdi. Kasallanishlar soni bunday tez o'sishi iqtisodiyotni to'xtatish evaziga odamlarning ikki oydan ziyod uyda o'tirganini samarasizlikka chiqarmoqda.
Bilishimcha, odamlarga virusning haqiqiy xavfi etarlicha etkazilmagan yoki odamlar buni etarli darajada jiddiy qabul qilmayapti.
Koreyada esa, kasallanish boshlanishi bilan, hukumat virusdan qanday himoyalanish bo'yicha juda ko'plab yo'riqnomalar chiqardi, targ'ibot-tashviqot ishlari faol olib borildi.
SHuningdek, odamlar o'zlarini himoya qilish uchun ongli ravishda niqob taqa boshladi. Masofa saqlashga ham jiddiy e'tibor qaratishdi.
O'ylashimcha, odamlarni karantinda saqlab o'tirishdan ko'ra ularga jamoat joyida o'zlarini qanday tutishi haqida ko'proq tushuncha berib ish faoliyatiga ruxsat berish samaraliroq. Bu yo'l iqtisodiyot uchun ham foydali.
M.: YAngi O'zbekistonning kelajagini qanday tasavvur qilasiz?
M.X.: Mening tasavvurimdagi YAngi O'zbekistonda qonun ustuvorligi, mulk daxlsizligi ta'minlangan, sud-huquq tizimi va Markaziy bank to'laqonli mustaqil faoliyat ko'rsatadigan, chegaradagi bojlarning o'rtacha darajasi hozirgidan 2-3 marta kam bo'lgan, biron bir tashkilotda ishchi o'rinlari soniga emas, balki ishchilarning samaradorligiga ahamiyat beradigan, iqtisodiyotda davlatning o'rni keskin kamaygan, davlat samarasiz ishlab kelgan korxonalarga turli xil imtiyozlar bermaydigan hamda yalpi ichki mahsulot bo'yicha aholi jon boshiga o'rtacha 10 ming AQSH dollari miqdoridagi davlatlar qatoriga qo'shilgan mamlakat sifatida orzu qilaman.
Nurillo To'xtasinov suhbatlashdi