“Mening uyim” elektron tizimi ishga tushirildi

    Raqamlashtirish 26 Dekabr 2023 2018

    Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining maʼlum qilishicha, aholiga kommunal xizmatlar koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida “Mening uyim” elektron tizimi ishga tushirildi.

    Tizimda boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan xizmat koʻrsatiladigan koʻp qavatli uylar va ular haqidagi maʼlumotlar jamlangan. Ushbu tizim boshqaruv tashkilotlarining toʻlovlarni qabul qilish, uylar va ulardagi debitor qarzdorlik hisobini yuritish, shuningdek, aholi tomonidan yoʻllangan murojaatlarni koʻrib chiqish bilan bogʻliq ishlarni tizimli tashkil qilishda yordam beradi.

    “Mening uyim” elektron tizimiga respublikadagi 40 ming 852 ta koʻp qavatli uylar kiritilgan. Uylardagi 1,35 milliondan ziyod abonentlar mavjud. Ularga 822 ta boshqaruv servis kompaniyalari va 142 ta shirkatlar tomonidan xizmat koʻrsatilmoqda. Tizim orqali 247,1 million soʻm miqdoridagi majburiy badal toʻlangan. Debitor qarzdorlik 414,6 million soʻmni tashkil etadi.

    Tizimning mobil ilovasi ishlab chiqilgani natijasida aholi tomonidan majburiy badallarni toʻlash, boshqaruv servis kompaniyasi ishini baholash va notariuslar bilan bogʻliq masalalarni hal qilishda qulaylik yaratildi. Bugungi kunda mobil ilova foydalanuvchilari 15 mingdan ortiqni tashkil qiladi.