Murojaatnomada xalqimizni quvon­tirgan yangi tashabbuslar, xulosalar, hat­to odamning aqlini shoshiradigan xush­xabarlar yangradi: “Biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni oʻrgandik”, “Biz oʻzgarishlarni kutib yashamaymiz, aksincha, ularni oʻzimiz, oʻz aql-zakovatimiz va masʼuliyatli mehnatimiz bilan yaratamiz”, “2030-yilda erishiladigan marraga 2026-yil­ning oʻzida bemalol erisha olamiz”, “Sanoatda “Unumdorlik va samarador­likni ikki karra oshirish” dasturini boshlaymiz”, “Toʻrtinchi sanoat inqi­lobi markazi” tashkil etiladi”, “2030-yilgacha barcha tumanlardagi mahalla­larga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kiramiz”, “Oʻzbekiston tarixida ilk bor kosmik sunʼiy yoʻldosh va birinchi oʻzbek kosmonavti fazoga uchiriladi”, “Mirzo Ulugʻbek bobomiz bundan olti asr muqaddam insoniyat uchun yulduzlar xaritasini yaratgan edi. Bugun esa biz hozirgi va kelajak avlodlarimiz uchun baxtli hayotga olib boradigan yoʻl xari­tasini yaratishimiz lozim” kabilar shu­lar jumlasidandir.

Erishilgan natijalar salmogʻi, yangi gʻoya va tashabbuslarning koʻlami, muddati, shidda­ti xalqimizning zavqiga zavq qoʻshmoqda. Buni ijtimoiy tarmoqlarda, toʻy-tomosha, koʻcha-koʻy­da, OAVda odamlar ochiq aytayapti. Qolaver­sa, bu natija, tashabbus va yangiliklar maz­mun-mohiyatini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ongi va qalbiga joylash har bir ziyolining muhim vazifasidir.

Yil nomining mehrigiyosi

2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qi­linishi xalqchil siyosatning mantiqiy davomi boʻldi. Yil nomida chuqur maʼno mujassam. Tahlil qilsak, bu nom yangi Oʻzbekiston ta­raqqiyotining chuqur maʼnaviy-ijtimoiy maʼ­nosini ochib beruvchi konseptual kod, mexanizm ekanligini koʻramiz.

Mahalla soʻzi arab tilidagi “mahal”, yaʼni joy, maskan, turargoh degani. Bu soʻz odamlar yashaydigan joy, qoʻni-qoʻshnichilik asosi­da shakllangan jamoa, oʻzaro tanish, qadrdon odamlarning oʻzaro masʼuliyat va birdamlik makoni degan maʼnolarni beradi. Qisqasi, mahalla bu — jamiyatning maʼnaviy-ijtimoiy hujayrasi. Demak, rivojlanish va yuksa­lish hujayralardan boshlanadi.

Rivoj soʻzida (ravaja) — oʻsish, kengayish, mukammallashish degan maʼnolar bor. Rivojlantirish esa mahallalardagi barcha salohiyat­ni ochish, sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, tizimli va barqaror takomillashuv, degani. Bu yerda gap mahallaning faqat infra­tuzilmasida emas. Gap mahalladoshlarning ijtimoiy faolligi, iqtisodiy imkoniyatlari, maʼnaviy muhitini rivojlantirish haqida ketmoqda.

Jamiyat soʻzi “jam” — yigʻish, birlashtirish degan maʼnolarni beradi. Jamiyat — odamlar, elimiz, xalqimiz. “Jamiyat” soʻzining maqomi “aholi” soʻzidan baland. Aholi bu odamlarning statistik yigʻindisi deb qarasak, jamiyat — umumiy maqsad, qadriyat va masʼuliyat atrofida birlashgan ahil odamlar uyushmasi. Shu bois, jamiyatning kuchli yoki zaifligi uning hujayra­lari — mahallalarga bevosita bogʻliq.

Yuksalish esa oʻsishdir, lekin oddiy oʻsish emas. Bu — ruhiy, maʼnaviy, ijtimoiy-iqti­sodiy kamolot sari yuqoriga koʻtarilish demak. “Jamiyatni yuksaltirish” deganda, inson qadri ustuvor boʻlgan muhit, adolat, qonun ustuvor­ligi, faol fuqarolik pozitsiyasi, maʼnaviy barkamol avlod nazarda tutiladi. Demak, jamiyatning yuksalishi odamlarning bilim, feʼli, kompetensiyalari, aqli va xulqidagi oʻzgarishlardan boshlanadi. Hazrat Alisher Navoiyning “Aql ila olam yuzin obod qil, Xulq ila odam elini shod qil”, degan hikmati 500-yildan soʻng davlatimiz siyosatining ta­moyiliga aylandi.

