“Mikrokreditbank” ATB respublikamizda quyonchilikni rivojlantirishga masʼul etib belgilanganiga ham bir necha yil boʻldi. Aytish joizki, bank tomonidan oʻtgan vaqt mobaynida ushbu yoʻnalishda sezilarli ishlar amalga oshirildi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli topshirigʻiga asosan, 2021-yilda quyonchilik yoʻnalishida umumiy qiymati 317,4 mlrd soʻmlik 56 ta loyiha tijorat banklari tomonidan moliyalashtirilgan. Ushbu loyihalardan Quyi Chirchiq tumanida Italiya texnologiyalari asosida umumiy qiymati 30 million yevro boʻlgan (17 mln yevro - tashabbuskorning oʻz mablagʻlari, 13 mln yevro - bank krediti) yirik “Quyonchilik va naslchilik agrokompleksi” tashkil etilmoqda. “Mikrokreditbank” ATB tomonidan mijoz talabiga asosan 6,9 mln yevro kredit mablagʻlari ajratilgan.

Mazkur mablagʻlar naslli quyonlar, ularni intensiv koʻpaytirishga moʻljallangan zamonaviy uskunalar, generator, qushxona kompleksi, qishloq xoʻjaligi va maxsus texnikalar, ozuqa-yem mahsulotlari hamda oʻgʻit ishlab chiqarish uskunalari, laboratoriya jihozlari sotib olishga yoʻnaltirilgan. Shuningdek, italiyalik hamkorlar tomonidan oʻtgan yil dekabridan boshlab ushbu kompleks uchun yetishtirilgan (aviareyslar tasdiqlangan) naslli zotdor ota-ona quyonlar yetkazib berish boshlandi. Hozirda Italiyadan dastlabki 3000 boshga yaqin naslli ona quyonlar olib kelib parvarishlanmoqda.

Quyonchilik kompleksi 11 gektar maydonda tashkil qilinib, oʻz ichiga 34 ta binoni oladi. Shundan 23 tasi quyon boqish pavilyoni, 3 tasi genetika markazi, 1 tasi genetik laboratoriya, yana shunchasi ozuqa ishlab chiqarish zavodi, 1 tasi zamonaviy qushxona, 5 ta yordamchi binolardan iborat. Loyiha toʻliq ishga tushishi natijasida 220 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Yillik ishlab chiqarish quvvati esa mana bunday koʻrinish oladi: 3 ming tonna quyon goʻshti, 1 millionta naslli ona quyonlar, 80 ming tonna ozuqa-yem, 10 mln bosh quyon soʻyishga moʻljallangan qushxona va 40 ming tonna oʻgʻit... Shu bilan birga, kompleks tomonidan kooperatsiya asosida aholi xonadonlariga yetkazib berish yoʻlga qoʻyilib, aholi va tadbirkorlarga quyon, qafaslar, ozuqasi, veterinariya dori vositalari bilan taʼminlash hamda boshqa turdagi xizmatlar koʻrsatiladi.

Umumiy qilib aytganda, “Mikrokreditbank” ATB tomonidan bugungi kunga qadar quyonchilik sohasini rivojlantirishga jami 4843 ta mijozga 454,4 mlrd soʻm (shundan 421 ta yuridik shaxslarga - 360,6 mlrd soʻm, 4422 nafar jismoniy shaxslarga 93,8 mlrd soʻm) kredit ajratilgan. Shuningdek, oʻtgan 2021-yilda 1761 ta mijozga 210,6 mlrd soʻm (shundan 69 ta yuridik shaxslarga - 168,9 mlrd soʻm, 1692 nafar jismoniy shaxslarga 41,7 mlrd soʻm) yoʻnaltirilgan.

“Mikrokreditbank” ATB Axborot xizmati.

Xizmatlar litsenziyalangan.

Reklama huquqi asosida