Prezidentimizning Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish toʻgʻrisida imzolagan qarori yurtimizda olib borilayotgan tinchlik va barqarorlik, millatlararo totuvlik borasidagi saʼy-harakatlarning navbatdagi yorqin ifodasidir.

Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab bagʻrikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlikni, jamiyatda fuqarolar totuvligini mustahkamlash, barcha fuqarolarga millati va diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar, teng huquq va imkoniyatlar yaratish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash Oʻzbekistonda davlat siyosatining muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan.

Maʼlumki, inson va uning hayoti eng oliy qadriyat hisoblanadi. Insonning erkinligi, uning shon-shuhrati va qadr-qimmati jamiyatimizning oliy qadriyatidir. Konstitutsiyamizda mamlakatimiz barcha fuqarolari bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar qonun oldida tengdirlar deb koʻrsatib oʻtilgan.

Boshqa millatlarga hurmat va ehtirom bilan munosabatda boʻlish – oʻzbek halqi milliy ruhiyatining ajralmas fazilatidir. Xalqimiz hech qachon oʻzini boshqa xalqdan ustun qoʻymagan. Boshqa millatlarga, boshqa mazhab vakillariga munosib darajada ehtirom koʻrsatganligi taʼkidlab oʻtildi.

Istiqlol arafasidagi vaziyatni bir eslang. Fargʻona va Oʻsh voqealari, mitingbozlik, parokandalik, iqtisodiy tushkunlik, boshqa millat vakillarida qoʻrquv va hadiksirash. Bunday sharoitda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash uchun siyosiy va iqtisodiy vaziyatni izga solish, millatlararo munosabatlarning barqaror tizimini yaratish, odamlarda ertangi kunga ishonch tuygʻusini uygʻotish zarur edi. Bu vazifalar sharaf bilan ado etildi. Istiqlol yillari Vatanimizda yashayotgan turli xalqlar oʻrtasida oʻzaro hurmat, tenghuquqlilik va hamjihatlikni mustahkamlashga, uning qonuniy asoslarini yaratishga jiddiy eʼtibor qaratildi. Bu tamoyillar Oʻzbekiston Konstitutsiyasi va barcha qonunlarimizda muhrlab qoʻyildi. Jumladan, Konstitutsiyamizning 4-moddasida Oʻzbekiston davlati oʻz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlashi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishi alohida koʻrsatildi. 18-moddada esa mamlakatimizning barcha fuqarolari bir xil huquq va erkinliklarga egaligi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengligi belgilab qoʻyildi. Bugun erishgan barcha yutuqlarimizga mustaqillikning ilk yillarida yurtboshimiz boshchiligida qoʻyilgan mustahkam poydevor asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Tabiiyki, diyorimizda umrguzaronlik qilayotgan turli millat vakillari oʻzlariga koʻrsatilayotgan beqiyos gʻamxoʻrlikliklarga javoban davlat boshqaruvi ishlarida, ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy hayotda faol va erkin qatnashmoqdalar. Chunonchi, bugungi kunda senatorlar, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari, yirik korxona va tashkilotlar rahbarlari turli millat vakillaridan iborat. Shahar-qishloqlarimizdagi koʻplab oʻzini oʻzi boshqarish organlariga esa rus, tatar, qirgʻiz, qozoq, ukrain, arman, tojik va boshqa millatlarga mansub oqsoqollar rahbarlik qilishayapti.

Oʻz navbatida, zimmamizga umrboqiy qadriyatlarimizni, ayniqsa, olijanoblik va bagʻrikenglik kabi insoniy fazilatlarni asrab-avaylash masʼuliyatini yuklaydi. Oʻzini shu tabarruk zamin farzandi deb bilgan boshqa yurtdoshlarimizni ham buyuk kelajagimiz yoʻlida birlashishga undaydi. Barchamizni yagona Vatanimiz hisoblanmish Oʻzbekistonning baxt-iqboli va istiqboli uchun qaygʻurishga, ajdodlarimizga munosib vorislar boʻlishga, milliy qadriyatlar va anʼanalarni mudom takomillashtirib, kelgusi avlodlarga meros qilib qoldirishga chorlaydi.

Insoniyat uchun eng katta boylik tinchlikdir, tinchlikning manbai esa hamjihatlikdir. Oʻzaro totuvlik va doʻstlik, bagʻrikenglik va insonparvarlik tamoyillari barqaror goʻshadagina inson erkin-emin yashaydi, har qanday orzusiga erishadi. Shu jihatdan qaraganda, bizning eng katta boyligimiz, eng asosiy yutugʻimiz, Yurtboshimiz uqtirganidek, avvalo, Vatanimiz osmonining musaffoligi, jamiyatimizda hukm surayotgan millatlar va fuqarolararo ahillik va hamjihatlik, doʻstlik va birdamlik muhitidir. Bu neʼmatlarning qadriga yetish hamda turli millat va elatlar vakillari bir oila farzandlaridek ahil-inoq yashayotgan Vatanimizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash, kimligimizdan qatʼi nazar, barchamizning muqaddas burchimizdir.

Hozirgi notinch va tahlikali zamonda dunyo hamjamiyati oldida turgan, insoniyat duch kelayotgan murakkab muammolar, xavf-xatarlarni birgalikda bartaraf etishda, turli tahdidlarning oldini olishda barcha ezgu niyatli insonlarni, ayniqsa, qoʻshni mamlakatlar bilan birgalikda, nufuzli xalqaro tashkilotlarning saʼy-harakatlarini birlashtirishni bugun hayotning oʻzi taqozo etmoqda. Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlarining oʻzaro doʻstligi qanchalik mustahkam boʻlsa, davlatimiz ham shuncha mustahkam boʻladi.