“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” degan nomda sabab-oqi­bat zanjiri juda aniq koʻrinadi. Yaʼni agar mahalla rivojlansa, jamiyat jipslashadi, jamiyat jipslashsa — yangi Oʻzbekiston bar­po boʻladi.

Buning uchun davlatimiz siyosati shunday strategik tamoyilni ilgari surmoqda: is­lohotlar yuqoridan pastga emas, balki pastdan yuqoriga — mahalladan jamiyatga qarab amalga oshiriladi. Yaʼni yangi Oʻzbekiston poytaxtda emas, quyidan — mahalladan boshlanadi. Ta­raqqiyot deganda faqat iqtisodni emas, maʼna­viy yuksalishni, kuchli iqtisodiyotga barobar kuchli maʼnaviyatni tushunishimiz kerak. Chun­ki jamiyatni yuksaltirish faqat davlatning ishi emas, umummilliy masʼuliyat. Mana shu umummilliy masʼuliyatni tarbiya va targʻibot orqali qanchalik tez va soz, natijali amal­ga oshirsak, mahalla rivojlanadi, mahalla rivojlansa — jamiyat yuksaladi.

Murojaatnomada milliy birlik, ham­jihatlik, Vatan manfaati bosh gʻoya sifatida yangradi. Barchani birlashtiradigan yagona maq­sad — xalq va Vatan manfaati ekani alohida urgʻulandi. Bu esa, albatta, jamiyatni bir­lashtiradi. Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqot­lar instituti oʻtkazgan ijtimoiy soʻrovlarda ishtirok etganlarning 90 foizdan koʻprogʻi “Men mahallamning bir qismiman”, degani ham bu fikrni tasdiqlab turibdi.

10 savolga javobingiz qanday?

“Biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni oʻrgandik”. Bu fikr ortida juda katta orzular, mashaqqatli mehnat, ilm va tajri­balar turibdi. Nega? Chunki islohot — mavjud holatni tubdan yaxshilash, eski, samarasiz usul­lardan voz kechib, yangi, ilgʻor mexanizmlarni jo­riy etish, degani. Loʻnda qilib aytganda, maqsad­ni natijaga aylantirishdir. Bu esa barcha soha­larda islohotlar Prezidentimiz taʼkidlagan “Har bir sohaning ilmi bor. Ilmga asoslanmagan sohaning kelajagi yoʻq”, degan ilmiy prinsip asosida tashkil etilayotganini koʻrsatadi.

Gap, soʻz, fikrlar odamlarning kayfiyatiga qarab oʻzgarib turishi mumkin. Lekin raqam­lar haqqoniy, oʻjar, birsoʻz boʻladi. Murojaatnomada xalqimizning turmushi, kayfiyati, dinamikasi aniq fakt va raqamlarda namoyon boʻldi. Millionlab aholining ish bilan taʼminlanishi, kambagʻallik darajasining keskin pasayishi, minglab mahallalarning “kambagʻallikdan xoli” hududga aylanishi oʻz-oʻzidan boʻladigan ishmi? Yoʻq, albatta. Bu natijalarda davlatimiz siyosati markazida “inson qadri” turgani yaqqol namoyon boʻldi.

Prezidentimizning “Biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni oʻrgandik”, de­gan fikrida: “islohot natija berishi kerak — natijaga erishdik — tajriba toʻpladik”, degan iftixorimiz boʻy koʻrsatmoqda.

Aziz vatandosh, keling, mana bu 10 ta oddiy, jaydari, sodda savolga “ha” yoki “yoʻq” ja­voblaridan birini bering:

1. Shaharlarimiz jamoli oʻzgarib, qishloqlarimiz shaharga oʻxshab boryaptimi?

2. Yangi korxonalar, savdo va servis maskan­lari ochilyaptimi?

3. Maktab, bogʻcha, shifoxonalar qurilyaptimi?

4. Koʻchalar asfaltlashib, avtomashinalari­miz koʻpligidan yoʻllarga sigʻmayaptimi?

5. Xizmatlar raqamlashib, aqlimizni sho­shiryaptimi?

6. Davlat xizmatchilari mahallamiz, xona­donimizgacha kirib kelyaptimi?

7. Yurtdoshlarimizning diniy amallarni bajarishi, ziyorat va sayohatga borishi uchun barcha sharoitlar yaratilganmi?

8. Isrofgarchilikka qarshi boshlagan ma­romiylik milliy-maʼrifiy harakatimizga sabab ham aslida, odamlarimizga topgan boy­ligini isrof qilmaslikni oʻrgatish emasmi?

9. Bularning hammasi odamlarimizda tur­mushidan orttirgan pul, mablagʻi koʻpayib bo­rayotganidan dalolatmasmi?

10. Buni koʻrish uchun rasmiy hisobot shart­mi yoki atrofga xolis nazarning oʻzi yetarlimi?

Ishonchim komilki, aksariyat savolga ha, degan javob boʻldi. Bu savollarni davom et­tirish mumkin. Ularga bergan har bir xolis javobimiz bizdagi rozilikni, shukronani oshirib boryapti. Ushbu haqiqatning boisi, biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylanti­rishni oʻrganganimizdan deb oʻylayman.

Kutmaymiz, yaratamiz

“Biz oʻzgarishlarni kutib yashamaymiz, ak­sincha, ularni oʻzimiz, oʻz aql-zakovatimiz va masʼuliyatli mehnatimiz bilan yaratamiz”. Ushbu satrlarni oʻqiganda xalqimiz boshqalar­ga ergashgan emas, ergashtirgani esga tushadi. Beixtiyor Gʻafur Gʻulomning “Taqdirin qoʻl bilan yaratar odam, Gʻoyibdan kelajak baxt bir afso­na”, degan satrlari esga tushadi. Va albatta, har birimiz ishga borayotganda, yengil avtomobili­miz, zamonaviy avtobuslar oynasidan har kuni koʻrib-kuzatayotgan oʻzgarishlarni eslaymiz.

Murojaatnomada taʼlim va yoshlar tarbiyasi masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻquv­chi va talabalarimizning xalqaro olimpiada­larda qoʻlga kiritayotgan yutuqlari millat ke­lajagi bilimli, raqobatbardosh avlod qoʻlida ekanini koʻrsatdi.

Bunga qanday omillar sabab? Avvalo, mam­lakatimizda taʼlim tizimiga jahonning eng zoʻr texnologiyalari modifikatsiya qilinayotga­ni, “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya” konsepsiyasi amalga oshirilayotgani va koʻplab innovatsiya­lar zamin boʻlmoqda. Yoshlarimizga Vatanga sa­doqat, tadbirkorlik, irodalilik, mafkuraviy immuni­tet, mehr-oqi­batlilik, masʼuliyatlilik, bagʻrikenglik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash, mehnatsevarlik kabi muhim fa­zilatlar bilan birga, XXI asr koʻnikmalari oʻrgatilmoqda. Kuchli maʼnaviyatli avlodni yetishtirishning 30 yoshgacha individual va dif­ferensial texnologiyasi amalga oshirilmoqda.

Boshqacha aytganda, tarbiya va taʼlimda Prezidentimizning “biz oʻzgarishlarni ku­tib yashamaymiz, aksincha, ularni oʻzimiz, oʻz aql-zakovatimiz va masʼuliyatli mehnatimiz bilan yaratamiz”, degan gʻoyasi amalga oshmoqda. Murojaatnoma maʼnaviyat va maʼrifat, taʼlim va tarbiya xodimlari uchun ham yangi konsepsiya, model, dasturlar, ilmiy qoʻllanmalarning metodologik manbasidir. Undagi “Albatta, bugungi murakkab zamonda yoshlarimizni tur­li sinovlarga chidamli, vatanparvar inson­lar etib tarbiyalash” haqidagi dasturiy fikr maʼnaviyat va tarbiya nazariyasi, metodikasi uchun modernizatsiya manbaidir. Yaʼni maʼna­viy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlar nazariyasi “bugungi murakkab zamon” talablariga mos boʻlishi kerak.

Buning uchun nima qilish kerakligi Mu­rojaatnomada aniq-tiniq qilib berildi: “yoshlarimizni turli sinovlarga chidamli, va­tanparvar insonlar etib tarbiyalash” kerak. Nima uchun? Chunki zamon murakkab. Yoshlari­miz murakkab savol, vaziyatlarda toʻgʻri qaror qaror qabul qilishga oʻrgatilmasa, aldanadi, adashadi. Oʻzlarini ham, ularni asrab-avaylab oʻstirgan ota-onalarini ham gʻam-gʻussaga boti­rib qoʻyishi mumkin. Afsuski, bunday misol­lar hayotimizda uchradi.

“Turli sinovlarga chidamli yoshlar” — bu hayotda uchraydigan giyohvandlik, diniy radika­lizm, nigilizm, bevatanlik gʻoyalari taʼsirida sinmaydigan, balki sindiradigan yoshlar. “Chi­damli”, degan sifat hammada ham boʻlavermaydi. Chunki ushbu sifat tugʻma emas — oʻrgatish-oʻrganish natijasi. Agar bu sifat, fazilat, kom­petensiya ataylab oʻrgatilmasa, oʻgʻil-qizlarimiz oʻrganmasa, ular moʻrt, boʻsh, qalqiydigan boʻlishi mumkin. Prezidentimiz Murojaatnomasi ana shundan bizni ogohlantirmoqda.

Biz tarbiyachilar, pedagog-oʻqituvchilar, maʼnaviyat xodimlari Murojaatnomani gavhardek bezab turgan “Biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni oʻrgandik”, degan fikrdan kuch olib, tarbiyaviy natijani oshirish uchun ilmiy-metodik innovatsiyalarga kirishishimiz kerak. Ana shunda maktabgacha, maktab va oliy taʼlim tizimida uzluksiz maʼnaviy tarbiya jarayoni “bugungi murakkab zamonda yoshlarimiz­ni turli sinovlarga chidam­li, vatanparvar insonlar etib tarbiyalash” bilan t a k o m i l l a sh a d i . Yoshlarimiz xulqida mustahkam

Uchinchidan, xalqimizga cheksiz muhabbat, uning salohiyatiga berilgan yuksak baho bor. Shuningdek, xalqimizning Prezidentimizga, davlatimiz rahbarining xalqimizga mustahkam ishonchi mujassam. Ana shuning uchun bugungi Oʻzbekiston bu — kutuvchi davlat emas, yaratuvchi, proaktiv davlat. Biz oʻzgarishlarni tashqaridan emas, oʻz aql-zakovatimiz, mehnatimiz va birdam­ligimizdan izlayapmiz va topyapmiz ham.

Xullas, Prezidentimiz aytgan “2030-yilda erishiladigan marraga 2026-yilning oʻzida bemalol erisha olamiz”, degan fikr oʻzidan kuchli maʼnaviy energiya taratmoqda. Demak, xalqimiz birdam, maqsadi aniq ekan, vaqt ham bizga yeta olmaydi.

Innovatsion xabga aylanamiz

Oʻzbekiston azaldan Buyuk ipak yoʻli marka­zi, savdo, bilim, hunar, tajriba va ilmiy ham­korlik yoʻllari kesishgan markaz — xab boʻlib keldi. Natijada bu oʻlkada odamlar, gʻoyalar, texnologiyalar, resurslar birlashdi. Fan, ma­daniyat, iqtisodiyot, hunarlar birlashib, yangi maʼnaviy, moddiy qiymatlar yaratildi.

Dunyoga dovrugʻi taralayotgan Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi bunga misol. Jahon siyosati dargʻalari Samarqandga qayta-qayta talpinayotgani bunga misol. Bular Oʻz­bekistonning nafaqat Markaziy Osiyo, balki jahon siyosatining xabiga aylanganining tas­digʻi emasmi?! Murojaatnomada yana bir tari­xiy tashabbus oʻrtaga tashlandi: “Toʻrtinchi sa­noat inqilobi markazi” tashkil etiladi.

Bu ibora yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti ta­rixida strategik burilish nuqtasi sifatida yangradi. Nega deganda, toʻrtinchi sanoat inqi­lobi (Industry 4.0) — ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va boshqaruv sohalarida raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt va avtomat­lashtirish asosida yuzaga kelgan tub oʻzgarishlar davrining nomi. U aqlli tizimlar orqali hamma sohada samarani keskin oshirishdir. Boshqacha aytganda: “Aql ila olam yuzin obod qilish” (Alisher Navoiy).

Toʻrtinchi sanoat inqilobi dunyoqarashdagi oʻzgarishdan boshlanadi. U taʼlim-tarbiyadan sifat, yoshlardan bilim, tadbirkorlik kompe­tensiyalarini, startaplarni talab qiladi. Bu­ning uchun Prezidentimiz qarori bilan tash­kil etilgan Qori-Niyoziy nomidagi Tarbiya pe­dagogikasi milliy institutida biznes pedago­gika degan yangi fan sohasiga asos solindi. Bu bejiz emas, chunki mana shu innovatsion yoʻlni tanlagan mamlakatlar kelajakni bugunga kel­tirib, kelajakda yashamoqda.

“Toʻrtinchi sanoat inqilobi markazi” tash­kil etilishi nega bunchalar muhim? Chunki bu mamlakatimizga xomashyodan innovatsiyaga oʻtish, yoshlar uchun yuqori maoshli, zamonaviy kasblarni egallash, “taʼlim-tarbiya — ilm- fan — ishlab chiqarish” klasterini beradi. Mamlakatimizga mintaqaviy innovatsion xab­ga aylanish imkoniyatini hozirlaydi.

Murojaatnomadagi ushbu fikrda buyuk mahobat, yuksak ruh bor. Birinchidan, Oʻzbekiston kelajakni kutmayapti, uni quryapti. Kela­jakni bugunga keltiryapti. Prezidentimiz­ning bu tashabbusi Oʻzbekiston bu jarayonlarga tomoshabin sifatida emas, faol ishtirokchi, mintaqaviy yetakchi sifatida kirib borayotga­nini anglatadi.

Ochilajak markaz bu — yoshlar uchun yangi bi­lim, zamonaviy kasb, xalqaro tajriba, yuqori maoshli ish oʻrinlari degani. Prezidentimiz­ning ushbu tashabbusida “Yoshlarimiz dunyoda tayyor texnologiya isteʼmolchisi emas, balki texnologiya yaratuvchisi boʻlishi kerak”, degan yuksak ishonch mujassam.

Yangi Oʻzbekiston qiyofasi

“2030-yilgacha barcha tumanlardagi mahal­lalarga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib ki­ramiz”. Murojaatnomada aytilgan ushbu fikr bizni eng orziqib, intiqib kutayotgan manzarani taqdim qildi. Bu iborada yangi Oʻzbekiston qiyo­fasi mamlakatning har bir koʻcha, har bir xona­donida, har bir inson hayotida koʻrinishi kerak degan qatʼiy iroda mujassam.

Buning uchun taraqqiyotni markazdan mahalla­ga tushirish, islohotlar mahallaga, odamlar ol­diga borishi kerak degan hikmat bor. Chunki yangi Oʻzbekiston qiyofasi faqat poytaxtda emas, balki eng chekka mahallalarda ham yaqqol koʻrinishi lo­zim. Bu — taraqqiyotni hududlarga teng taqsim­lash tamoyilining tantanasi boʻladi.

Yana bir gap. Bu yerda gap faqat yoʻl, uy-joy, elektr energiyasi taʼminoti yoki obodonchi­lik haqida ketayotgani yoʻq. Yangi Oʻzbekiston­ning maʼnaviy qiyofasini namoyon qiladi. Bu mehr-oqibatli, adolatli munosabat, inson qadri ustuvor boʻlgan muhit, ishli, daromadli odamlar, maʼnaviy va jismoniy sogʻlom odam­lar, kattaga hurmat, kichikka izzat demakdir. Demak, bu qiyofa oʻy va soʻzlarimizda, xulq va munosabatlarimizda ham bir xil namoyon boʻ­lishi kerak. Zero, Murojaatnomadagi “barcha tumanlar, barcha mahallalar”, degan ibora “ri­vojlangan” va “ortda qolgan” degan farqlarni yoʻq qilishga qaratilgan.

Prezidentimiz Murojaatnomasi hozirgi va kelajak avlodlarimiz uchun baxtli hayotga olib boradigan yoʻl xaritasining ulugʻ mar­ralarini belgilab berdi. Endi har birimiz oʻzimizdan soʻraylik: bu jarayonda men kimman: tomoshabinmi yoki ishtirokchi?

Ishtirokchiman deb yeng shimaraylik. Ana shunda bir yoqadan bosh, bir yengdan qoʻl chiqa­rib, yurtimizni mehr-oqibat, hamjihatlik, farovonlik, baxt maskaniga aylantiramiz.

Muhammadjon QURONOV,

Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar

instituti direktori oʻrinbosari,

pedagogika fanlari doktori, professor