Bu yoʻnalishdagi ijobiy yangilanishlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritilyapti. Shu bilan birga, hali oʻz yechimini kutayotgan, islohotlarga soya solayotgan ayrim masalalar ham bor.
Yurtimizda oʻziga xos kutubxonachilik tizimi shakllangan boʻlib, mintaqamizdagi boshqa mamlakat kutubxonalari bilan tengma-teng raqobatlasha olardi. Biroq yillar davomida moliyalashtirish masalasida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tufayli tizimni qisman boy berdik. Hali ham kech emas, lekin, avvalo, masalaning mohiyatiga chuqur yetib, yechimiga astoydil kirishish zarur.
Shu oʻrinda savol paydo boʻlishi shubhasiz: xoʻsh, kutubxonachilikdagi samarasiz transformatsiyaning sababi nimada?
Birinchidan, 2006-yili sohaga doir qabul qilingan qaror natijasida barcha kutubxonalar bir vazirlik tasarrufidan chiqdi va oʻzlari boʻysunadigan vazirlik tasarrufida axborot-kutubxona, axborot-resurs markazlari sifatida qayta tashkil qilindi. Uzoq qishloqlarda faoliyat koʻrsatadigan kutubxona filiallarining salmoqli qismi yopildi yoki birlashtirildi. Shu bilan ziyo maskanlari turli vazirlik va idoralar tasarrufidagi, yuridik maqomga ega boʻlmagan, tizimdagi bir boʻgʻim sifatida faoliyat boshladi. Bu esa kutubxonalarning mustaqil oʻz siyosatini yuritolmasligiga, ehtiyojidan kelib chiqib xizmat koʻrsatish hamda rivojlanish tendensiyalarini oʻzi belgilay olmasligiga sabab keldi.
Ikkinchidan, yagona kutubxonachilik siyosati, sohani toʻgʻri tashkil qilish va yuritishda meʼyoriy-huquqiy bazaga amal qilish tamoyili yoʻqotildi. Vazirliklarning sohani tushunib-tushunmasdan qabul qilgan qarorlari tashkiliy-huquqiy xaosni keltirib chiqardi. Kutubxona fondlarining yoʻq qilinishi yuzaga kelgan xaosning ayanchli oqibati boʻldi.
Uchinchidan, deyarli barcha kamchiliklar kutubxonalarga davlat byudjetining surunkali mablagʻi kam ajratilishi bilan bogʻliq. Axborot-resurs markazlari filiallarining yangi nashrlar bilan umuman toʻldirilmagani, moddiy-texnik bazasi shakllanmagani, mavjudlari ham yangilanmagani, binolarda kitobxonlar uchun yetarli sharoit va imkoniyatlar yaratilmagani, eʼtibordan chetda qolib ketgani kutubxonalarning toʻliq inqirozga uchrashidagi eng asosiy omil, desak toʻgʻri boʻladi. Bunday kutubxonalar faqat qogʻozdagina ishladi. Chunki aholi mavjud kitob fondini oʻqib boʻlgan, aholi, ayniqsa, yoshlar uchun esa yangi adabiyot (lotin alifbosiga asoslangan oʻzbek tilidagi) bilan toʻldirilmagan, gazeta va jurnallar obunasi umuman tashkil qilinmagan.
Professional axborot-kutubxona sohasi, yaʼni professional kutubxonachilik segmentidan tashqari kutubxonalar mavjud boʻlib, ular turli tashkilot va muassasalar tarkibida faoliyat koʻrsatadi. Mahalla kutubxonalari (koʻp hollarda maʼnaviyat burchagi, kutubxona burchagi koʻrinishida) yoshlar kutubxonalari, madaniyat uylari kutubxonalari shular jumlasidan. Ushbu tashkilotlarning ixtisosligi koʻp tarmoqli boʻlib, kutubxona uning bir boʻlagi yoki shoʻbasi sifatida faoliyat yuritishi mumkin.
Ammo kutubxonalar maqomining tashkilot ustav hujjatlarida aks etmasligi, shuningdek, kutubxonachi shtati yoʻqligi (qaysidir xodimga bu vazifani bajarish yuklatilgan), moliyalashtirish tizimining mavjud emasligi bugungi kun kutubxonalaridan talab etilayotgan vazifalarni toʻliq bajarishga xalal beradi. Kutubxonaning asosiy faoliyat olib borishi bilan bogʻliq jarayon tizimli tashkil qilinmagan. Koʻproq bunday tashkilotlarda kutubxona qoʻshimcha faoliyat yuritadi. Hamkorlikda turli tadbirlar, asosan, madaniy, hordiq chiqarishga yoʻnaltirilgan tadbirlarni tashkil qiladi.