Millatlararo totuvlik, oʻzaro doʻstlik rishtalarini yana-da rivojlantirish haqida 2020-yil 29-dekabr kuni Prezidentimizning Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatida ham taʼkidlandi.

Parlamentga Murojaatnomada Prezidentimiz tomonidan koʻtarilgan masalalar orasida xududimizda yashab kelayotgan koʻpmillatli xalqimizning azaliy doʻstona munosabatlarini yana-da mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari shu sohada davlatimiz rahbari olib borayotgan oqilona siyosatining namunasi ekanligini yana bir karra isbotlaydi.

Oʻtgan yilgi Murojaatnomada 30-iyul – Xalqaro doʻstlik kuni munosabati bilan “Doʻstlik” haftaligini tashkil etish hamda ushbu haftalik doirasida “Doʻstlik” xalqaro forum-festivalini oʻtkazish taklifi ilgari surildi. Shuningdek “Xalqlar doʻstligi” koʻkrak nishonini taʼsis etish haqidagi tashabbus ham qoʻllab-quvvatlandi. Bu yil esa, ushbu sanani Oʻzbekistonda “Xalqlar doʻstligi kuni” deb belgilash taklifi, ilgari surilgan tashabbuslarning mantiqiy davomi boʻldi.

Mazkur masala Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 5-fevraldagi XII yalpi majlisida muhokama qilinib, maʼqullandi. Mamlakat parlamentining ikki palatasi tomonidan qabul qilinib, maʼqullangan “Xalqlar doʻstligi kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonunga Prezident imzo chekib, matbuotda eʼlon qilingan kundan boshlab yuridik kuchga kirdi.

Yangi bayram Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan rasmiy ravishda qabul qilindi va har yili mamlakatda keng nishonlanadi. “Xalqlar doʻstligi kuni”ni nishonlashdan asosiy maqsad insonlar, xalqlar, davlatlar – umuman olganda jamiyatning turli qatlamlari hamda tuzilmalari oʻrtasida hamjihatlik, bagʻrikenglik, millatlararo totuvlikni mustahkamlash va doʻstlik aloqalarini yana-da rivojlantirishga xizmat qiladi. Qoʻmitamiz, oʻz navbatida, bu bayramni yuqori darajada oʻtkazishga tayyorgarlik ishlarini boshlab yubordi.

Men oʻz navbatida barcha hamyurtlarimizni shu bayram bilan samimiy muborakbod etaman. Xalqlarning doʻstligi, inoqligidan boy narsa yoʻq. Haqiqiy doʻstlik oltindan qimmat deydilar. Xalqlarning doʻstligi davlatimizning asosiy boyligi hisoblanadi. Davlatimiz rivojiga astoydil hissa qoʻshadigan turli millat vakillarimizning oʻrni katta. Prezidentimiz tomonidan koʻtarilgan dolzarb masalalar qatorida jamiyatimizda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash vazifasiga ham alohida urgʻu berilgani bizning Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitamiz zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.

Maʼlumki, hozirgi kunda 10 milliondan ortiq vatandoshlarimiz xorijda yashab kelishadi. Bular etnik oʻzbeklar va Oʻzbekistondan chiqqan turli millat vakillaridan iborat fuqarolar. Ular tomonidan 170 ga yaqin jamiyat va tashkilotlar tuzilgan. Mamlakatimizning siyosati ular bilan yaqin aloqalarni tiklashga qaratilgan. Dunyoning koʻplab mamlakatlaridagi vatandoshlarimizga koʻmaklashish, ular bilan aloqalarimizni yana-da mustahkamlash masalalari Qoʻmitamiz tomonidan olib borilayotgan asosiy yoʻnalishlaridan hisoblanadi. Davlatimiz rahbarining “Vatandoshlar” jamgʻarmasini tuzish taklifi xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarning mavjud muammolarini bartaraf etishda, shuningdek, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda mustahkam asos boʻla oladi.

Prezidentimizning nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini joylardagi dolzarb muammolarni hal etishga qaratish taklifi tadbir ishtirokchilarining olqishlariga sazovor boʻldi. Ayniqsa, Qonunchilik palatasida nodavlat notijorat tashkilotlarining doimiy vakili institutini joriy etilishi milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari faoliyatini yana-da rivojlantirishga keng imkon yaratadi.

Bu zaminda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari “Oʻzbekiston –umumiy uyimiz!” shiori ostida birlashib, toʻyu-tantanalar, turli bayramlarni birgalikda nishonlashadi. Eng asosiysi, barcha qardosh va birodar vatandoshlarning milliy urf-odatlarini asrab-avaylash uchun zarur sharoit yaratilgan. Bugungi kunda xalq diplomatiyasi mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash, qoʻshni mamlakatlar bilan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, jamiyatda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarimizni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish rejalari ham bizning zimmamizga katta masʼuliyat yuklaydi va oldimizga qoʻyilgan rejalarimizni talab darajasida bajarishga undaydi.

Murojaatnomada koʻrsatib oʻtilgan takliflarni bajarishga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar qilamiz va bu, oʻz navbatida, jonajon yurtimizning gullab-yashnashi, hukm surayotgan millatlararo totuvlik va oʻzaro hamjixatlik muhitini yaratib beradi, bu esa Oʻzbekistonning dunyodagi ijobiy imijini yana-da oshirishga xizmat qiladi.

Rustambek QURBONOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi

huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy

mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi