Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq, 2025-yil 20-martdan boshlab xorijiy elektron savdo platformalaridan, xususan, “TEMU” platformasidan foydalanish belgilangan tartibda cheklanadi.
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 26-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 885-son qarorining 2-bandi bilan elektron tijorat operatorlari, xususan, elektron savdo platformalari operatorlari sifatida faqat yuridik shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari faoliyat yuritishi mumkinligi belgilangan (ushbu norma qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kirdi).
Bugungi kundan boshlab “TEMU” platformasida buyurtma bermasliklari soʻraldi. Agar buyurtma bundan oldin amalga oshirilgan boʻlsa, platformada toʻlovni qaytarishni tashkil etish tavsiya etildi.
«Agentlik va Soliq qoʻmitasi yurtdoshlarimizni Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻz faoliyatini mahalliylashtirmagan yoki mamlakatimizda Soliq koʻmitasining elektron xizmatlar koʻrsatuvchi xorijiy kompaniyalar va marketpleyslar roʻyxatiga kirmagan xorijiy elektron savdo platformalari xizmatlaridan foydalanmaslikka, ehtiyot choralarini koʻrishga, shaxsiy va boshqa maʼlumotlarni bunday subyektlarga bermaslikka chaqiradi, deyiladi xabarda.