Bunday tashkilotlardagi ziyo maskanlari faoliyati qanchalik taraqqiy etishini vaqt koʻrsatadi, biroq kutubxonaning ijtimoiy institut sifatidagi xususiyati yoʻqolmoqda. Ularda kim ishlashi, maʼlumoti har doim ham aniq emas. Professional nuqtayi nazardan aytish mumkinki, axborot-kutubxona sohasining asosiy jarayoni, jumladan, jamlash, kataloglashtirish, fondlarni saqlash, axborot texnologiyalarini qoʻllash, maʼlumotlar bazalari, uslubiy yordam, kadrlar malakasini oshirish sifati tushib ketadi. Kitob fondlari eskiradi. Tashkiliy boshqaruvdagi turli gʻovlar yagona avtomatlashtirilgan tizimni yaratish, elektron resurslardan hamkorlikda foydalanish bilan bogʻliq muammolarni keltirib chiqaradi.
2019-yil 7-iyunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Koʻpdan beri kutilayotgan ushbu hujjat asosida respublikamizda aholiga xizmat koʻrsatadigan, universal fondlarga ega tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlari tashkil qilindi. Qarorda mahalliy hokimliklarga kutubxonalar uchun bino ajratish, qurib berish, mavjudlarini qayta taʼmirlash vazifalari yuklangan edi. Biroq oʻtgan davr mobaynida respublika boʻyicha sakson-toʻqson foiz kutubxonalar uchun bino ajratish masalasi hal etilmadi. Vaholanki kutubxona yuridik maqomga ega mustaqil davlat muassasasi boʻlib, rasmiy oʻz binosiga ega boʻlishi lozim.
Bu masala naqadar muhim ekani tushunib yetilmagan. Kutubxonalar ijtimoiy institut ekani yoddan chiqarilib, ular uchun ajratilgan binoda fitnes zali, maishiy buyumlar doʻkoni, oshxona, goʻzallik saloni faoliyatiga yoʻl qoʻyilgan.
Hududlarni oʻrganish natijasi tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, joylardagi ayrim mutasaddilar kutubxonani eski kitoblar ombori deb tasavvur qiladi. Uning uchun yangi bino qurdirish, mavjudini taʼmirlatib berish oʻrniga butkul yoʻq qilinishiga sababchi boʻlmoqda. Holbuki kutubxonalarda millatning intellektual kapitali shakllanadi.
Kutubxonachilar faoliyati jarayonida byudjet mablagʻlarining surunkali yetmasligiga duch keladi. Vaholanki kutubxona fondini jamlash va saqlash, bino va inshootlarni saqlash, texnologik park va litsenziyali dasturiy taʼminotni yangilash, uzluksiz internetdan foydalanish uchun badal toʻlash, turli ijtimoiy-madaniy tadbirlarni tashkil qilish uchun yetarli mablagʻ zarur.
Tumanlarda aholining barcha qatlami uchun xizmat qiladigan axborot-kutubxona markazlarining tashkil etilishi yurtimizda axborot-kutubxona sohasining muhim jihati, desak mubolagʻa emas. Chunki ularda davr talabiga uygʻun transformatsiya jarayoni boshlangan. Hozir kutubxonada bajarilgan barcha saʼy-harakat foydalanuvchi ehtiyojini taʼminlashga qaratilgan. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, axborot-kutubxona muassasalarida boshqacha amaliyot ham boʻlgan, yaʼni ziyo maskanlari foydalanuvchi talabini shakllantirgan ham.
Mijozga qaratilgan islohot, xohlasa-xohlamasa, kishini intellektual va axloqiy rivojlanishdan maʼnaviy isteʼmolchilik tomon yetaklaydi. Biz kitob va boshqa axborot-kutubxona resurslarining ikkinchi oʻringa tushishiga yoʻl qoʻymasligimiz, kutubxonalar bora-bora dam olish maskaniga aylanib qolmasligi kerak.
Davr shiddat bilan rivojlanyapti. Axborot-kutubxona muassasalari ham bu jarayondan chetda emas. Axborot asrida axborot oluvchi manbalar koʻp. Kutubxonalar ularning orasida yoʻq boʻlib ketmay, oʻrnini qatʼiy egallashi, ijtimoiy institut sifatida saqlab qolinishi talab etiladi. Zero, kutubxona millatni tarbiyalash, olgan bilimini mustahkamlashda muhim qon tomiri ekanini doimiy isbotlashi, kerak boʻlsa, oʻz huquqlarini himoya qilishi zarur.
Umida TESHABOYEVA,
Milliy kutubxona direktori