баннер
15 Apr 2025
21:35

    Meva-sabzavot mahsulotlarini realizatsiyaga chiqaradigan ayrim tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi

    “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish hamda qayta ishlash zanjirini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi Prezident qarori (PQ-136-son, 08.04.2025-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, 2025–2026-yillarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini oshirish hamda qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:

    • — 2025-yilda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini jami 3,5 milliard AQSH dollariga yetkazish;
    • — 2025-yil yakunigacha 8 ta davlatga yangi 30 turdagi mahsulotlar eksporti uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini olish;
    • — istiqbolli bozorlarga 2025-yilda 442 million AQSH dollari, 2026-yilda 575 million AQSH dollari miqdoridagi meva-sabzavot mahsulotlari eksportini taʼminlash;
    • — 2025-yilda hududlarda jami 2,1 million tonna meva-sabzavot mahsulotlari uchun qadoqlar ishlab chiqarish boʻyicha 40,5 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish.

    2028-yil 1-yanvargacha meva-sabzavot mahsulotlarini zamonaviy qadoqlarda realizatsiyaga chiqaradigan hamda quyidagi barcha shartlarga bir vaqtning oʻzida javob beradigan tadbirkorlar uchun foyda soligʻi va oʻzlarining xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan ijtimoiy soliq stavkalari 1 foiz etib belgilanadi:

    • — har oyda har bir xodimga ish haqi miqdori mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 2 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda hisoblanganda;
    • — zamonaviy qadoqlangan meva-sabzavot mahsulotlarini soliq davrida realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushum jami tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadning kamida 50 foizini tashkil etganda;

    2027-yil 1-aprelgacha dukkakli mahsulotlarni ekish, yigʻib olish va saralash uskunalari importi uchun bojxona bojining 1 foizlik stavkasi qoʻllanadi.

    Qarorga muvofiq, umumiy yer maydoni 5 gektardan kam boʻlmagan qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan oʻzlariga qarashli qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning dala chetlarida ichki xoʻjalik yer tuzish loyihasiga muvofiq jami yer maydonining 1 foiziga, lekin 20 sotixdan koʻp boʻlmagan oʻlchamda yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos boʻlgan muzlatkichli omborxonalar, saralash, quritish, qayta ishlash, qadoqlash, suv tejovchi texnologiyalar va suv saqlash obyektlarini qurishga ruxsat etiladi.

    2025–2026-yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini aholi tomorqalari, dehqon va fermer xoʻjaliklaridan yigʻib, saralab, zamonaviy qadoqlab shartnoma asosida realizatsiya qilgan qishloq xoʻjaligi kooperativlariga qadoq xarajatlarining 25 foizi, biroq har bir qadoq uchun 3 ming soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdorda qoplab beriladi. Bunda:

    • — qishloq xoʻjaligi kooperativlarining meva-sabzavot mahsulotlarini yigʻuvchi va tayyorlovchi aʼzolari mahsulotlarni sifatli tayyorlash va eksportga chiqarish boʻyicha “Edukarantin.uz” axborot tizimi orqali oʻqib, sertifikatga ega boʻlishi lozim;
    • —sertifikatga ega boʻlgan qishloq xoʻjaligi kooperativlari va ular aʼzolarining “Agrokoʻmakchi” mobil ilovasida “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalar boʻyicha reyting tizimi yuritiladi.

    Bundan tashqari, meva-sabzavot mahsulotlari eksportini samarali tashkil etish, sifatli transport-logistika (avtomobil, temir yoʻl va avia tashuv) xizmatlari koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish maqsadida “E-logistika” platformasida eksportyor va tashuvchi korxonalarning toʻgʻridan-toʻgʻri ishlash imkoniyati taʼminlanadi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech